Masʼud Shirvoniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Masʼud Shirvoniy (XV asr) – fors-tojik tilida ijod qilgan shirvonlik shoir. Hirotga kelib, ilmi kalom, mantiq va falsafa bilan mashgʻul boʻlgan. Abdurahmon Jomiy huzurida koʻp ilmlardan saboq olgan. “Gʻiyosiya” va “Gavharshodbegim” madrasalarida mudarrislik qilgan, Alisher Navoiy ham uning baʼzi darslarini eshitgan. Navoiy “Majolis un-nafois”ning toʻrtinchi majlisida uning yaxshi xulq sohibi, darvesh va foniysifat kishi ekani, undan saboq olish uchun toliblar uzoq mamlakatlardan Hirotga kelishi haqida maʼlumot beradi. Navoiyning keltirishicha, Mas'ud Shirvoniy bir kuni u bilan peshin namozini birga oʻqiydi. Namoz tugaganidan soʻng u yana ikki rakaat qoʻshimcha oʻqiydi. Shunda Navoiy “tahvildor hisobin ado qilurda fazl kelturmak xiyonat dalilidur” (xazinachining hisobini ado qilishda ortiqchalikka yoʻl qoʻyish xiyonatni bildiradi) degan jumlani aytadi va bu jumla el orasida mashhur boʻlib ketadi. Shundan soʻng Mas'ud Shirvoniy “ikki rakaat ortiqcha namoz oʻqidim, koʻp yillar uning malomatidan qutula olmadim”, degan ekan. Xondamirning “Habib us-siyar” asarida yozilishicha, Mas'ud Shirvoniyning “Hoshiyai sharhi hikmat ul-gʻayn” degan asari ham boʻlgan. Faxriy Hirotiy “Mullo shudan oson ast, odamiy shudan dushvor” (Mullo boʻlish oson, odam boʻlish qiyin) degan jumlani unga nisbat beradi. “Majolis un-nafois”da uning quyi­dagi bayti keltirilgan:

Bisoʻz sinai maston ba riqqati mai nob

Ki, nest soʻzi maro sozkor gʻayri sharob.

(Mazmuni: Mastlar koʻksini tiniq mayning oʻtkirligi bilan kuydir, mening kuyishimga sharobdan boshqa hech narsa davo boʻla olmaydi)[1][2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Alisher Navoiy : Qomusiy lug'at. 
  2. Majolis un-nafois.