Mavlono Hasanshoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavlono Hasanshoh – fors-tojik tilida ijod qilgan xurosonlik shoir[1].

Xondamir “Habib us-siyar”da uning nozik isteʼdodi, shirinsuxanligi, har qanday majlisga fayz kirita oladigan suhbatdosh ekani haqida maʼlumot beradi[2]. Zayniddin Vosifiyning “Badoeʼ ul-vaqoeʼ” asarida keltirilishicha, bir kuni Mavlono Hasanshoh roʻzgʻordan qiynalib, oʻgʻliga: Alisher Navoiyga borib, otam oʻldi, degin. Pul bersa yegulik narsalar xarid qilib kel”, deydi. Navoiy uning oʻgʻliga 30 xoniy pul beradi va achinib tasalli aytadi. Ertasi kuni Mavlono Hasanshoh Navoiy huzuriga kirib keladi. Navoiy uni koʻrib rosa kuladi va deydi: “Ey Mullo, siz oʻlib edingiz-ku, bu nimasi?” Mavlono Hasanshoh javob beradi: Agar kecha pul bermaganingizda oʻlgan boʻlardim”[3].

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”ning uchinchi majlisida uning nomini tilga olib, eski shoirlardan ekani, Shohrux Mirzodan to shu zamongacha koʻp­lab sulton va martabali kishilarga ham madhiya, ham marsiya bitganligini aytadi. Tazkirada Mavlono Hasanshohning quyidagi matlaʼsi keltirilgan:

Az labat yak suxan bixoham guft,

Suxane z-on dahan bixoham guft[4].

(Mazmuni: Labing toʻgʻrisida bir soʻz ayt­moq istayman. Ul ogʻiz haqida birgina soʻz aytmoq istayman[1]).

Xondamirning maʼlumot berishicha, Amir Sulton Ibrohim Aminiy degan shoir Mavlono Hasanshohning vafotiga bagʻishlab qitʼa-taʼrix yaratgan. Unga koʻra Mavlono Hasanshoh hijriy 907-, milodiy 1502—1503-yilda vafot etgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Xondamir. Habib us-siyar. 
  3. Zayniddin Vosifiy. Badoeʼ ul-vaqoeʼ. 
  4. Alisher Navoiy. Majolis un-nafois.