Iram zot al-Imod

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

IRAM ZOT al-IMOD— („ko‘p ustunli Iram“) — Janubiy Arabistonda go‘yo mavjud bo‘lib, Qur’onga binoan Alloh taolo tomonidan yo‘q qilib yuborilgan inshootlar majmuasi. Qur’onda Alloh tomonidan kibrga berilib gunohga botganlari uchun nobud qilingan od va samud qavmlari bilan birga qayd etiladi. Ushbu oyatning eng ko‘p tarqalgan tafsiri Iram zot al-Imodni od qavmi tarixi bilan bog‘laydi. Iram zot Imod — odiylar podshohi Shaddod tomonidan qurilgan shahar. Shaddod Allohning elchisi Hud (a.s)ning so‘zlariga quloq solmay Yer yuzida, Adan yaqinida jannatga o‘xshash makon yaratishni istagan. Bu shaharning binolari oltin va kumushdan bunyod etilib, qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Podshohning kibru havosi va imonsizligi uchun Alloh Iram zot Imodga kuchli bo‘ron yuborib shaharni qumga ko‘mdirib yuborgan. Baʼzan sahroda adashib qolgan yo‘lovchilar mana shu o‘lik shaharni ko‘rganlari va u yerdan olib kelgan qimmatbaho toshlar kulga aylanib qolgani haqida afsonalar mavjud. Qur’ondagi Iram zot Imod — qadimiy arab shaharlarining halokati haqidagi rivoyatlardan biri. Haqiqiy Iram zot Imod — nabateylarning Shimoliy Hijozdagi ko‘p ustunli ar-Ramm ibodatxonasi vayronalari. Ko‘p ustunli Iram zot Imod obrazida tadqiqotchilar baʼzan narigi dunyoning qadimiy mifologik ramzini ko‘radilar.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

ISLOM ENSIKLOPEDIYASI „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004