Istami xoqon
Istami xoqon, Istemi (xitoycha Shi-de-mi, yun. — Stemvis, vizantiyacha — Dizavul yoxud Silzibul, arab. — Sindjibu) (?—576) — Gʻarbiy Turk xoqonligining asoschisi va 1-xoqoni (553—76).
Bumin xoqonning ukasi. Akasi vafoti (553) dan soʻng Turk xoqonligining gʻarbga qilgan harbiy yurishiga rahbarlik qilgan. I. x. qoʻshinining soni 100 ming kishi boʻlgan. Uning unvoni yabgʻu-xoqon boʻlgan. I. x. gʻarbni zabt etishga jiyani Mugʻon xoqonning yabgʻusi sifatida yoʻl olgan. I. x. qoʻshini qattiq qarshilikka uchramagan.
555 y. ular "Gʻarbiy dengiz" (Orol dengizi) boʻyiga yetib borganlar. Firdavsiyning yozishicha, I. x. ga tobe boʻlgan mulklarning chegarasi "Chin" (Xitoy)dan Jayxungacha va Choch (Toshkent)ning narigi tomonidagi Gulzariyun (Sirdaryo) gacha choʻzilgan. Shunday qilib, turkiylar bir yarim yil ichida butun Markaziy Qozogʻiston, Yettisuv va Xorazmni zabt etganlar. Biroq I.x. yurishi keyin qiyinlashgan. Orol dengizining shim. da unga xuni (xionitlar), var (oʻgʻur qavmi) va oʻgʻur (ugorlar-vengerlar ajdodi) lar qattiq qarshilik koʻrsatganlar. Faqat 558 y. bu qabilalar tor-mor qilingan va turkiylar Volga boʻylariga chiqqanlar. I. x. ga tobe boʻlishdan voz kechgan var va xuni qabilalarning qolgan-qutganlari (20 mingga yaqin kishi) qochib, keyinchalik yagona xalq — avarlarta birlashgan. I. x.: "Avarlar turk qilichidan qochib qutulish uchun osmonga uchadigan qushlar emas, ular suvga shoʻngʻib dengiz poʻrtanalarida gʻoyib boʻladigan baliqlar emas, ular yer yuzida tentirab yurishibdi. Eftaliylarni yengib olay, avarlarga hamla qilaman, shunda ular mening kuchqudratimdan qochib qutulmaydilar", degan edi. U eftaliylarga qarshi yurishni faqat 561 y. boshlagan, chunki bu davrda Xusrav I Anushirvon Vizantiya imperatori Yustinian bilan sulh tuzib, eʼtiborini sharqqa qaratgan edi. I. x. Eron bilan harbiy ittifoq tuzib, uni Eron shohining qiziga uylanish bilan yanada mustahkamlaydi. Sosoniylarni Balxga bergan zarbasidan foydalanib, I. x. qoʻshini 565 y. Oʻrta Osiyoga, eftaliylar hududiga bostirib kirgan. Buxoro yaqinidagi 8 kun davom etgan jangda eftaliylar podshosi Gatifarning qoʻshini tor-mor qilingan. Oʻrta Osiyoni toʻla zabt etish 571 y. tugallangan.
Turkiylarning ashaddiy dushmani boʻlgan avarlar Savadan Donga qadar choʻzilgan dashtlarni egallaganlar va I. x. jan. ga qilayotgan yurishini toʻxtatib, eʼtiborini gʻarbga qaratishga toʻgʻri kelgan. 567—571 y. larda turkiylar butun Shim. Kavkazni egallashgan, ular balanjar va xazarlarni tobe etib, Darbandga kadar yetib borganlar va is-tehkomlarni koʻzdan kechirib dashtga qaytganlar. Ularning yerlari Bospor yaqinida Vizantiya imperiyasi yerlari bilan tutashgan. 569 y. I. x. Vizantiya elchisi Zemarxga qirgʻiz elatidan boʻlgan asira qizni inʼom qilgan. I. x. Sali togʻlaridan Kavkaz va Qrimgacha yoyilgan Gʻarbiy turk xoqonligi hududida 10 ta turkiy xalqni birlashtirgan yagona ittifoqni barpo etgan. I. x. vafot etgach, oʻgʻillari Qorachuringa Yettisuv, Turksanfga esa quyi Volga va Ural atrofidagi yerlar meros qolgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Barmankulov M ., Xrustalnaya mechta tyurkov o kvadronatsii, Almati, 1999;
- Gumilev L. N., Drevniye tyurki, M., 1967.
- Faxriddin Hasanov.[1]
- Klyashtornyy S.G., Savinov D.G. Stepnyye imperii drevney Yevrazii. SPb.: Filologicheskiy fakul'tet Sankt Petersburg, 2005.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |