IBN JAUZIY

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

IBN JAUZIY, Jamoliddin Abul Faraj Abdurahmon ibn Ali (taxminan 1116-1201) -hanbaliylik mazhabi faqihi, ilohiyotchi, muhaddis, tarixchi, bag‘dodlik mashhur vaʼzxon. Bag‘dodda, o‘ziga to‘q misgar oilasida tug‘ilgan. Turli fanlardan taʼlim olgan. Xanbaliylikning mashhur allomalari unga ustozlik qilganlar, jumladan, faqih va vaʼzxon Ibn az-Zag‘uniy (1133 yilda vafot etgan), Abu Bakr ad-Dinovariy (1137 yilda vafot etgan) unga munozara qilish sanʼatidan, adib Abu Mansur al-Javoliqiy (1144 yilda vafot etgan) unga ilmi adabdan, Abu-l-Fadl ibn Nosir (1150 yilda vafot etgan) hadis va Qur’ondan saboq bergan, faqih Abul Hakim an-Nahravoniy (1161 yilda vafot etgan), qozi Abu Yada Kichik (1163 yilda vafot etgan) va boshqalar. Ibn Jauziy Bag‘dodning diniy-siyosiy hayotida faol qatnashgan. Xalifa al-Mustadiy davri (1170-80)da hanbaliy mazhabi poytaxtda hukmron mavqega ega bo‘lgan. Ibn Jauziy saroy masjidida vaʼzxonlik qilganida uni eshitish uchun juda ko‘p xalq to‘plangan. Xalifa vafotidan so‘ng o‘rniga an-Nosir o‘tirgach, vaziyat o‘zgargan va Ibn Jauziyning ishlari orqaga ketgan. 1194 yilda hanbaliy vazir Ibn Yunus vazifasidan chetlatilib, qamoqqa olingan, o‘rniga shialardan bo‘lgan Ibn al-Qassob o‘tqazilgan. Ibn Jauziy an-Nosir siyosatini tanqid qilgani uchun hibsga olinib, Vositga surgun qilingan, u yerda qamoqda qattiq nazorat ostida saqlangan. Xalifaning onasi aralashuvi tufayligina 5 yildan so‘ng ozod etilgan. Ibn Jauziy Bag‘dodga tantanali suratda qaytib kelgach, biroz vaqtdan so‘ng vafot etgan. Ibn Jauziy eng sermahsul musulmon allomalardan bo‘lib, 200 ga yaqin asar yozgan. Eng mashhur asari — 10 jidddi „al-Muntazam“ — xalifalik tarixiga oid nodir manba. 12-a. 60- 80-yillarida Bag‘dod hanbaliylari peshvosi bo‘lgan Ibn Jauziy hanbaliylik harakatiga juda katta taʼsir ko‘rsatgan

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

ISLOM ENSIKLOPEDIYASI „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2004