Keshiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh Said ibn Shuayb Keshiy Hanafiy Solimiy Makshifiy
Tavalludi XI asr
Movarounnahr Kesh
Vafoti Ma'lum emas
Sohasi moturidiya ta’limoti vakili, mutakallim
Mashhur ishlari «at-Tamhid fi bayon at-tavhid»
Dini Islom
ABU SHAKUR SOLIMIY KESHIY (XI)asr
  1. YOʻNALTIRISH Kesh

Abu Mansur Moturidiydan keyin moturidiya ta’limotining islom olamida keng tarqalishiga ulkan hissa qoʻshgan Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan olimlardan biri keshlik Abu Shakur Muhammad ibn Abdulloh Said ibn Shuayb Keshiy Hanafiy Solimiy Makshifiydir.

Abu Shakur Solimiyning hayoti, tugʻilgan sanasi, ustoz va shogirdlari hamda «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» asari haqida biografik manbalarda ma’lumotlar kam uchraydi. Jumladan, «Kashf az-zunun» kitobi muallifi Hoji Xalifa Abu Shakur Solimiyning mazkur asari bor deyish bilan kifoyalangan. Allomaning Keshiy nisbasi tugʻilib oʻsgan joyi qadimgi Kesh shahri bilan bogʻliq boʻlib, ba’zi arab tilidagi manbalarda «Kashshiy» yoki «Kassiy» deb ham kelgan. «Hanafiy» nisbasi esa, hanafiy mazhabi e’tiqodida boʻlgani tufayli berilgan.

Ushbu mavzuda ilmiy izlanishlar olib borgan turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, alloma qabilasiga koʻra «Solimiy» nisbasini olgan. Shuningdek, Abu Mansur Moturidiy «Imom al-huda» (toʻgʻri yoʻl rahnamosi) unvoniga sazovor boʻlgani kabi Abu Shakur Solimiy «Muhtadiy (toʻgʻri yoʻlda yuruvchi)» nomi bilan tanilgan. U zotga «Makshifiy» nisbasi nima sababdan berilgani haqida biografik manbalarda yoki zamonaviy tadqiqotlarda hozircha biror ma’lumot uchramaydi.

Hayoti va ilmiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu Shakur Solimiy yurtimizning qadimiy Kesh vohasida XI asrning birinchi yarmida tugʻilgan. Olimning «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» asarida shayxul-islom, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza Xatib Samarqandiydan koʻpgina kitoblarni tahsil olgani zikr qilingan. Bu esa, u zotning tavalludi XI asrning birinchi yarmida boʻlgani va Samarqand shahrida ta’lim olganini koʻrsatadi. Allomaning yashagan zamoni Sharqda ilm-fan va madaniyatning eng yuqori choʻqqiga yetgan davriga toʻgʻri keladi. Mana shu vaqtdan boshlab moturidiya ta’limoti alohida nom bilan butun islom olamiga tarqala boshladi. Shu vaqtga qadar «moturidiya» atamasi ishlatilmas edi. Abu Shakur Solimiy kabi buyuk allomalarning xizmatlari tufayli «moturidiya» nomi butun islom olamiga tarqaldi.

Abu Shakur Solimiyning asosiy ustozi shayxul-islom, Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Hamza Xatib Samarqandiy oʻsha davrning Samarqanddagi yetuk ulamolaridan biri boʻlgan. Najmiddin Umar Nasafiyning ta’kidlashicha, oʻsha paytda uning hovlisi talabalar uchun madrasa vazifasini oʻtagan. Talabalar u yerda qiroat va hadis kabi fanlardan ta’lim olganlar.

Abu Bakr Muhammad Samarqandiy ham oʻz navbatida hanafiy ulamolarning peshvosi shamsul-aimma Abu Muhammad ibn Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih Halvoniy Buxoriyning (vaf. 1056-yil) shogirdi boʻlgan.

Ilmiy me'rosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

«at-Tamhid fi bayon at-tavhid»[tahrir | manbasini tahrirlash]

Allomaning Abu Bakr Muhammad Samarqandiydan boshqa ustozlari haqida manbalar va zamonaviy tadqiqotlarda biror ma’lumot uchramaydi. Uning oʻzi «at-Tamhid» asarida Xurosonning Marv va Nurjon kabi shaharlariga safar qilgani va u yerlarda shia firqasi vakillari hamda majusiylar bilan ilmiy bahs-munozaralar olib borganini qayd etgan.

Abu Shakur Solimiy «at-Tamhid» asarida kalom ilmiga oid muhim masalalarni bayon qilgan hamda aqliy va naqliy dalillar asosida bahs yuritgan. Ushbu kitob oʻsha vaqtda va keyingi asrlarda ahli sunna va-l-jamoa aqoidini bayon qiluvchi muhim manbalardan biri boʻlib kelgan.

Abu Shakur Solimiy «at-Tamhid» asarining yozilish sababini quyidagicha bayon qilgan: «Ba’zi doʻstlarim mendan ibora va ishorasi tushunarli ma’rifat va tavhid asoslari haqida tamhid (qoʻllanma) yozib berishimni soʻrashdi. Aql egalari toʻgʻri yoʻlni topishida ushbu asarimning foydali boʻlishini Alloh taolodan soʻrab, soʻng ushbu kitobni yozib, uni «at-Tamhid fi bayon at-tavhid» (Tavhid bayoni haqida qoʻllanma) deb nomladim». Haqiqatda, muallifning oʻzi aytganidek, mazkur asar nihoyatda yengil uslubda yozilgan boʻlib, arab tilidan boshlangʻich ma’lumoti bor kishi ham undan erkin foydalanadi. Bu esa, oʻquvchilarga motu-ridiya ta’limotini yanada mukammal va chuqur oʻrganish imkoniyatini beradi. 

«At-Tamhid» asarining qoʻlyozma va toshbosma nusxalari bizgacha yetib kelgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazi fondida ham «at-Tamhid» kitobining 2638, 8736, 4604, 8160 raqamli qoʻlyozma nusxalari saqlanadi. Hamid Sulaymonov nomidagi fondda esa «at-Tamhid» asarining 2418-raqam ostida qoʻlyozma nusxasi saqlanadi, lekin unda asarning faqat I bobiga tegishli avvalgi toʻrtta faslgina mavjud.

Yevropa sharqshunoslaridan K.Brokkelman bergan ma’lumotga koʻra, «at-Tamhid» asarining qoʻlyozma nusxalari Turkiyaning «Ashir», «Selim Ogʻa», «Shehid» va «Sulaymoniya» kutubxonalarida turli xattotlar tomonidan koʻchirilgan uchta qoʻlyozma nusxasi 524, 525 va 2167-raqamlari ostida saqlanmoqda.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida esa «at-Tamhid» asarining 27-E, 105-E, 140-E, 313-E, 560-E raqamlari ostida saqlanuvchi beshta toshbosma nusxasi mavjud. Bularning barchasi 1908-yilda Qozi Mullo Muhammad Iso Xoja Musaviy Rizoviy tomonidan tahrir qilinib, Mulla Avliyo tomonidan Samarqand shahridagi «Demurov» bosmaxonasida nashr ettirilgan. Bundan tashqari, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻlyozmalari markazi fondida 14315-raqam ostida saqlanayotgan bitta toshbosma nusxasi 1891-yil Dehli shahrida «Foruqiy» bosmaxonasida chop etilgan.

«At-Tamhid» asaridan koʻplab hanafiy mazhabi ulamolari e’tiqodiy masalalarni yoritishda foydalanganlar. Jumladan, koʻplab kitoblarga sharh yozgan mashhur hanafiy olim Nuriddin ibn Sulton Muhammad Ali Qoriy «Sharh al-fiqh al-akbar» nomli asarida «Gunohi kabira moʻminni imondan chiqarmaydi» mavzuidagi e’tiqodiy masalalarni Abu Shakur Solimiyning mazkur kitobidan iqtibos keltirgan holda yoritib bergan.

Turk tadqiqotchisi Umar Turkmenning aytishicha, Bayoziy Zoda «al-Usul al-munifa lil-Imami Abi Hanifa» (Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlari) asarida Imom Abu Hanifaning e’tiqodiy qarashlarini izohlashda Abu Shakur Solimiyning «at-Tamhid» asaridan foydalangan.

Bir qancha zamonaviy tadqiqotchi olimlar «at-Tamhid» asarining moturidiya ta’limotida tutgan oʻrni haqida oʻz fikrlarini bildirganlar. Jumladan, Yevropa sharqshunoslaridan Klaude Jillod bunday yozadi: «Yuqorida koʻrib oʻtganimizdek, Movarounnahrda XI asrning ikkinchi yarmiga qadar kalom ilmiga oid mukammal asarlar mavjud emas edi. Aynan shu davrga kelib Abu Shakur Solimiy kalom ilmiga bagʻishlangan mukammal asari «at-Tamhid fi bayon at-tavhid»ni yozdi. Bu kitob moturidiya ta’limotini yanada rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi». Bundan tashqari, sharqshunos olim A.Moʻminov Abu Shakur Solimiyning yashagan davrini XI asrning ikkinchi yarmiga toʻgʻri kelganini aytadi. Shu bilan birga «at-Tamhid» asari oʻsha davrda asosan oʻquv qoʻllanma sifatida istifoda etilganini ta’kidlab, oʻzining doktorlik dissertatsiyasida Abu Shakur Solimiy va uning «at-Tamhid» asari toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtadi. Alloma oʻz asarida moturidiylarning qarashlarini bayon qilish bilan birga, mavzuga doir boshqa firqalarning ham e’tiqodiy qarashlarini keltirib oʻtgan. Har birining bu boradagi dalil va hujjatlarini bayon qilib, tahlil qilgan hamda ularga ahli sunna val-jamoa nomidan raddiyalar bergan. Qolaversa, turli firqa vakillari bilan faqatgina nazariy bahs yuritish bilan cheklanib qolmasdan, ular bilan bevosita muayyan bir e’tiqodiy mavzularda olib borgan munozaralarini asarda yoritib bergan. Bundan tashqari, Imom Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasan, Molik ibn Anas va Muhammad ibn Fazl kabi ulamolarning soʻzlari va turli firqa vakillari bilan olib borgan munozalarini ham zikr qilgan. Abu Shakur Solimiyning «at-Tamhid» asari qoʻlyozma va toshbosma nusxalari islom olamining turli hududlari, xususan hanafiy mazhabi yoyilgan mintaqalarda keng tarqalishi uning moturidiya ta’limoti e’tiqodini bayon etishda naqadar ahamiyatli ekanidan darak beradi. Bu esa oʻz navbatida Abu Shakur Solimiy moturidiya ta’limoti rivojiga juda katta hissa qoʻshganidan dalolat beradi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME.Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
https://moturidiy.uz/oz (Wayback Machine saytida 2022-05-08 sanasida arxivlangan)