Kontent qismiga oʻtish

Nyukasl kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nyukasl kasalligiga chalingan jo'ja

Nyukasl kasalligi- Pseudo pestis avium - Nyukasl kasalligi virus qo‘zg‘atadigan o‘ta kontagioz, o‘tkir kechadigan yuqumli kasallik bo‘lib, septitsemiya, markaziy nerv sistemasi, oshqozon-ichak va nafas a’zolarining jarohatlanishi bilan ifodalanadi[1].

Tarixiy ma’lumot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik birinchi marta 1926-yilda Kroneveld tomonidan, so‘ngra, 1927-yilda Doyl. 1928-yilda Pikard tomonidan Angliya yaqinida Nyukaslada aniqlandi[2]. 1944-1950-yillarda kasallik dunyoning qator mamlakatlarida uchradi. Ikkinchi jahon urushi yillarida Ukraina va Rossiyada qayd qilindi. Keyinchalik sobiq SSSR respublikalarida ham tarqalgan.

Iqtisodiy zarar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik o‘tkir kechganda, immun tiziming keskin tushib ketishida, birinchi marta qayd qilinganda yosh jo‘jalar 100 foizgacha nobud bo‘lgan. Ona tovuqlar ham 70-100 foiz atrofida o‘ladi. Bundan tashqari, emlash ishlarini amalga oshirish uchun ko‘p miqdorda vaksina talab etiladi. Karantin chora-tadbirlarini o‘tkazish uchun ham katta mablag‘ zarur. Bularning hammasi parrandachilik xo‘jaliklariga juda katta iqtisodiy zarar keltiradi.

Qo‘zg‘atuvchisi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yovvoyi o'rdak; Nyukasl kasalligi

Paramiksovirus-polimorf virionlari, ipsimon, tayoqchasimon, raketka shaklidaga virus. U odam, qoramol, cho‘chqa va yilqilarning eritrotsitlarini agglyutinatsiya qiladi. Tashqi muhit sharoitlariga ancha chidamli, past haroratda konservatsiya bo‘ladi. Muzlatilgan tovuq go‘shtida 6 oygacha, 20°C da esa bir yilgacha yashaydi. 65-70°C da 30 minutda, 100°C da esa bir sekund ichida o‘ladi. Atrof muhitning 18-20 °C haroratida oylab yashay oladi. Tovuq patlarida 18 kun tirik saqlanadi, tuxumda esa muzlatgich sharoitda yillab yashayveradi. Virus 9-10 kunlik tovuq embrionida yaxshi rivojlanadi.

Epizootologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nyukasla kasalligaga birinchi o‘rinda tovuqlar moyil bo‘ladi. Kurkalar ham kasallanadi. Lekin bu tur parrandalarda har doim ham kasallik tipik holatda namoyon bo‘lavermaydi. Tabiiy sharoitda, yoshidan va zotidan qat’iy nazar, hamma parrandalar kasallanadi. Kasallik yilning har qanday faslida ham uchrayveradi. Sun’iy kasallikka chumchuq, to‘ti, evvoyi o‘rdaklarda moyillik ancha kuchli. Virus organizmga har xil yo‘llar bilan kiradi. Asosiysi respirator va alimentar yo‘l hisoblanadi. Virus organizmga tushgach, shilliq pardalar orqali qonga o‘tib, so‘ngra kasallik qo‘zg‘atadi. Kasallik asosan tashqaridan keltirilgan parranda, pat yoki nosog‘lom xo‘jaliklardan keltirilgan tuxum orqali yuqadi. Ba’zan xo‘jalikning o‘zidagi virus tashuvchilar, shuningdek virus ajratib turuvchi ob’ektlar orqali ham yuqishi mumkin. Kasal parranda kasallik qo‘zg‘atuvchisining asosiy manbai hisoblanadi. Kasallik bevosita kontakt yo‘li bilan va zararlangan ob’ektlar orqali ham yuqadi. Kasallikning tarqalishida zararlangan tuxumlar, atrofidagi sog‘lom parrandalar uchun o‘ta xavflidir[3]. Nosog‘lom xo‘jalikda saqlangan ozuqa mahsulotlari ham kasallik tarqalishiga sabab bo‘ladigan omillardandir. Kasallik epizootiya holatida kechib, birinchi marta qayd qilingan xo‘jalikka juda katta talofat keltiradi. 2-5 kun ichida 70-100 foizgacha parranda kasallanadi. Agar shaxsiy xo‘jaliklarda qayd qilinsa, bir qishloqdan ikkinchi qishloqqa yoki hovliga o‘tib ketaveradi va tovuqlar «qirg‘inga» uchraydi.

Virus organizmga tushgach, septitsemiya paydo qiladi. Boshqa organlarga tarqalib, rivojlanish jarayonida toksin ajratadi. Bu esa o‘z navbatida qon tomirlar devoriga ta’sir etib, yallig‘lanish-nekrotik jarayonni keltirib chiqaradi. Qon sizilib chiqa boshlaydi, giperemiya va qon quyilish ro‘y beradi. Yurak muskullari distrofik-degenerativ o‘zgarishga uchrab, uning faoliyati buziladi. Bundan tashqari, taloq, jigar, buyrak, oshqozon-ichak va bosh miyada ham jarohatlanish kuzatiladi[4].

Kechishi va klinik belgilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallikning yashirin davri 1-5 kun, ba’zan bir hafta davom etishi mumkin. Nyukasla kasalligida klinik belgilarning namoyon bo‘lishi asosan organizmda immunitetning mavjudligiga bog‘liq. Immunitet yo‘q parrandalarda kasallik og‘ir o‘tadi. Bu holat ayniqsa yosh jo‘jalarda kuchli namoyon bo‘ladi. Ular butunlay holsizlanadi, nafas olish qiyinlashadi. Nafas olganda og‘zini ochib bo‘ynini cho‘zadi, o‘ziga xos tovush chiqaradi. Kasallik boshlangach, birinchi 4-5 kunda talofat kuchli bo‘lib, 80-100 foizgacha etishi mumkin. 8-10 kundan keyin esa kamayadi. Asab sistemasining buzilishi kuzatiladi, boshda tremor holati yuzaga kelib, qanot va oyoqlar falajlanadi. Bo‘yni orqaga qayrilib qoladi, ba’zan ko‘krakga egilgan bo‘ladi. Katta yoshdagi tovuqlarda ham yuqoridagidek holat yuzaga kelib, immunizatsiya qilinmaganlarda juda og‘ir kechadi. Tuxumi keskin kamayib ketadi. Haddan tashqari holsizlanib, ko‘zini yumib, cho‘nqayib turadi, mudroq bosadi[5]. SHuning uchun ayrim qishloqlarda bu kasallik «cho‘nqaymish» deb ataladi. Ozuqaga intilmaydi. Esnagandek bo‘lib, asabi buziladi va ichi ketadi. Immunizatsiya qilinmagan parrandalarda diareya va nafas olishning og‘irlashish hollari kuza-tiladi. Ichi yashilsimon, qon aralashgan bo‘ladi. Qanot va oyoqlari falajlanib, o‘lim 90-100 foizgacha boradi.

Patologoanatomik o‘zgarishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Oshqozondan qon ketishi; o'n ikki barmoqli ichakning yallig'lanishi (shilliq qavatning tashqi ko'rinish)

O‘ta o‘tkir kechganda patologoanatomik o‘zgarishlar ro‘y-rost namoyon bo‘lmasdan, shilliq pardalarga qon quyilishi mumkin. O‘tkir kechganda esa toj ko‘kimtir bo‘lib, terida qon quyilish hollari ko‘zga tashlanadi. SHilliq pardalarda kuchli qon quyilish, boshning teri osti kletchatkasi, bo‘yin, ko‘krakda shish bo‘ladi. Jig‘ildonda havo to‘planib, ozuqa hazm bo‘lmagach, u eskirib, to‘xtab qolishi natijasida, yoqimsiz qo‘lansa hid chiqib turadi. Muskul va oshqozon bezining chegarasida kuchli qon quyilish kuzatiladi. Ichakning limfoid follikulasida epikard ostida ham qon quyilgan bo‘ladi. Taloq bir oz kichrayadi. O‘pka qonga to‘lib, sal shishadi va pnevmoniya o‘choqlari yuzaga keladi. Miya qon tomirlari shishib, miyaga qon quyilishi kuzatiladi.

Nyukasla kasalligiga diagnoz qo‘yish uchun kasallikning epizootologiyasi, klinik belgilari va patologoanatomik o‘zgarishlari hisobga olinadi. Bundan tashqari, laboratoriya sharoitida virus ajratib olinib, identifikatsiya qilinadi. Bu jarayon RTGA yordamida maxsus giperimmunli qon zardobi bilan amalga oshiriladi. Virusni ajratish uchun kasal yoki o‘lgan parrandalarning taloq yoki bosh miyasidan 10% li suspenziya tayyorlanadi. Minutiga 1500 marta aylanadigan sentrifugada aylantirilib, bir soat tinitiladi. Keyin suspenziyaga 1000 TB penitsillin va 1000 mg streptomitsin qo‘shib, 9-10 kunlik embrionga yuqtiriladi. 72 soatdan keyin RGA bilan gemagglyutinin borligi, RTGA bilan immunitetning darajasi diagnostik antigen bilan (N’yukasla kasalligaga qarshi ishlatiladigan har qanday vaksina ham mumkin) RTGA usulini qo‘llab aniqlanadi. Immunizatsiya o‘tgach, 5-6 oydan keyin qon zardobi tarkibida antiteloning yuqori titrda saqlanib turishi organizmda virusning dala shtammasi borligidan darak beradi.

Parrandachilik xo‘jaliklariga faqat sog‘lom xo‘jaliklardan parranda va tuxum keltirishga ruxsat etiladi. Parrandachilik xo‘jaliklariga kiradigan transport vositalarini dezinfeksiya qilish zarur. Ozuqa sexi va omborlariga har xil yovvoyi parrandalarning uchib kirishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Har bir partiya jo‘ja chiqarilganda dezinfeksiya o‘tkaziladi. Tevarak atrofdagi xo‘jaliklarning N’yukasla kasalligi bo‘yicha epizootik holati kuzatilib va o‘rganib boriladi. Reja bo‘yicha vaksinatsiya o‘tkazib turilishi shart. Kasallik chiqqach, darhol diagnozi aniqlanib, karantin e’lon qilinadi. Karantin sharti bo‘yicha jo‘ja ochirib sotish, parrandalarni boshqa xo‘jaliklarga berish, tuxum chiqarish qat’iy man etiladi. Hamma klinik kasal parrandalar yo‘q qilinadi. Parrandachilik fabrikalari, davlat, jamoa va boshqa xo‘jaliklar hamda davlat veterinariya muassasalari tarmoqlaridagi veterinariya mutaxassislari quyidagi ishlarni bajarishlari shart:

  • parrandachilik xo‘jaliklari, aholi punktlarida maxsus veterinariya tadbirlarini (kasallikning oldini olish uchun emlash, diagnostik tekshirishlar) amalga oshirish hamda parrandalar holatini muntazam ravishda tekshirib boriladi.

Tashqi havolalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]