Malina

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Malina, xo'jag'at, buldurgʻun (Rubus) — raʼnoguldoshlar oilasi rubus turkumiga mansub koʻp yillik chala butalar; rezavor meva. M.ning 120 yovvoyi turi boʻlib, Yevrosiyoning moʻʼtadil va subtropik mintaqalarida keng tarqalgan. M.ning madaniy navlari oddiy yoki qizil (R.idaeus), dagʻal tukli yoki amerika M.si (R.strigosus), gʻarbiy yoki maymunjonsimon M. (R.occidentalis) va boshqa turlari uchraydi. Oʻrta Osiyo, Sharqiy Sibir, Uzoq Sharq, AQSH va Yevropa mamlakatlarida oʻstiriladi. Ildizi koʻp yillik, poyasi ikki yillik. Butasi balandligi 1 — 1,5 m, barglari toq patsimon, murakkab, ketma-ket joylashgan. Gullari ikki jinsli, oʻzidan changlanadi. Mevasi qizil, baʼzan sariq. Oʻzbekistonda may oxiri — iyun boshidan pisha boshlaydi, remontantli (bir mavsumda qayta yoki koʻp marta gullab, hosil beradigan) navlari avg .ning 2-yarmida ikkinchi marta meva tugadi. Mevasi tarkibida 5,7—11,5% qand, 1—2% organik kislotalar, 9,1 – 44 mg% S vitamini hamda V guruhi vitaminlari, karotin, xushboʻy moddalar mavjud. Mevasi, asosan, yangiligida yeyiladi, konserva sanoatida qiyom, jem, sharbatlartayyorlanadi. Quritilgan mevasi (damlamasi) tibbiyotda terlatuvchi dori sifatida, sharbati suyuq dorilar taʼmini yaxshilashda ishlatiladi.

M. ildiz bachkilari, ildizi va qalamchalaridan koʻpaytiriladi. Koʻchati oʻtqazilgach, 2-yili hosilga kiradi. Oʻzbekistonda M. simbagʻazlarga koʻtarib oʻstiriladi. Hosili tugagach, bir yillik novdalari qoldirilib, ikki yilliklari qirqib tashlanadi. M. oziq moddalarga boy, sernam, suvni yaxshi oʻtkazadigan, yer osti suvlari kamida 1,5 m chuqurlikda boʻlgan yerlarda yaxshi oʻsadi. M. koʻchatlari erta bahorda yoki kech kuzda qator oraligʻi 1,5 m, tup oraligʻi 50—70 sm sxemada ekiladi. Yoz davomida qator oralari yumshatiladi. 10—12 marta sugʻoriladi. Hosildorligi oʻrtacha 80—120 s/ga. Oʻzbekistonda M.ning Barnaul, Visluxa, Progress, Malboro navlari ekiladi. Kasalliklari: oq dogʻlanish, makrosporioz, vilt va boshqa Zararkunandalari: qoʻngʻizlar, bargxoʻrlar, shilliqqurt, oʻrgimchakkana, qalqondorlar.

Kurash choralari: agrotexnika tadbirlarini oʻz vaqtida oʻtkazish, gʻunchalash davrida va hosil yigʻishtirilganidan keyin 1% li kolloidli oltingugurt eritmasini purkash.

Adabiyot[tahrir]

  • Kazakov I.V.,Kichina VV., Malina, 3 izd., M., 1985; Abdullayev R., Yagudina S., Tomorqada yetishtiriladigan rezavor mevalar, T., 1989.

Jamoliddin Fayziyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil