Kontent qismiga oʻtish

Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasipedagogikaning maktabgacha yoshdagi bolalarga tarbiya berish hamda ularning shaxsiyatini shakllantirish qonuniyatlari, tamoyillari, vositalari, shakl, usul va metodlarini o‘rganuvchi sohasi. Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasi, bola psixologiyasi, yosh anatomiyasi va fiziologiyasi, tibbiyot, gigiyena, shuningdek, tilshunoslik, nafosat tarbiyasi, axloq fanlari bilan uzviy bog‘liq. 19-asrning 2-yarmida umumiy pedagogikadan ajralib chiqqan. Bu bir tomondan yosh psixologiyasining rivojlanishi va ilmning alohida tarmog‘i sifatida namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan ayollarning fabrika va zavodlarga jalb etilishi natijasida bolalar muassasalarining vujudga kelishi bilan izohlanadi. Ingliz utopik sotsialisti R.Ouven birinchi bo‘lib bolalarga ilk yoshdan ijtimoiy tarbiya berish g‘oyasini asoslab berdi va proletar bolalari uchun maktabgacha yoshdagi bolalar muassasasini ochdi. Xuddi shu vaqtdan boshlab Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasi fanning maxsus tarmog‘i sifatida shakllandi va rivojlana boshladi. 20-asr boshlarida erkin tarbiya jarayonida bola shaxsiyatini rivojlantirish g‘oyasi keng tarqaldi.

Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasining asosiy vazifasi — maktabgacha yoshdagi bolalarni tarbiyalashning mazmun, shakl va metodlarini ishlab chiqishdan iborat. Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasining metodologik asosini dialektik bilish nazariyasi hamda shaxsning evolyutsion tarzda taraqqiy etish qonuniyatlari, O‘zbekiston Respublikasining 1997-yilgi «Taʼlim to‘g‘risida»gi qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi», o‘zbek xalqining ma’naviy-axloqiy merosi hamda bola tarbiyasiga oid tarixiy tajribasi, ilg‘or mamlakatlardagi pedagogik qarashlar, pedagogika, psixologiya, falsafa, etika, estetika, tilshunoslik, tibbiyot, odam fiziologiyasi va gigiyenasi, antropologiya kabi fanlarning ilmiy asoslari, xulosalari hamda qonuniyatlari tashkil qiladi. Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasidan tadqiqotlar kuzatish, pedagogik tajriba, suhbat, hujjatlarni o‘rganish, bolalar faoliyati mahsulini tahlil qilish metodlari orqali amalga oshiriladi. Bu metodlar asosida tadqiqotlar mazkur soha bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchi va tarbiyachilar tomonidan olib boriladi. Har bir kuzatish jarayoni batafsil yoziladi va ilmiy jihatdan tahlil qilinadi. Pedagogik tajribada birinchi navbatda bola, uning rivojlanishi uchun yaratiladigan pedagogik shart-sharoitlar nazarda tutiladi. Pedagogik tajriba ehtiyotkorlik bilan obyektiv ravishda olib borilgandagina amalga oshiriladigan tadqiqot natijalarining obyektivligini ta’minlash imkoniyati tug‘iladi. Suhbat metodi u yoki bu bolani, yoki bir guruh. bolalarni yaxshiroq o‘rganish imkonini yaratadi, ta’lim-tarbiya jarayonida yo‘l qo‘yilgan xatolar aniqlanadi. Bolalar bilan suhbat ularning qiziqishlarini, nutqidagi o‘ziga xoslikni, atrof-muhit hamda kishilarga munosabatini aniqlashga yordam beradi. Hujjatlar, ya’ni bog‘cha va alohida tarbiyachilarning reja va hisobotlarini o‘rganish ham nazariy xulosalar chiqarilishda muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga mazkur hujjatlar maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tashkiliy ishlar haqida aniq xulosalar chiqarish imkonini yaratadi. Ushbu xulosalar o‘z navbatida tarbiya usullarini kashf etishga yordam beradi. Bolalar faoliyati mahsulini tahlil qilish metodi Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasining muhim tadqiqot metodlidir. Bolalar faoliyati tahlili ularni shakllantirishda juda yaxshi natijalar beradi.

O‘zbekistonda maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasi masalalari O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent davlat  pedagogika universiteti va ilmiy-tadqiqot muassasalarida ishlab chiqiladi. Jumladan, 1996-2000-yillarda O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti tomonidan amalga oshirilgan maktabgacha ta’lim jarayonining mazmunini yangilashga yo‘naltirilgan bir qator tadqiqotlar, xususan, "Maktabgacha yoshdagi bolalarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yilgan davlat talablari", "Uchinchi ming yillik bolasi" kabi tayanch dasturlarning yaratilishi diqqatga sazovor. Maktabgacha yoshdagi bolalar pedagogikasida amalga oshirilgan tadqiqotlarning eng muhimi sensor tarbiya tizimi nazariy asoslarining yaratilganligidir. Chunki sensor tarbiyaning asosiy maqsadi bolalar faoliyatining har xil turlarini amalga oshirish jarayonlari uning sensor qobiliyatini taraqqiy ettirishdan iborat.

Rohatoy Safarova, Laylo Shermamatova.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil