Introduksiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Introduksiya (lot. introductio -joriy qilish), oʻsimliklar introduksiyasi — turli oʻsimliklar turlari va navlarini oʻz tabiiy arealidan ilgari uchramagan hududlarga koʻchirish (jalb etish). "I." tushunchasi 19-asrning 2-yarmidan buyon qoʻllanib kelinmoqda. Oʻsimliklar I.si nazariyasini shveysariyalik botanik A. De-kandol (1806—93) 1855 yilda asoslab bergan. N. I. Vavilov oʻzi yaratgan madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari nazariyasi asosida 1920 yilda I.ning ilmiy asoslarini ishlab chikdi.

Hozir deyarli barcha qitʼalarda yetishtirilayotgan madaniy oʻsimliklarning koʻpchiligi turli geografik oʻlkalardan tarqalgan, "koʻchirib keltirilgan" oʻsimliklar hisoblanadi. 16—17-asrlarda Amerikadan Yevropaga makka-joʻxori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, tamaki va boshqa tarqalgan boʻlsa, 17-asrdan boshlab Shim. Amerikada Yevropadan keltirilgan olxoʻri, olma, nok, kashtan va boshqa oʻstirildi, Avstraliyada makkajoʻxori, qovoq, zaytun, uzum, sitruslar paydo boʻldi. Oʻsimliklar tabiiy arealdan yangi hududlarga I. qilinganda turlar (navlar)ning hayotchanligi va I.ning maqsadi boʻlgan qimmatli xoʻjalik belgilarining yaxshilanishi yuz beradi: meva (urugʻ) hosildorligi koʻtariladi, fitomassa koʻpayadi, muhitning turli omillariga, kasallik, zararkunandalarga chi-damliligi ortadi va boshqa "Oʻz markazlari"dan I. etilishi oʻsimliklar arealini maʼlum doirada kengaytirdi va bu borada ayrim oʻsimliklarning bir-lamchi markazlar bilan boʻlgan aloqasi uziladi. Mas, yer yongʻoqning vatani — Shim. Argentina, biroq hozir yer yongʻoq eng koʻp ekvatorial Afrikada yetishtiriladi. Kartoshkaning vatani — Jan. Amerika boʻlsa ham, u dunyoning koʻpgina davlatlarida asosiy oziq mahsuloti hisoblanadi.

Oʻrta Osiyo ham koʻpgina madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish marka-zi hisoblanadi va bu yerda ularning xilmaxil shakllari uchraydi. Shu bilan bir qatorda, 19-asrda va undan avval Oʻrta Osiyoga aholiga nomaʼlum boʻlgan oʻsimliklar keltirilgan, ular iqlimlashtirilib, asosiy ekinlarga aylangan. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda I. natijasida kartoshka, pomidor, shirin qalampir, baqlajon, karam, ayrim koʻkat va ziravorlar, yer yongʻoq, hurmo, limon, unabi kabi sab-zavotlar, poliz ekinlari, meva turlari tarqaldi.

Oʻsimliklar I.si uchun materiallar yigʻish maqsadlarida madaniy oʻsimliklarning birlamchi va ikkilamchi kelib chiqishi markazlariga ilmiy eks-peditsiyalar uyushtiriladi (mas, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti gʻoʻzaning yovvoyi turlarini yigʻish boʻyicha akademik A. Abdullayev boshchiligida 1975 yilda Meksika, 1984 yilda Peru, 1989—90 yillarda Shri Lanka, Hindiston, Xitoy, 1997 yilda Avstraliyaga ilmiy ekspeditsiyalar yuborgan). Botanika va seleksiya muassasalarida oʻsimliklar I.si va soʻngra ularni iqlimlashtirish ishlari olib boriladi.

20-asrning 30-yillarida Oʻzbekistonda tashkil etilgan ilmiy tashkilotlar ilmiy reja asosida jahon madaniy va yovvoyi oʻsimliklarining xilma-xil turlarini yigish, I. ishlarini boshladilar. Hozirgi Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik, Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi, Botanika i. t. institutlari va Botanika bogʻida I.langan va mahalliy navlar asosida turli ekinlarning kolleksiyalari tashkil etilgan.

Jahon mamlakatlari oʻrtasida ilmiy hamkorlik kengaygan sharoitlarda I.ning vazifasi oʻsimliklarni ilmiy asosda yangi oʻlkalarga jalb etish va mavjud ekinlar nav tarkibini zamonaviy sanoat navlari bilan boyitishdan iborat (yana q. Adaptatsiya, Areal, Iqlimlashtirish).

Adabiyot[tahrir]

  • Vavilov N. I., Proisxojdeniye i geografii kulturnix rasteniy, L., 1978; Belolipov I. V., Introduksiya travyanistix rasteniy prirodnoy flori Sredney Azii (ekologo-introduksionniy analiz), T., 1989.

Fayzulla Hojiyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil