Kontent qismiga oʻtish

Mustaqillik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Istiqloldan yoʻnaltirildi)

Mustaqillik – davlatning ichki va tashqi ishlarda boshqa davlatlarga qaram boʻlmay faoliyatda koʻrsatishi. Mustaqil tamoyillariga rioya etish davlatlararo oʻzaro munosabatlarda yetakchi, hukmron qoidadir. Har bir davlatning mustaqilligini tan olish oʻzaro tinchtotuv yashashning prinsiplaridan biridir.

Unga rioya qilish hozirgi zamon xalqaro huquqining asosiy vazifasidir. Davlatning suvereniteti uning boshqa davlatlar bilan munosabatlaridagi mustakilligini ham bildiradi. Mustaqil davlatning faqat siyosiy emas, balki iqtisodiy mustaqilligini ham anglatadi.

Mustaqillik insoniyatning azaldan orzu-umidi boʻlib kelgan. Ana shu gʻoya asosida AQSH, Fransiya, Lotin Amerikasi mamlakatlarida inqiloblar yuz berdi. XX asrning 90-yillariga kelib sotsialistik mamlakatlarda inson huquqlarini himoya qilish va ozodlikka intilishning yangi bosqichi boshlandi. Sharqiy Yevropa mamlakatlarida qariyb yarim asr hukm surgan totalitar davlat tuzumi inqirozga yuz tutib, demokratik tartibotlar qaror topa boshladi. Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi parchalanib, uning oʻrnida bir necha mustaqil respublika, Chexoslavakiya Sotsialistik Respublikasi ikkiga boʻlinib, Chexiya va Slovakiya suveren davlatlari vujudga keldi.

Mustaqillik imkoniyatlarini oldindan payqagan, mamlakat ijtimoiysiyosiy jarayonlarining borishini toʻgʻri kuzatib, toʻgʻri baholay bilgan Oʻzbekiston ittifokdoshlari orasida birinchilardan boʻlib, oʻz mustaqilligini eʼlon qildi: 1991-yil 31-avgust kuni kabul kilingan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi toʻgʻrisidagi Bayonot Oʻzbekiston hukumatining siyosiy yoʻlini toʻla qonunlashtirib berdi. 1991-yilning avgustida „Oʻzbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari toʻgʻrisida“gi qonun qabul qilindi va ana shu qonun doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining bundan keyin Oʻzbekiston SSRni Oʻzbekiston Respublikasi deb atashdi.

Iqtisodiyotda tub oʻzgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Yaʼni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga oʻtish uchun sharoit barpo etildi. Mulkka munosabat tubdan oʻzgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.