Nabi Gʻaniyev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gʻaniyev Nabi (1904 - Toshkent -1953.29.10) — kinorej., oʻzbek kinosining asoschilaridan. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1944). Moskvadagi Oliy davlat badiiy-texnik ustaxonasining rabfakida oʻqigan (1921—25). 1925 yil Toshkentda kinostu-diya ishga tushirilgach, Gʻ. Toshkentga qaytadi va umrining oxirigacha shu kinostudiyada ishlaydi. Atrofiga iqtidorli yoshlarni toʻplab, ularga kino haqida koʻproq maʼlumot berish maqsadida "Kinoaktyor" va "Kinosse-nariy" kitoblarini yozadi, "Oʻzbekiston kino doʻstlari" jamiyatini tuzadi, kinotexnikum (hozirgi Gʻ. nomida) ochilishida faollik koʻrsatadi. Avval aktyor, konsultant, rejissyor yordamchisi boʻlgan, asosiy rejissyorlik faoliyatini 30-yillar boshlagan. Uning "Yuksalish", "Ramazon", "Yigit" filmlari oʻzbek badiiy kinosining shakllanishida muayyan bosqich yoʻlini oʻtadi.

Ikkinchi jahon urushi yillari Gʻ. "Biz yengamiz" filmi suratga olinishida qatnashdi va "Dovyurak doʻstlar" filmini yaratdi. Keyinchalik unga katta shuhrat keltirgan va oʻzbek kinosining durdonalaridan boʻlgan "Tohir va Zuhra" (1944), "Nasriddinning sarguzashtlari" (1947), "Fargʻona qizi" (1948) kabi filmlarni ekranlashtirdi.

1949—52 yillar davomida yaratgan "Qoraqalpoq diyorida", "Fargʻona vodiysi", "Kanash", "Oʻzbek raqsi ustalari" kabi hujjatli filmlarida respublika mehnatkashlari hayoti, mehnati, sanʼatini ulugʻladi. Gʻ. ijodi oʻzbek kino sanʼati shakllanishi va taraqqiy etishida katta rol oʻynadi. Vafotidan soʻng "Buyuk xizmatlari uchun" ordeni bilan mukofotlangan (2001). Toshkent koʻchalaridan biriga Gʻ. nomi berilgan.[1]

Ad.:Abulqosimova X., Nabi Gʻaniyev, T, 1967.

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil