Kontent qismiga oʻtish

Johann Wolfgang von Goethe

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Yohann Volfgang fon Gyote
Tavalludi 28-avgust 1749[1]
Vafoti 22-mart 1832
Ijod qilgan tillari Nemis tili
Fuqaroligi Olmoniya bayrogʻi Germaniya

Iogann Volfgang fon Gyote (nemischa: Johann Wolfgang von Goethe; 1749-yil 28-avgust, Frankfurt-na-Mayn — 1832-yil 22-mart, Veymar) — nemis shoiri, dramaturg, romannavis, ensiklopedik olim, davlat arbobi, teatr rejissyori va tanqidchisi.

Uning ijodiga pyesalar, she’riyat, nasriy asarlar va estetika haqidagi tanqidiy maqolalar, shuningdek botanika, anatomiya va rang nazariyasiga oid ilmiy risolalar kiradi. Gyote odatda nemis tilida ijod qilgan eng buyuk va eng ta’sirchan yozuvchi sifatida e’tirof etiladi. Uning asarlari XVIII asr oxiridan to hozirgi kungacha G‘arb adabiyoti, siyosiy tafakkuri va falsafasiga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.

Gyote o‘zining ilk romani — „Yosh Verterning iztiroblari“ (1774) muvaffaqiyatidan so‘ng 1775-yil noyabrda Veymarga ko‘chib o‘tdi. 1782-yilda Saksoniya-Veymar gersogi Karl Avgust tomonidan unga zodagonlik unvoni berildi. Gyote „Bo‘ron va tazyiq“ (Sturm und Drang) adabiy harakatining ilk ishtirokchilaridan biri bo‘lgan. Veymardagi dastlabki o‘n yillik faoliyati davomida u gersog maxfiy kengashining a’zosi bo‘lib ishladi (1776–1785), harbiy komissiya va yo‘llar komissiyasida xizmat qildi, Ilmenau yaqinidagi kumush konlarini qayta ishga tushirishga rahbarlik qildi hamda Yena universitetida bir qator ma’muriy islohotlar o‘tkazdi. Shuningdek, u Veymardagi botanika bog‘ini rejalashtirish va gersog saroyini qayta qurish ishlarida ham qatnashgan.

Gyotening ilk yirik ilmiy asari — „O‘simliklar metamorfozasi“ Italiyaga qilgan sayohatidan qaytgach, 1788-yilda chop etildi. 1791-yilda u Veymar teatrining bosh direktori bo‘ldi. 1794-yilda dramaturg, tarixchi va faylasuf Fridrix Shiller bilan yaqin do‘stlik o‘rnatdi va Shillerning pyesalari premyeralarini uning vafotigacha (1805) sahnalashtirib bordi. Shu davrda Gyote o‘zining ikkinchi romani „Vilgelm Maysterning o‘quv yillari“, she’riy epopeyasi “German va Doroteya”ni e’lon qildi hamda 1808-yilda eng mashhur dramasi “Faust”ning birinchi qismini nashr etdi.

1790-yillarda Gyote Shiller, Iogann Gottlib Fixte, Iogann Gottfrid Herder, Aleksandr fon Gumboldt, Vilgelm fon Gumboldt hamda Avgust va Fridrix Shlegel bilan olib borgan suhbatlari va hamkorlikdagi tashabbuslari keyinchalik “Veymar klassitsizmi” deb atalgan madaniy-adabiy yo‘nalishning asosini tashkil etdi.

Nemis faylasufi Artur Shopengauer “Vilgelm Maysterning o‘quv yillari” asarini tarixdagi eng buyuk to‘rtta roman qatoriga kiritgan. Amerikalik faylasuf va esseist Ralf Uoldo Emerson esa Gyoteni o‘zining “Insoniyat vakillari” asarida Platon, Emanuel Svedenborg, Monten, Napoleon va Shekspir bilan bir qatorda insoniyatning buyuk namoyandalaridan biri deb atagan. Gyotening fikrlari va mulohazalari ko‘plab biografik asarlarga asos bo‘lgan, jumladan Iogann Peter Ekermanning “Gyote bilan suhbatlar” (1836) kitobiga.

Gyotening she’rlari Motsart, Betxoven, Shubert, Berlioz, List, Vagner va Maler kabi ko‘plab bastakorlar tomonidan musiqaga solingan. U Bavariya illyuminatlari ordeni a’zosi ham bo‘lgan.

Iogann Volfgang fon Gyote 1749-yil 28 avgustda Germaniyaning savdo markazlaridan biri bo‘lgan Frankfurt-na-Mayn shahrida tug‘ilgan. U dunyoga kelgan uy bugungi kunda „Gyote uyi“ muzeyi sifatida mashhur.

Uning bobosi Fridrix Georg Gyote Tyuringiyadan Frankfurtga ko‘chib kelib, avval tikuvchilik, keyin esa mehmonxona yuritish bilan shug‘ullangan. Oilaning keyingi avlodlari aynan shu orttirilgan boylik hisobiga yashagan. Gyotening otasi Iogann Kaspar Gyote huquqshunos va imperiya maslahatchisi bo‘lib, kitob yig‘ishga qiziqqan bilimdon inson edi. Onasi Katarina Elizabet (qizlik familiyasi Tekstor) esa shahar oqsoqoli va oliy sudya oilasidan chiqqan.

Gyote dastlab bir necha yil umumiy maktabda o‘qidi, keyinchalik otasi uni uyda keng qamrovli ta’lim bilan ta’minladi. U nemis, fransuz, lotin, yunon, ingliz va italyan tillarini o‘rgandi, tabiiy fanlar, din, rasm chizish bilan shug‘ullandi. Shuningdek pianino va violonchel chalishni, ot minish, qilichbozlik va raqsni ham o‘zlashtirdi. Onasining ertaklari va Bibliya o‘qishlari orqali u bolaligidan adabiyot olamiga kirib bordi.

Oilaviy kutubxonada ikki mingdan ortiq kitob bo‘lib, aynan shu yerda u doktor Faust haqidagi mashhur kitob bilan tanishgan. Yetti yillik urush davrida ularning uyida fransuz qo‘mondoni yashagan va bu yosh Gyotening fransuz dramasi bilan tanishishiga hamda fransuz tilini o‘rganishiga yordam bergan. Biograflar uni iste’dodli va ziyrak, biroq Motsart kabi “vunderkind” emas, deb ta’riflaydi.

1765-yilda otasining talabiga ko‘ra Gyote Leyptsig universitetida huquqshunoslikni o‘rganishni boshladi. Bu davrda u darslardan tashqari teatrga borish, adabiy mashg‘ulotlar va rasm chizish bilan ham shug‘ullandi. Shoir va professor Kristian Gellertning ma’ruzalari unga katta ta’sir ko‘rsatdi. Shu yillarda u rassom Adam Fridrix Ezer bilan tanishib, san’at nazariyasi va qadimgi madaniyatga qiziqa boshladi.

1768-yilda sog‘lig‘i yomonlashib, Frankfurtga qaytishga majbur bo‘ldi. Sog‘ayish davrida u mistika va din masalalariga qiziqib, Faust obrazi haqida ilk chuqur mulohazalarini shakllantirdi. 1770-yilda Strasburg universitetida o‘qishni davom ettirdi va bu yerda Iogann Gottfrid Herder bilan tanishib, xalq og‘zaki ijodi va nemis she’riyatiga yangicha qarashni o‘rgandi. Aynan shu davrda Gyote o‘zini haqiqiy shoir sifatida namoyon eta boshladi.

1771–1775-yillarda u Frankfurtda advokatlik bilan shug‘ullandi, biroq uning asosiy e’tibori adabiyotga qaratilgan edi. “Gyots fon Berlihingen” dramasi (1773) unga ilk katta shuhrat keltirdi. 1774-yilda yozilgan “Yosh Verterning iztiroblari” romani esa Gyoteni butun Yevropaga mashhur qildi. 1775-yilda Veymar gersogi Karl Avgustning taklifini qabul qilib, saroyga ko‘chib o‘tdi va umrining katta qismini shu yerda o‘tkazdi.

Veymardagi faoliyati davomida Gyote davlat boshqaruvi, universitet islohoti, teatr ishlari hamda ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullandi. Keyinchalik Italiyaga sayohat qilib, ijodiy inqirozdan chiqdi va bir qator muhim asarlarini yakunladi. Uning hayoti davomida ilm-fan, siyosat va adabiyot bir-biriga chambarchas bog‘liq holda kechgan.

Gyote 1832-yil 22-martda Veymarda vafot etdi. Uning ijodi va hayoti Yevropa madaniyati tarixida ulkan iz qoldirdi.

Gyotening adabiy merosi juda keng va rang-barang bo‘lib, u she’riyat, dramaturgiya, roman, ilmiy risola va tanqidiy maqolalarni o‘z ichiga oladi. Uning ijodi XVIII asr oxiri va XIX asr boshidagi Yevropa adabiy hayotining eng muhim hodisalaridan biri hisoblanadi.

Gyote dastlab “Bo‘ron va tazyiq” (Sturm und Drang) adabiy harakati doirasida tanildi. Bu yo‘nalish hissiyot, shaxsiy erkinlik va ijodiy jo‘shqinlikni ulug‘lash bilan ajralib turardi. Aynan shu davrda yozilgan “Gyots fon Berlihingen” dramasi va “Yosh Verterning iztiroblari” romani unga katta shuhrat keltirdi. Ayniqsa “Verter” romani Yevropada kuchli rezonans uyg‘otib, yoshlar orasida yangi romantik kayfiyatlarni shakllantirdi.

Keyinchalik Gyote ijodida klassitsizm unsurlari kuchaya boshladi. U san’atda uyg‘unlik, muvozanat va estetik mukammallik g‘oyalarini ilgari surdi. Bu davrga uning “Ifigeniya Tavridada”, “Torkvato Tasso” dramalari hamda ko‘plab lirik she’rlari kiradi.

Gyotening eng mashhur asari — “Faust” dramatik dostoni hisoblanadi. U bu asar ustida deyarli butun umri davomida ishlagan. Asarda insonning bilimga, ma’naviy mukammallikka va hayot ma’nosini topishga bo‘lgan cheksiz intilishi tasvirlanadi. “Faust”ning birinchi qismi 1808-yilda, ikkinchi qismi esa Gyote vafotidan keyin 1832-yilda chop etilgan. Bu asar jahon adabiyotining eng buyuk dramatik asarlaridan biri sifatida tan olinadi.

Gyote roman janrida ham muhim iz qoldirdi. Uning “Vilgelm Maysterning o‘quv yillari” asari tarbiyaviy roman (Bildungsroman) janrining eng yorqin namunalaridan biri hisoblanadi. Unda insonning shaxs sifatida shakllanish jarayoni, san’at va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar yoritilgan.

She’riyatda Gyote tabiat, muhabbat, vaqt va inson ruhiyati mavzulariga murojaat qilgan. Uning ko‘plab she’rlari keyinchalik mashhur bastakorlar tomonidan romans va qo‘shiqlarga aylantirilgan.

Ilmiy faoliyatida esa u botanika, anatomiya va rang nazariyasi bilan shug‘ullangan. Masalan, u o‘simliklarning rivojlanishi haqidagi “metamorfoza” g‘oyasini ilgari surgan hamda Nyutonning rang haqidagi qarashlariga muqobil nazariya taklif qilgan.

Gyotening ijodi keyingi avlod yozuvchilari, faylasuflar va san’atkorlarga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. U nafaqat nemis adabiyotining, balki butun jahon madaniyatining eng buyuk namoyandalaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

  • Faust, 1— 2-kitob, T., 1972—1975; Yosh Verterning iztiroblari (roman), T., 1975; "Magʻribu mashriq devoni", T., 1998.
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil