Hid bilish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Hid bilishodam va hayvonlar burun boʻshligʻining yuqori qismida joylashgan maxsus sezgi aʼzolari (hid bilish retseptorlari) orqali hidlarni sezish. Hayvonlarda Hid bilish ovqat qidirish, yoʻl topish, aniq joyni belgilash, qaramaqarshi jinsni izlash, shuningdek, bilish vositalaridan biri hisoblanadi va h.k. Odamlarda Hid bilishning ahamiyati hayvonlardagiga qaraganda kamroq, biroq Hid bilishning yoʻqolishi odam uchun azob hisoblanadi (qattiq tumov boʻlganda ovqatning qanchalik bemaza tuyilishini eslab koʻraylik). Hid bilmaydigan odamlar koʻpincha ovqatdan zaharlanishi mumkin, chunki biror ovqatning sifatliligini hididan bila olmaydi. Har bir odamda koʻpgina hissiyotlar hidni sezishga bogʻliq boʻladi. Yomon hid kayfiyatni buzishi, yaxshisi koʻtarishi mumkin.

Hidlarni burunning shilliq pardasida joylashgan maxsus retseptorlar sezadi (qarang Burun), u yerda bor-yoʻgʻi 5— 10 sm2joyda taxminan 50 mln alohida hid sezuvchi retseptorlar boʻladi. Bunda har bir retseptor yuzasi nihoyatda mayda oʻsimtalar hisobiga koʻp marta ortadi.

Shilliq parda yuzasida joylashgan Hid bilish retseptorlari shu hujayralar ajratadigan shilliq modda bilan doimo namlanib turadi. Hidli moddalar havo bilan burun boʻshligʻiga tushadi, shilliqda eriydi va retseptorlarni taʼsirlaydi, u yerdan hid haqidagi ax-borot hid bilish nervi orqali bosh miyaga oʻtkaziladi, bosh miyada esa bizning hid haqidagi (uning oʻtkirligi, sifati va boshqalar) taassurotimiz shakllanadi. Hid bilish analizatorlari xil-ma-xil hidli moddalar turlarini farqlay oladi. Izquvar it, mas, hidga qarab koʻpchilik odamlar ichidan maʼlum bittasini topa oladi, yaʼni har bir odam, har bir hayvon faqat oʻziga xos hidga ega. Hid bilish xususan bahorda va yozda, ayniqsa issiq nam havoda, shuningdek, yorugʻlikda qorongʻidagiga qaraganda oʻtkir boʻladi. Retseptorlarning hidli moddalar bilan uzoq vaqt taʼsirlanib turishi shu hidga oʻrganib qolishga olib keladi, keyin odam bu hidni sezmaydigan boʻlib qoladi. Bir hidga boshqasi taʼsir qilgandan keyin hidlar aralashib, oʻzgacha hidga aylanishi natijasida odam hidga ortiqcha sezgir boʻlib qolishi mumkin.

Yosh oʻtishi bilan Hid bilish ham susayadi. Hid bilish ning buzilishi — hid bilmaslik (anosmiya), turli hidlarga sezuvchanlikning ortishi (giperosmiya), burun shilliq pardalari kasalliklari (tumov), bosh miya ayrim boʻlaklarining oʻsmasi va shikastlanishi baʼzi bir psixik kasalliklarda uch-raydi (bunday hollarda Hid bilishga odatda hidlarni sezish gallyutsinatsiyasi qoʻshiladi). Baʼzi homilador ayollarda ham hid bilmaslik holati kuzatiladi.

Hid bilish pasayganda yoki yoʻqolganda darhol vrachga murojaat qilish va saba-bini aniqlash zarur.