Kobalt qotishmalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Kobalt qotishmalari - kobalt asosidagi qotishmalar. Issiqlikdan kengayish koeffitsiyenti kichikligi, issiqbardoshligi va korroziyabardoshligi yuqoriligi, magnit xossalari yaxshiligi bilan boshqa qotishmalardan farq qiladi. Kobaltning temir, xrom, nikel, molibden, volfram va boshqa ogʻir metallar bilan qotishmalari keng ishlatiladi. Kobalt qotishmalari kesuvchi asboblar qirralariga va mashina detallariga eritib yopishtiriladigan qattiq: yuqori temperaturada ishlaydigan detallar, mas, turboreaktiv dvigatellarning parraklarini tayyorlashda ishlatiladigan issiqbardosh; doimiy magnitlar, induktivlik gʻaltaqlari tayyorlashda ishlatiladigan magnitli qotishmalarga boʻlinadi. Deformatsiyabop va quymabop qotishmalari ham bor. Deformatsiyabop Kobalt qotishmalari asosini kobalt va xrom (baʼzan, nikel) tashkil etadi. Qotishmaning issiqbardoshligini oshirish uchun unga qiyin suyuqlanadigan elementlar — molibden, volfram, niobiy, uglerod va oz miqdorda bor qoʻshiladi. Deformatsiyabop Kobalt qotishmalarini 1150—1200° gacha qizdirib, havo va suvda toblansa hamda 750—800° gacha qizdirib boʻshatilsa (chiniqtirilsa), mexaniq va issiqbardoshlik xossalari juda yaxshilanadi. Kuymabop Kobalt qotishmalari asosan, karbid fazalar hisobiga mustahkamlanadi. Yetarli miqdorda karbidlar hosil qilish uchun esa qotishmaga uglerod, xrom, molibden yoki volfram, bor qoʻshiladi. Bu qotishmalardan quyilgan detallarning mustahkamligini oshirish uchun ular 735—815° gacha temperaturada qizdirib boʻshatiladi.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil