Lenta (toʻqimachilik)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Lenta (lot. linteus — zigʻir tola, polotno) — 1) toʻqimachilikda turli toʻqimachilik materiallari (yigirish sanoati uchun moʻljallangan xom ashyo, ensiz xom mato)ning nomi (qarang Pilta); 2)toʻqima L. turli tolalardan maxsus toʻquv dastgohlarida tasma koʻrinishida tayyorlanadi. Ayollar koʻylagi, shlyapalar va boshqalarni bezash, ordenlar uchun ishlatiladi, sochga taqiladi; 3) geodezik L. — eni 12 –20 mm, uz. 20–50 m boʻlgan poʻlat yoki invardan tayyorlangan uzunlik oʻlchanadigan geodezik asbob; 4) konveyer L. — bir vaqtda yuk koʻtaruv va tortuvchi organlarning ishini bajaruvchi konveyerning tashkiliy qismi. Rezinalangan matoli va trosli xillari bor. Matoli L.ning matosi 0,2 — 0,3 mm qalinlikdagi ip gazlama va sintetik materiallar (kapron, lavsan, viskoza) dan tayyorlanib 3 dan 10 mm gacha qalinlikda rezina qoplanadi. Eni 100 dan 2400 mm gacha, baʼzan 3600 mm boʻladi. Trosli L. issiq va abraziv materiallarni tashishda ishlatiladi. Trosslarining diametri 2,1 — 11,6 mm, mustahkamlik chegarasi — 1sm eniga 7—60 kN, eni 800 mm gacha, qalinligi 0,6 — 1,2 mm boʻladi; 5) izolyasiya L. — smola, lok, moy va boshqa elektr oʻtkazmaydigan modda shimdirilgan, bir tomoni yopishqoq ensiz mato. Elektr simlari ulangan va boshqa joylarni oʻrashda ishlatiladi; 6) poʻlat L. — prokatlash stanoklarida eni 600 mm gacha, 0,005 – 4 mm qalinlikda prokatlab olinadigan polosa poʻlat. Uglerodli yoki legirlangan poʻlatdan tayyorlanadi. Shtamp buyumlar, payvand trubalar, soat prujinalari, elektr pechlari va asboblarning qizish elementlari va boshqa tayyorlashda ishlatiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil