Ichindagi ichindadir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
“Ichindagi ichindadir” asarining qo‘lyozmasi
Konya, Turkiya
Til(lar)i Forscha, arabcha
Qoʻshimcha maʼlumot Sultan Valed tomonidan tuzilgan

Fîhi Ma Fîh yaʼni „Ichindagi ichindadir“ (فيه ما فيه) Mavlono Jaloliddin Rumiyning asari.

Sifat va tarkib[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu asarda Mavlononing turli majlislardagi suhbatlari uning oʻgʻli Sulton Veled tomonidan jamlagan. U yetmish besh bobdan iborat boʻlib, shu boblarning oltitasi arab tilida, qolganlari esa fors tilida yozilgan. Bu boblarning baʼzilari Saljuqiy vaziri Sulaymon Pervanega qaratilgan edi. Asardagi ayrim siyosiy voqealarga to‘xtalib o‘ilganligi uchun tarixiy manba sifatida qabul qilingan. Asarda Mavlononing tafakkuri, dunyoqarashi, o‘z davri xabarlari, din va insoniylik haqidagi fikrlari bayon etilgan. Jannat va jahannam, dunyo va oxirat, ustoz va shogird, ishq va Samo raqsi kabi mavzular yoritilgan.[manba kerak]

Asar haqida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bu asar insonni fikrlashga, fikrlash orqali o‘zligini, o‘zligi orqali Haqni — Yaratganni tushunishga undaydi. Shuning uchun ham «Ichindagi ichindadur»ga bir marta oshno bo‘lgan ko‘zi ochiq insonki bor, umrbod undan ayrilmasam, deydi. Chunki asar, avvalo, o‘sha inson haqida — siz haqingizda, men haqimda, umuman, hammamiz haqimizda. Bizning o‘zligimizni bilishimiz haqida. Axir olamda bundan qiziqarliroq, bundan muhimroq yana nima bor? Mashoyixlar «O‘zini bilgan avliyo bo‘ladi» deya bejiz aytishmagan. Hazratning o‘zi shunday deydi: «Rivoyat qiladilarki, bir podshoh o‘g‘lini hunarmandlar to‘piga qo‘shib qo‘yibdi. Ular bolaga turli bilimlardan, jumladan, ilmu nujumdan dars berishibdi. Shoh o‘g‘li butunlay ahmoq bo‘lgani holda o‘ziga o‘rgatilgan narsalarni puxta egallab olibdi. Kunlardan bir kun podshoh uni imtihon qilmoq uchun hovuchiga uzugini berkitib, o‘g‘liga «Bunda ne bor?» debdi. Bola «Qo‘lingdagi dumaloq, sariq va ichi bo‘sh narsadir» degach, hukmdor hayratda qolib «Alomatlarini to‘g‘ri aytding, ismini ayt» deb buyuribdi. O‘g‘il «G‘alvir bo‘lsa kerak» deb javob beradi. Podshoh «Olgan tahsiling sharofati bilan meni hayron etib alomat — belgilarni aniq ayting-u, ammo g‘alvirning hovuchga sig‘masligiga qanday qilib farosating yetmadi?» dedi afsus chekib.

Xuddi shunday, — deb davom etadi Rumiy hazratlari — zamonamiz olimlari ham qilni qirq yoradilar, o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan narsalarni juda yaxshi biladilar, ammo o‘ta muhim, o‘zlari uchun qolgan barcha narsalardan yanada yaqin bo‘lganni, ya’ni o‘zlarini bilmaydilar. Hamma narsadan yaqin bo‘lgan borliq bu — ularning menligi». Mavlono Rumiy insonni, avvalo, ko‘zini ochishga va ochilgan ko‘zlar bilan o‘z mohiyatiga nazar tashlashga undaydiki, bu bilan ul valiy zot insonning o‘zi bir butun olam — kichik olam ekanligini uqtiradi.

«Ichindagi ichindadur» asari ulug‘vorlik va soddalikning bir makonu bir zamonda sig‘ishib yashashining go‘zal namunasidir. Albatta, komil inson — avliyolik asrori haqida ko‘plab olimu fuzalolarning xilma-xil asarlari mavjud. Lekin ularning ayrimlarini mutolaa qilarkanmiz, o‘zimizni xuddi ertak o‘qiyotgan boladek sezamiz. Chunki ularda tasvirlangan avliyo yoki komil inson go‘yo osmonda uchib yurgan erkin qushchayu, sizu biz zindonda — temir panjaradan uni umidsizligini kuzatib yotgan maxbus. Qushning ozodligidan, charx urib aylanishidan, baxtidan maxbusga ne naf? Qaytaga u ana shunday hur parvozi bilan bu bechoraning o‘z holiga ko‘nikib ketishiga to‘sqinlik qilib, iztirobini orttiradi, xolos. Rumiyda esa unday emas. Rumiy shohu gadoga ham, olimu avomga ham birdek xitob qiladi. Va har kimning qarshisiga o‘z hikmatlaridan bir ko‘prik tashlab, boshqalar nima desa deyaversin, lekin sening ham bu yo‘ldan o‘tishga haqqing bor, ki sen ham undan o‘tishga munosib va qodirsan, faqat g‘ayrat qil-da, kel!» deydi go‘yo. Boshqacha aytsak, Jaloliddin Rumiyning «Ichindagi ichindadur» asari insonlik va ilohiylik o‘rtasiga qo‘yilgan mustahkam ko‘prikdir.

Ha, asar mutolaasi inson ko‘nglida mudrab yotgan umidning qayta uyg‘onishiyu qad rostlashiga ko‘mak beradi, o‘zining mavjudiyati va haqiqatiga ishonch hosil qiladi. Bu juda muhim. Chunki Ishonch — inson faoliyatining doimiy tashabbuskori, tinimsiz harakatlarining rag‘batlantiruvchisi bo‘lishi bilan birga odamzotni muallaq holdan, yolg‘izlik va uning azobidan qo‘ruvchi hamdir. G‘arbning ma’lum falsafiy oqimining asosida inson — tashlandiq, ya’ni u bu dunyoga tashlab ketilgan va binobarin, uning o‘zidan o‘zga yordamchisi ham, xaloskori ham yo‘q, degan qarash mavjud. Hayot buning kabi yuzlab, minglab «nazariyalar» uchun asos beraveradi. Hatto aytish mumkinki, dahriy uchun ham, dindor uchun ham bu dunyoda oqlov-sabablar to‘lib- toshib yotibdi. Ehtimol, odamzotning o‘zidan o‘zga tayanchi yo‘q, degan dahriyona qarash G‘arb dunyosining moddiy-texnikaviy jihatdan ilgarilab ketishiga sabab bo‘lgan o‘nlab, yuzlab omillardan biridir. Shveysar psixiatri Karl Gustav Yung esa Sharq insonining ruhiy jihatdan baquvvatligiga havas bilan qaraydiki, Rumiyda ayni shu narsaning mohiyati bilan chuqur tanishish imkoni bor. Rumiyni bir millat, bir jamiyat yoki bir zamongagina taalluqli qilmay, uni hamma uchun va hamma zamonlar uchun qadrli aylagan asos ham shunda — hazratning sifat va alomatlarga emas, balki mohiyatga — insonning o‘zagiga e’tibor berganligi bilan izohlansa, ajabmas. Chunki zohir — tashqi ko‘rinishga qaralganda insonlar har xil, ularning mohiyati ildizi, tabiati, ehtiyojlari, borar joyi… esa mushtarak. Shunga ko‘ra inson qaysi millat, qaysi jamiyat, qaysi guruh va qaysi zamonga aloqadorligidan qat’i nazar, o‘ziga tegishli mavzular teran va asosli tarzda talqin qilinganidan Rumiy asarlari atrofida go‘yo bir oilaning farzandlariday to‘planishadi. Buning uchun kishida ma’lum bir tayyorgarlik, yuqori ruhiy-ma’naviy daraja zarur, albatta. Ya’ni Rumiyni tushunish uchun u yongan gulxanning hech qursa bir uchquni o‘quvchining ko‘ngliga tushgan bo‘lishi juda ham muhim. Shunda u mohiyat asroridan voqif bo‘la borarkan, o‘zini Inson o‘laroq his etadi! Dunyoga kelishdan muddao «yo‘lini qilib kun kechirish — yeb, ichib, nasl qoldirib o‘tish» kabi biologik ehtiyojlarni qondirib yashashdangina iborat bo‘lmay, aksincha, bular vositayu, maqsad — ruhoniy, demakki, insoniy ekanligini qalban anglaydi.

Mohiyatdan so‘z ochib Mavlono Rumiy quyidagi savol-javobni keltiradi:

Dediki: «Onangni nechun o‘ldirding?» Dedi: «Unga yarashmagan bir ishni ko‘rdim». Dediki: «Ammo onangni emas, yetti yot begonani o‘ldirsang bo‘lmasmidi?» Dedi: «Har kuni bittadan o‘ldirayinmi?»

Hazrat bu o‘rinda inson gumrohligining tub sababi — nafs haqida so‘z yurita turib, demoqchi bo‘ladi: sen hadeb qilmishlaringning oqibatini daf etishga, ularni u yoki bu shaklda xaspo‘shlashga behuda urinaverma, balki mohiyatga teran ko‘z-la nazar sol-da, asos bo‘lgan nafsingni (onani) jilovla, toki u tufayli har kuni har kim bilan yoqalashishga o‘rin qolmasin!

Hazrat o‘gitlaridagi yana bir jihatga alohida to‘xtalib o‘tmoq joiz. Bu ham bo‘lsa – ruh va jism o‘rtasidagi muvozanat masalasi. Bizdan ko‘pchiligimiz shundaymizki, ruh haqida gapirilsa (garchi bu borada insonga kam ilm berilgan esa-da) darhol ruhparast bo‘lishga tirishamiz, qolgan vaqtlarda esa o‘z-o‘zidan jism bandalariga aylanib qolganimizni o‘zimiz ham sezmaymiz. Asli haqiqat nimadan iborat? Yana ham to‘g‘rirog‘i, qanday holda biz haqiqatga eng ko‘p yaqin borgan bo‘lamiz? Agar savolni shunday qo‘yish mumkin bo‘lsa, javobni yana Rumiy hazratlaridan eshitamiz: «Agar danakni chaqib, mag‘izini eksang, unmaydi. Agar qobig‘i bilan birga tuproqqa qadasang-chi, unish hodisasi yuz beradi». Danak mag‘izini ruhu, qobig‘ini jism deb olinsa, demak, inson bolasi biron maqsadga yetishmak uchun har ikki asosga suyanishi zarur. Aks holda maqsad hosil bo‘lmas. Modomiki shunday ekan, odamzod yashash va kelajakka intilish asnosida har qanday bir tomonlamalikdan, goh u yon, goh bu yonga og‘ib ketishlardan tiyilib, ana o‘sha oltin o‘rtalik boshini tutmog‘i zarur keladi.

Axir payg‘ambarimizning hech qachon o‘lmaydigandek bu dunyo uchun, ertaga o‘ladigandek oxirat uchun yasha degan o‘gitlari ham mohiyatan yuqoridagilarga hamohang jaranglamaydimi! Axir ochiq ko‘z bilan hayotni kuzatuvchi hassos qalb va aql egalari ham ayni haqiqatga bot-bot duch keladilar-ku!..

Mana shuning uchun ham qariyb 700 yil avval yaratilgan bo‘lishiga qaramay, Rumiy asarlaridan hayot nafasi esadi deging kelaveradi. Zero, hazratning o‘zlari tafakkurning har qanday mahdudligini yorib o‘tishga qaratilgan keskir so‘zlar «insonning botini – hurriyat olami» ekanligini anglashga da’vat etadi va shunga undayveradi.

— [1]

Nomi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asarga nima uchun „Fihi Ma-Fih“ („Ichindagi ichindadir“) nomi berilganligini o‘z holicha yaʼni keskin bir tarzda tushunilishi to‘g‘ri emas. U „ichingda boʻlishi kerak boʻlgan narsalar bu yerda“ degan maʼnoni anglatishi mumkinligini hisobga olish kerak.[manba kerak]

Chop etish[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Fîhi Ma-fih turkiy tiliga ilk bor Ahmet Avni Konuk (1868-1938) tomonidan tarjima qilingan.
  • Dr. Selchuk Eraydin tomonidan tayyorlangan nashr İz nashrlari tomonidan chop etildi.
  • Billur C. Yılmazyiğit tomonidan turk tiliga tarjima qilingan va „Ne varsa onun içinde var“ nomi bilan Perchment PUBLICATIONS tomonidan qayta nashr etilgan.
  • O‘zbek tiliga taniqli yozuvchi Ulug‘bek Hamdam tomonidan tomonidan tarjima qilingan.

Manba[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. https://kh-davron.uz/

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]