Mimoza torti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mimoza torti (italyancha: torta mimosa) — 1950-yillarda Rietida yaratilgan italyan shirinligi[1]. Tortga uning yuzasiga sepilgan mayda biskvit bo‘laklari mimoza gullariga o‘xshaganligi uchun shunday nom berilgan. Gulning Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan bog‘liqligi sababli, tortdan ko‘pincha bu bayramni nishonlash uchun foydalaniladi.

Kelib chiqishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Retseptni Latsiodagi Rieti shahri markazidagi restoran egasi San-Filippo-di-Kontilyanolik bosh oshpaz Adelmo Rensi o‘ylab topgan. 1962-yil may oyida bosh oshpaz San-Remodagi qandolatchilar tanlovida qatnashib, gullar shahriga hurmat sifatida mimoza tortini sovg‘a qilgan va g‘olib bo‘lganida tort mashhurlikka erishdi. Biroq, Rensi foydalangan asl retsept hech qachon oshkor etilmagan[2].

Tarkibi va tayyorlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Totrning mimozaga qiyoslanishi uning tashqi ko‘rinishi bilan bog‘liq bo‘lib, u biskvit bo‘lakchalari tortning yuzasiga mimoza gulining shakliga o‘xshatib sepilishi bilan hosil bo‘ladi. Tort biskvitni bo‘ylamasiga ikki qatlamga kesib, ichki qismini olib tashlash yo‘li bilan tayyorlanadi, keyin bu ichki qism butunlay maydalanadi va „mimoza effekti“ yaratish uchun foydalaniladi.

Biskvitga Marsala yoki Maraskin, yoki ananas sharbati kabi shirin likyor shimdirilishi mumkin. Ichiga solinadigan masallig‘i qaynatib tayyorlangan kremdan iborat bo‘lib, unga ko‘pirtirilgan qaymoq yoki murabbo qo‘shilishi mumkin. Yangi yoki konservalangan mevalardan ham foydalaniladi.

Bundan tashqari, biskvitni bir nechta qavatga kesish va ularning har biriga krem surtib tortni toʻplash va ustiga oxirgi boʻlakni maydalab sepish mumkin[3].

Tort sirtiga sepiladigan maydalangan biskvit bo‘laklarining rangini kuchaytirish uchun, garchi bu qatʼiy talab qilinmasa ham, siz ozgina zarchavadan foydalanishingiz mumkin[4].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Torta Mimosa, il fiore più dolce che c'è“ (it-IT). La Cucina Italiana (2021-yil 3-mart). Qaraldi: 2022-yil 26-aprel.
  2. „Rieti, la mimosa dello chef Renzi rilanciata dalla televisione giapponese“ (it). www.ilmessaggero.it (2015-yil 6-mart). Qaraldi: 2022-yil 26-aprel.
  3. Italyanskiy tort Mimoza
  4. „Torta mimosa“ (it-IT). Casa e Giardino (2022-yil 6-mart). Qaraldi: 2022-yil 26-aprel.