Mulk huquqi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mulk huquqi – moddiy neʼmatlarning aniq bir shaxslarga tegishliligi (oʻzlashtirilganligi)ni mustahkamlovchi, tartibga soluvchi va muhofaza qiluvchi normalar yigʻindisi; fuqarolik huquqining asosiy tartibotlaridan biri. Oʻzbekiston Respublikasi FKga koʻra, mulk huquqi shaxsning oʻziga qarashli mol-mulkka oʻz xohishi bilan va oʻz manfaatlarini koʻzlab egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish, shuningdek, oʻzining Mulk huquqini, kim tomonidan boʻlmasin, har qanday buzishni bartaraf etishni talab qilish huquqidan iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga[1] binoan, „har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli“. Oʻzbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi. „Oʻzbekiston Respublikasida mulkchilik toʻgʻrisida“gi qonun[2] (1990-yil 31-oktabr) asosida bozor munosabatlarining tashkil topishi uchun iqtisodiy manba hisoblangan xususiy mulkchilikka yoʻl ochildi. Xususiy mulkchilikning rivojlanishida „Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida“gi qonun[3] (1991-yil 19-noyabr) muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu qonunga asosan shoʻrolar davridagi davlat mulkining hukmronlik qilishiga barham berildi, xususiy mulkning tashkil topishi uchun imkoniyat yaratildi. Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi FKda mulkni oʻtmishda sotsialistik jamiyatning sinflarga boʻlinishiga asoslanib (davlat, kolxozkooperativ, shaxsiy) shakllarga ajratilishiga va qaysi shaklda, kimga tegishliligiga qarab oʻrnatilgan tengsizlikka barham berildi. Shoʻrolar davrida mulk egalarining huquklari tegishli qoidalarda, shuningdek, amaliyotda ham doimo cheklanib kelingan. Endilikda mulk egasiga tegishli boʻlgan mol-mulkni turli sabablar va har xil yoʻl bilan davlat idoralari va mansabdor shaxslar tomonidan olib qoʻyilishi, mulkdan erkin foydalanish uchun toʻsqinliklar vujudga keltirilishi gʻayriqonuniy hisoblanadi. Mulk huquqi muddatsizdir. Mulk egasi oʻz mulkidan abadiy foydalanish, uni xohlagan vaqtida tasarruf etish huquqiga ega[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI“. Lex.uz. Qaraldi: 1-oktabr 2023-yil.
  2. „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MULKCHILIK TO‘G‘RISIDA“. Lex.uz. Qaraldi: 1-oktabr 2023-yil.
  3. „DAVLAT TASARRUFIDAN CHIQARISH VA XUSUSIYLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA“. Lex.uz. Qaraldi: 1-oktabr 2023-yil.
  4. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil