Nosirbek Abdurahimov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nosirbek Abdurahimov
Tavalludi 1890-yil
Fuqaroligi Buxoro amirligi
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi
O‘zbekiston SSR
Kasbi Miroxoʻr, Toʻqsoba
Faoliyat yillari 1912-1932
Turmush oʻrtogʻi Zaynab Magomedova
Otasi Abdurahimbiy

Nosirbek Abdurahimov (1890-yil Buxoro — ?) Buxoro amirligida miroxoʻr, toʻqsoba lavozimlarida ishlagan.

Nosirbek Abdurahimov 1890-yilda Buxoro shahridagi Oqmachit guzarida tugʻilgan. Otasi Abdurahimbiy Zandana kentining yirik yer egalaridan boʻlgan, shaharga hokimlik ham qilgan. Nosirbek dastlab eski maktabda, soʻng madrasada tahsil olgan. Madrasa taʼlimini tugatgach, amir uni qoʻshin qorovulbegi etib tayinlaydi. 1913-yilda otasi vafot etadi. Shundan keyin miroxoʻr lavozimiga ishga olinadi. 1916-yilda amir uni toʻqsoba lavozimiga tayinlab, Buxoro shahar mudofaasini topshiradi. 1918-yili Nosirbek Abdurahimov Kolesov uyushtirgan hujumga qarshi, 1920-yilning avgusti oxirida sovet armiyasiga qarshi janglarda oʻz askarlari bilan ishtirok etadi. Biroq zamonaviy qurollar bilan qurollangan dushman kuchlari oldida amir qoʻshini ojiz boʻlgan. Natijada amir dodxohlari maxfiy sur’atda bir guruh harbiylarga amirni poytaxtdan olib ketib, Sharqiy Buxoroga yetkazishni, qolgan qoʻshinga esa vaqtdan yutish uchun dushmanni chalgʻitib mudofaa janglari olib borishni buyuradi. Toʻqsoba Nosir Abdurahimov maʼlum lashkar bilan amir Olimxonni avval Dushanbega, undan keyin Afgʻonistonga olib boradi. Biroq Afgʻoniston hukumati shoʻrolar bilan kelishib, avval vaʼda qilgan harbiy yordamdan qochadi. Faqat amir Olimxonning tinchligini kafolatlab, u bilan kelgan harbiy mulozimlarni ortga qaytishga daʼvat qiladi[1].

Bu paytda Nosirbek toʻqsoba Kobuldagi Rastag bozoriga oʻrnashib, amirni qoʻriqlashni maqsad qiladi. Savdogarlik bilan shugʻullanadi. Afgʻon hukumati amir Olimxonning harbiy mulozimlariga nisbatan siquvni kundan-kunga oshirib boradi. Ularni tutgan zahoti otib tashlashgacha borib yetdi. Shunday sharoitda amir Olimxon askarlari qasamyodini bekor qilib, kim qayerni xohlasa oʻsha yerga ketishi mumkinligini aytadi. Nosirbek Abdurahimov Abdujabborbek, Doniyorbek toʻqsobalar bilan maslahat qilgan holda, umumiy avf haqidagi farmonga ishonib, 1923-yil Buxoro Xalq Sovet Respublikasiga qaytadilar. Fayzulla Xoʻjayev boshchiligidagi hukumat dastlab mol-mulklarining maʼlum qismini qaytaradi. Biroq vaziyat boshqacha tus oladi.

Nosirbek Abdurahimov 1925-yilning 14-aprelida aksilinqilobiy faoliyat yuritishda ayblanib hibsga olinadi. 1925-yilning 4-sentabrida OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 61-, 67-, 69-moddalari asosida 3 yil muddatga Soloves lageriga surgun qilinadi. Nosirbek Abdurahimov umrining 3 yilini Solovesda, yana 3 yilini Koʻstanadagi sovetlarning lagerida oʻtkazdi. 1934-yilda Buxoroga qaytadi. Nosirbek toʻqsoba Abdurahimov bir muddat sogʻligʻini tiklab olgach, Buxoro shahridagi „Oʻzbekiston“ mehmonxonasiga qorovul boʻlib ishga joylashadi. Shu mehmonxona xizmatchisi boʻlgan Zaynab Magomedova bilan tanishib, unga uylanadi.

Nosirbek Abdurahimov 1937-yilning 15-noyabrida yan hibsga olinadi. Ayblov xulosasida esa Nosirbek Abdurahimov „sovetlar bizni aldadi, hattoki konstitutsiyasida ham diniy erkinlik yoʻq-ku“ degan fikrlarni aytib[2], sovetlarga qarshi tashviqot olib borgan degan ayblov qoʻyiladi. 1937-yil 28-noyabr kuni OʻzSSR Jinoyat Kodeksining 66-moddasi bilan 10 yilga mehnat tuzatish lageriga surgun qilinadi. Keyingi taqdiri nomaʼlum.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Bahrom Irzayev „Ularning “aybi” vatanni sevgani edi“ (2022-yil 17-mart). Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.
  2. Баҳром Ирзаев „Қатағон қурбонлари: Носирбек тўқсабо Абдураҳимов“. azon.uz (2022-yil 24-yanvar). 2023-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 27-iyul 2023-yil.