Mavlono Sohibdoro Fasihiddin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavlono Sohibdoro Fasihiddin (15–16-asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan shoir, Alisher Navoiyning yaqin suhbatdoshi[1].

Navoiy vafotidan soʻng Husayn Boyqaro kutubxonasiga dorugʻa (boshliq) etib tayinlangan. Xondamir “Habib us-siyar”da Sohibning asli Astaroboddan ekanligi, shatranj bobida xoh kabir, xoh sagʻir boʻlsin hozirona va gʻoyibona tarzda yuksak mahorat bilann oʻynar edi, deb taʼkidlaydi[2].

“Majolis”ning ikkinchi tarjimoni Muhammad Qazviniy Mavlono Sohibdoro Fasihiddinning insho fanida mohir boʻlganini qayd etadi va safar chogʻida Navoiy va Sohib oralarida oʻtgan bir hazil-mutoyibani keltiradi. Qazviniy Mavlono Sohibdoro Fasihiddinning Navoiy vafoti munosabati bilan yozgan mutavaffiyot taʼrixining (har bir bandi 8 baytli, 5 band) toʻla matnini ham beradi. Bu mutavaffiyotning birinchi misrasidan abjad hisobida Navoiy tugʻilgan yil (844h.q/1440–1441m.), ikkinchi misrasidan esa vafot etgan yili (906/1500–1501y) kelib chiqadi. Ushbu mutavaffiyot taʼrixida ham raqamlarga rioya qilingan, ham mazmun va gʻoyaga mos teran soʻz, badiiy taʼsirchanlikka eʼtibor qaratilgan. Taʼrix quyidagi matlaʼ bilan boshlanadi:

Ey falak, bedod-u berahmi bad-in son kardayi,

V-ey ajal, mulki jahonro boz vayron kardayi.

(Mazmuni: Ey falak, shu yangligʻ bedodligʻ va berahmlik qilding. Vey ajal, jahon mulkini yana vayron qilding).

“Badoeʼ ul-vaqoeʼ” muallifi Zayniddin Vosifiy Mavlono Sohibdoro Fasihiddinning ota tomonidan oʻziga qarindoshligi, Mavlono Sohibdoro Fasihiddin nomidan Navoiy hamda uning zamondoshlari haqida aytilgan bir turkum hikoyatlarni keltiradi. Mavlono Sohibdoro Fasihiddin Muhammad Shayboniyxon Naxshabdan chiqib, Hirotni bosib olgani munosabati bilan ham qasida-taʼrix yozgan. Navoiy uning nomini “Majolis un-nafois”ning uchinchi majlisida tilga olib, yaxshi sheʼriy tabʼga egaligi, gʻoyibona (koʻrmasdan turib) shatranjni yaxshi oʻynashi, muammoni yaxshi aytishi va yechishi, tabiatida bir oz savdoyilik borligi haqida maʼlumot beradi. “Majolis un-nafois”da uning “Poyanda” ismiga bitgan muammosi va quyidagi bayti keltirilgan:

Doʻston, to kay ba koʻyash manʼam az raftan kuned,

Tarki raftan chun naxoham kard, tarki mani kuned.

(Mazmuni: Ey doʻstlar, tokaygacha menga yor koʻchasiga borishni manʼ qilasiz, borishni tark qilmayman, undan koʻra mendan kechib qoʻya qoling)[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Xondamir. Habib us-siyar. 
  3. Majolis un-nafois.