Mir Bekoybiy masjidi
Mir Bekoybiy masjidi — Qarshi masjidi. Mir Bekoybiy masjidi XVI asrda pishiq, gʻishtdan oliy gumbazli qilib qurilgan. Ajoyib ayvoni unga yanada, koʻrk bagʻishlab turgan. Mir Bekoybiy Abdullaxonning zamondoshi edi[1]. Ushbu masjid vaqfli boʻlib, unga doir ikkita hujjat saqlanib qolgan. Bu hujjatlar Amir Shohmurod davrida tuzilgan va uning muhri bilan tasdiqlangan. Hujjatning asl nusxasi saqlanib qolgan. Nastaliqda yozilgan, tili forsiy. Birinchi hujjatda yozilishicha: "hijriy 1211-yili robbiul avval oyi oxirida Oybibi Kenjaboy qizi Mir Bekkibiy masjidi uchun Kamolon mavzesida joylashgan uch chorak tanob yerini shar’iy tarzda vaqf qiladi. Mazkur vaqf mulkiga vaqf qiluvchining yaʼni voqifning togʻasi Qurbon shayx Niyoz Mudammad mutavalli etib tayinlanadi". U vafot etsa, bu vazifani masjid imomi bajaradi. Hosil ham avval imorat ehtiyojiga sarflanadi. Soʻngra mutavalli ushr haq oladi. Qolgani uch qismga taqsimlanib, uning 2 hissasi imomga va 1 hissasi muazzinga berilgan. Bu hujjatdan tashqari: „Hijriy 1212-yili shavvol oyi oxirida Mahmudbek Muhammad Sodiq bakovul oʻgʻli Zogʻza mavzesida bir boʻlakdan iborat uch va chorak tanob xurri xolis yerini Mir Bekkibiy masjidi uchun shar’iy tarzda vaqf qilishga qaror qiladi“. Mir Bekoybiy masjidi el orasida nihoyatda maʼlum va mashhur boʻlgani sababli ikkala hujjatda ham oʻrni koʻrsatilmagan. Masjid Xiyobon darvozasidan Registonga kelishda chap tarafda joylashgan boʻlgan. Masjid gumbazlarni nihoyatda chiroyli boʻlgan. Mazkur masjid vaqf mulkiga voqifning oʻzi mutavvali boʻlgan. Soʻngra bu vazifani uning oʻgʻil avlodlari davom ettiradi. Ularda uzilish boʻlsa, maboda hech kim qolmasa, masjid imomi qozi bilan kelishgan holda bu ishni bajargan. Vaqf mulkidan mutavalli ushr haq olgan. Qolgani masjid imorati ehtiyojiga ishlatilgan. Undan ortgani ikki qismga taqsimlanadi va uning bir qismi masjid imorati toʻshamchilari va uni yoritishga sarflanadi. Ikkinchi boʻlak yana uch qismga boʻlinib, imom undan 2 va muazzin 1 hissa ulush oladi. Mir Bekoybiy masjidi ham inqilob davrlarida vayron qilingan[2].