Kontent qismiga oʻtish

Kartel

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kartel — bitta sanoat tarmogʻidagi bir nechta korxonalarning uyushmasi boʻlib, unda ishtirokchilar ishlab chiqarish vositalari va mahsulotlarga oʻz mulkiy egaligini saqlab qoladi. Mahsulotni sotish esa kvotalar (har bir ishtirokchining umumiy ishlab chiqarishdagi ulushi), narxlar, bozorlarni taqsimlash va boshqa shartlar boʻyicha oldindan tuzilgan kelishuv asosida amalga oshiriladi.

Kartel bitimlari (italyancha cartello — hujjat, kelishuv) — bir tarmoqdagi mustaqil korxona, firma yoki kompaniyalar oʻrtasida ishlab chiqarish hajmi, narxlar, sotish bozorlari va ulushlarni belgilashga doir monopolistik kelishuvlardir. Kartelning asosiy maqsadi — raqobatni cheklash va foydani oshirishdir.

Kartellar ishlab chiqarishning konsentratsiyalashuvi va kapitalning markazlashuvi natijasida XIX asr oxirida paydo boʻlgan. XX asrning birinchi yarmida, ayniqsa Germaniyada keng tarqalgan. AQShda trestlarga qarshi qonunlar sababli kartellar rasman cheklangan boʻlsa-da, ayrim yashirin kelishuvlar saqlanib qolgan.

XX asrning 20–40-yillarida kartellar sanoatning koʻplab tarmoqlarida faol boʻlgan. Hozirgi davrda koʻplab mamlakatlarda kartel bitimlari monopoliyaga qarshi qonunchilik bilan taqiqlangan yoki qatʼiy nazorat qilinadi.

Shunga qaramay, ayrim sohalarda xalqaro kartel kelishuvlari uchrab turadi. Bunga misol sifatida neft ishlab chiqaruvchi davlatlar oʻrtasidagi siyosatni muvofiqlashtiruvchi OPEK tashkilotini keltirish mumkin[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil