Merkitlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Merkitlar, markitlar, makritlar — Markaziy Osiyoda oʻrta asrlarda yashagan eng jangovar va koʻp sonli qabilalardan biri. 12-a. oxiri — 13a. boshlarida Selenga daryosining boʻylarida M.ning 3 qabilaviy ittifoqi (uduit, kaat va uvas) mavjud boʻlgan. Uduit — M. 4 uruqqa boʻlingan: uykur, mudan, tudakli va jiyun. Ularning xoni Toʻqtabegi (Toʻxtabiki) boʻlgan. M. yaqin qoʻshnilari — keray-m/ilar, tatarlar va moʻgʻullar (xitoycha munglar) bilan doim urushib turgan. Hujumlarning birida ular Chingizxonning xotini Borteni asirga olishgan. Keyinchalik kerayitlar xoni Vanxon Toʻgʻril Borteni Chingizxonga qaytarib yuborgan. M. 1204 y.da Chingizxon tomonidan butunlay tormor etilgan. Chingizxonning suyukli xotinlaridan biri — Kulon xotun M.dan boʻlgan. 13-a.da M.ning maʼlum qismi Movarounnahrga koʻchib oʻtgan va keyinchalik Amir Temur qoʻshinlari tarkibida harbiy yurishlarda qatnashganlar. M.ning qolgan qismlari turli xalqlar: moʻgʻul, qozoq, qirgʻiz, oʻzbeklarning tarkibiga singib ketishgan. M. kerayitlar bilan aralashib oʻzbeklarning kenagas urugʻi tarkibiga, argʻin va baʼzi turkman urugʻlari bilan aralashib oʻzbeklarning laqay urugʻi tarkibiga qoʻshilgan. 1926 y. Turkmanistonning Chorjoʻy tumanida 2780 merkit qayd etilgan.

Ad:. Rashid-addin, Sobraniye letopisey,t. 1, ch.1, M., 1952; Sultonov T. S, Kochevie plemena Priaralya v 15—17 vv., M., 1982; Tataromongoli v Azii i Yevrope, M., 1977.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil