David Livingston

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Livingston Daviddan yoʻnaltirildi)

LIVINGSTON (Livingstone) David (1813.19.3, Blantayr, Lanark grafligi — 1873.1.5, Chitambo, Zambiya) — shotlandiyalik sayyoh. Ixtisosi — vrach. Markaziy va Jan. Afrikani tadqiq qilgan. 1840 yilda London missionerlar jamiyati tomonidan Jan. Afrikaga yuborilgan. 1841 — 52 yillarda Kalahari bechuanlari orasida yashab, oʻsha yerlarni urgandi. 1849 yilda Ngami koʻli va 1851 yilda Linyanti daryosi hamda Kvando (Zambezi daryosi irmogi) daryosi etagigacha yetib bordi. 1853—54 yillarda Zambezi daryosi boʻylab yurib, Atlantika okeanining Luanda sohillariga chiqdi. 1855 yilda Zambezi daryosining butun oqimini deltasigacha oʻrgandi va yevropalilardan birinchi boʻlib Viktoriya sharsharasini koʻrishga muyassar boʻldi. 1856 yil mayda Kelimane shahri yakinida Hind okeani sohiliga yetib kelib, materikni kesib oʻtishni yakunladi. Buyuk Britaniyaga qaytib, 1857 yilda sayohati haqida asarlarini nashr qildirdi; ushbu sayohati uchun L.ni Qirollik geografiya jamiyati oltin medal bilan taqdirladi.

L. 2-sayohatida (1858—64) Shirva va Nyasa koʻllarini tadqiq etdi. 3-sayohatida (1866—73) Tanganika koʻlini oʻrgandi, Bangveulu koʻli va Laulaba daryosini tavsifladi. Ogir xastalanib, orqaga qaytdi va Tanganika koʻlining sharqiy sohilida, Ujijida toʻxtadi. Bu yerda uni G. Stenli izlab topib, bir-galikda Tanganika koʻlining shim.-qismlarini oʻrgandilar va Nil daryosining bu koʻl bilan boglanmaganligini aniqladilar. L. sayohati vaqtida Bangveulu koʻlidan janubroqdagi Chitambo degan joyda vafot etdi. Jasadi Buyuk Britaniyaga keltirilib, Vestminster abbatligiga dafn etilgan.

Sayohati davrida L. 1000 dan ortiq punktlarning joylashgan oʻrnini aniqladi; birinchi boʻlib Jan. Afrika relyefining ilmiy tavsifini berdi. Zambiyadagi shahar, Sharqiy Af-rikadagi togʻlar, Kongo daryosidagi sharshara L. nomi bilan ataladi. L. insonparvar boʻlgan, qullar bilan savdo qilishga qarshi kurashgan. Shotlandiyada Glazgo shahri yaqinida L. memorial muzeyi bor.

Manbalar[tahrir]

  • Puteshestviya i issledovaniya v Yujnoy Afrike s 1840 po 1856 gg ., M., 1955; Puteshestviye po Zambezi s 1858 po 1864 gg . [3 izd.], M., 1956; Posledneye puteshestviye v Sentralnuyu Afriku (per. s angl.), M., 1968.

Adabiyot[tahrir]

  • Adamovich M., Livingston, M., 1939.