Koʻchma maʼno

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Koʻchma maʼno — soʻzning oʻz asosiy maʼnosi bilan metonimik (qarang Metonimiya), metaforik (k,. Metafora) aloqadorlik, vazifaviy umumiylik yoki qandaydir assotsiativ (oʻzaro oʻxshash) belgilar bilan bogʻliq ikkilamchi, hosila maʼnosi. Demak, soʻzning toʻgʻri maʼnolaridan boshqalari uning Koʻchma maʼnolaridir. Ongimizda qandaydir xususiyatlari, belgilari bilan bir-biriga yaqin boʻlgan ikki predmet yoki hodisani chogʻishtirish, oʻxshatish Koʻchma maʼnoga asos qilib olinadi, yaʼni biror predmet yoki voqea-hodisa haqida aniq, yorqin tasavvur hosil qilish uchun unga boshqa biror predmet yoki voqeaning belgisi koʻchiriladi, oʻxshatiladi. Mas: kishining bolaligini "gʻuncha", yomon baho olishni "yiqilmoq" soʻzi bilan ifodalash, "Oybek asarlarini oʻqidim" deyish oʻrniga "Oybekni oʻqidim" deyish, "samovar" soʻzini choyxona maʼnosida ishlatish Koʻchma maʼnoga misol boʻla oladi. Koʻchma maʼno adabiy asarning badiiy qimmatini, ifodaviyligi va taʼsirchanligini oshiradi. Lekin lugʻat tarkibidagi barcha soʻzlar ham Koʻchma maʼnoda qoʻllanavermaydi. Mas, aksariyat kasb-hunar atamalari, ilmiy terminlar Koʻchma maʼnoda deyarli ishlatilmaydi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil