Kontent qismiga oʻtish

Hoshim Sattarov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hoshim Sattarov
Tavalludi 1904-yil
Vafoti 4-oktyabr 1938-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Moskva davlat universiteti
Kasbi Shifokor
Faoliyat yillari 19311938-yillar

Hoshim Sattarov (1904-yil Namangan – 1938-yil Toshkent) – Ziyoli, shifokor. Oʻzbek, maʼlumoti oliy. Toshkentda tibbiyot institutini tashkil etilishida hissa qoʻshgan. Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar boʻlimi mudiri. Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlar raisi oʻrinbosari.

1904-yil Namangan shahrida kambagʻal dehqon oilasida tugʻilgan.

Oilasi ogʻir sharoit tufayli 1914-yilda xususiy qand korxonasida qora ishchi boʻlib ishlaydi. Bu 1916-yilgacha davom etgan. Otasi 1917-yilda oʻzining eski ishiga bogʻdorchilikka qaytadi. Hoshim Sattarov 1917-yildan 1919-yilgacha „Namuna“ nomli maktabda tahsil olgan. 1919-yildan 1922-yilgacha Oʻzbekiston pedagogika instituti huzuridagi kursda oʻqigan. 1922-yili Turkiston Kommunistik partiyasi homiyligida Moskvada Kalinin nomidagi ishchilar fakultetida tahsil olgan. 1925-yilda esa ishchilar fakultetini tamonlab, Moskva davlat universiteti Tibbiyot fakultetiga oʻqishga kirgan. 1920-yildan 1928-yilga qadar komsomol aʼzosi boʻlgan, partiyaga 1929-yil 28-yanvar kuni qabul qilingan. 1930-yilda Moskvadagi tibbiyot institutini tamomlab, ichki kasalliklar boʻyicha shifokor mutaxassisligiga ega boʻlgan. Institutni tamomlagandan soʻng Moskvada aspiranturada oʻqishni davom ettirgan. 1931-yil mayida Oʻz K(b)P Markaziy komiteti qarori bilan ishlash uchun Toshkentga chaqirib olingan[1].

Oʻz K(b)B Markaziy komiteti qaroriga muvofiq Oʻzbekiston SSR Sogʻliqni saqlash Xalq komissarligida kadrlar boʻlimi mudiri etib tayinlangan. Bu lavozimda 1931-yil mayidan 1932-yilgacha ishlagan. 1932-yildan 1934-yilga qadar Oʻzbekiston SSR Xalq komissarlar raisining oʻrinbosari, keyinchalik Toshkent tibbiyot instituti direktori vazifalarida ishlagan. Sovetlarning V qurultoyida OʻzSSR Markaziy ijroiya komiteti aʼzosi etib saylangan. 1935-yilning 20-dekabriga kelib OʻzSSR Markaziy Ijroiya komiteti va OʻzSSR Xalq komissarlari Soveti boshchiligida Toshkentda Tibbiyot instituti tashkil etiladi. Instututni tashkil etishdagi faol ishtiroki tufayli taqdirlangan. Partiya tozalovidan oʻtgan.

Oilasida 7 kishi: xotini, oʻgʻli, xotinining ikki singlisi va otasi. Yashash manzili Toshkent shahri, 1-may koʻchasi, 74-uy. SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938-yil 4-oktyabrdagi Toshkent yigʻilishida Sattarov Hoshim Ogʻaliqovich otishga hukm etilgan. VKP (b) siyosiy byurosi va shaxsan Stalin tomonidan maʼqullangan va kategoriyalarga ajratilgan qatagʻon qurbonlari roʻyxatiga kiritilgan[2]. Sud hukmi shu kuni ijro etilgan. Partiya XX syezdidan keyin reabilitatsiya qilingan.

  1. Rustambek Shamsiddinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari. 1-kitob. Toshkent, „Sharq“ 2012 — 84-bet. ISBN 9789943004818. 
  2. Naim Karimov. 1937—1938-yillarda „Katta qirg'in“ning fojiali oqibatlari. Toshkent 2015 — 155-bet.