Noʻgʻay karvonsaroyi
Noʻgʻay karvonsaroyi | |
---|---|
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Madaniy meros yodgorligi |
Turi | Karvonsaroy |
Joylashuvi | Buxoro viloyati |
Manzili | Bahouddin Naqshband koʻchasi |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1720-yil |
Qurilishi tugagan | 1721-yil |
Noʻgʻay karvonsaroyi — Oʻzbekistonning Buxoro shahri tarixiy markazida joylashgan madaniy meros yodgorligi. Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan[1]. Karvonsaroy Toqi Sarrofon savdo gumbazining gʻarbiy peshtoqiga tutashgan[2].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Noʻgʻay karvonsaroyi Sarrofon meʼmoriy majmuasining gʻarbiy qismida joylashgan. Noʻgʻay karvonsaroyi Qulbobo Koʻkaldoshga tegishli boʻlgan va keyinchalik yonib ketgan Soʻxta karvonsaroyi oʻrnida 1720—1721-yillarda bunyod etilgan. Maʼlumotlarga koʻra, binoning 1-qavatida savdogarlar faoliyat yuritgan boʻlsa, 2-qavatida choponlar tikilgan. Gazli zilzilasidan soʻng 1976—1977-yillarda 2-qavati buzib tashlangan. Hozirda uning hujralaridan hunarmandchilik ustaxonalari, esdalik buyumlar doʻkonlari va offislar sifatida foydalanilyapti[2]. Buxoro xonligida savdoning rivojlanishida Sarrafon hududida ikkita yirik karvonsaroy qurilishi va taʼmirlanishi katta ahamiyatga ega boʻlgan. Karvonsaroylar qurilishi savdo-sotiqni rivojlanishiga olib kelgan[3]. Noʻgʻay karvonsaroyiga oid vaqf hujjatlari saqlanib qolgan. Karvonsaroy ikki qavatli boʻlib, katta ichkari hovlidan iborat. Vaqf hujjatlarida karvonsaroy bilan bogʻliq sarf-xarajat va mablagʻlar toʻgʻrisida maʼlumot keltirilgan. Karvonsaroyning bosh shimoliy qismida kirish-chiqish yoʻlagining ikki tomonida hunarmadchilik va savdo rastalari joylashgan. Darvoza yuqorisidagi peshtoq sopol koshinlar bilan bezatilgan. Noʻgʻay karvonsaroyi qaytadan qurilgan boʻlsada, Koʻkaldosh madrasasi vaqf mulkiga aylantirilgan. XIX asr boshlarida karvonsaroy ijarachisi Koʻkaldosh madrasasi uchun 240 tilla tanga mablagʻ ajratgan[4]. Hozirgi kunda masjid Bahouddin Naqshband koʻchasida joylashgan.
Meʼmorchiligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Karvonsaroy peshtoqi tepasida sopol koshinlar bilan bezaklar berilgan. Mazkur yovuzda naqshinkor gireh usulida nastaʼliq xatida qurilgan xronogrammasi saqlanib qolgan. Mazkur kitoba 40x40 sm oʻlchamga ega va kitoba ikki qator qilib keltirilgan. Mazkur kitobada „Ba ehtimomi bulbuli vafodor“ misrasidagi „ba ehtimoli mehtar“ birikmasidan abjad hisobiga koʻra hijriy 1134-yil (milodiy 1721—1722) kelib chiqqan. Tadqiqotchilarning fikriga koʻra ushbu bitik boshqa meʼmoriy obidadan olib oʻrnatilgan boʻlishi ehtimoli mavjud[5]. 1976—1977-yillardagi Gazlida boʻlib oʻtgan zilzila natijasida karvonsaroyning ikkinchi qavati butunlay buzib yuborilgan. Karvonsaroy kirish eshiklari yogʻochdan boʻlib, turli bezaklar bilan bezatilgan. Noʻgʻay karvonsaroyi pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan bunyod etilgan[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz (2019-yil 4-oktyabr). Qaraldi: 2022-yil 16-yanvar.
- ↑ 2,0 2,1 „Караван-сарай Ногай“. Rusrav.uz (2018-yil 17-yanvar). Qaraldi: 2022-yil 16-yanvar.
- ↑ Бухоро шарқ дурдонаси 1997, s. 54.
- ↑ 4,0 4,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 423.
- ↑ Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 425.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Абдухолиқов Ф, Ртвиладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6.
- Азизхўжаев А Масъул муҳаррир. Бухоро шарқ дурдонаси. Tошкент: Шарқ нашриёти, 1997 — 232-bet.