Libknext nomidagi namuna ish maktabi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Libknext nomidagi namuna ish maktabi - Oʻzbekistondagi dastlabki tajriba-namuna maktabi. Toshkentlik pedagog V. F. Lubensov boshchiligidagi muallimlar tashabbusi bilan 1918-yilda Toshkent viloyatining Yalangʻoch qishlogʻida sobiq rus bilim yurti binosida ochilgan. Yangi turdagi mehnat maktabi sifatida tashkil etilib, turli millatga mansub yetim oʻgʻil va qiz bolalar qabul qilingan. Maktab I va II bosqichli boʻlgan. Uning qoshida maktabgacha yoshdagi bolalar uyi ham boʻlgan; undagi bolalar soni 300 ga yetgan. 1921-yildan bu oʻquv yurti tajriba namuna ish maktabiga aylantirilib, Germaniya KP asoschilaridan (1918) biri K. Libknext nomi bilan atalgan. Maktabda taʼlim ijtimoiy foydali mehnat bilan bogʻlab olib borilgan. Uning ixtiyorida katta ekin maydoni boʻlib, oʻquvchilar dehqonchilikka oid tajribalar oʻtkazish bilan shugʻullanganlar. 1925-yildan oʻzbek sinflari ham tashkil etilgan. Maktabda V.F.Lubensov (mudir), A. Rustamov, N.P. Arxangelskiy, R. Mansurov, V. Usmonov, A. Inogʻomov, F. Toʻraxoʻjayev kabi oʻqituvchilar ishlagan. Ular oʻzbek va rus maktablari uchun oʻquv dasturi va qoʻllanmalarini tuzishgan. Mazkur maktabning ish tajribasi respublika maktablari oʻrtasida ommalashtirilgan va maktab "Sharq durdonasi" deb baholangan. Maktabni tugatganlar orasida olimlar Y. X. Toʻraqulov, M. Yu. Lobashev, rassom L. Abdullayev va boshqalar bor. Maktab 1931-yil 17-apreldan ikki yillik pedagogika texnikumiga aylantirilgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil