Kontent qismiga oʻtish

Haritat IV

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Haritat IV
Haritat
Nabotiylar davlati (Nabotiya yoki Nabateya) podshoh
Hukmronligining boshlanishi: miloddan avvalgi 8-yil
Hukmronligining tugashi: milodiy 40-yili
Oʻtmishdosh: Obodat III
Voris:Maliku II
Tugʻilgan sanasi: miloddan avvalgi I asr
Vafot sanasi:milodiy 40-yil
Dafn joyi:Petra
Turmush oʻrtogʻi:Shahila
Farzandlari:Maliku II (oʻgʻli)
Sulola:Nabotiylar

Haritat IV (miloddan avvalgi 8 – milodiy 40-yillarda hukmronlik qilgan) – Nabotiylar (Nabotiya, Nabateya) davlatining soʻnggi yirik hukmdorlaridan biri. Iudeya va Rim bilan janglarda gʻalabaga erishib, Nabotiya hududini biroz kengaytirgan va „oʻz xalqini sevuvchi“ degan unvoni bilan mashhur. Nabotiylar davlati uning davrida ravnaq etdi[1].

Taxtga oʻtirishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Miloddan avvalgi 9—8-yillar qishida Obodat III (Obodat II (taxminan miloddan avvalgi 62—60-yillar)ning mavjudligi toʻliq isbotlanmaganligi uchun u Obodat III (miloddan avvalgi 30—9-yillar) emas, Obodat II ham boʻlishi mumkin) vafot etgach, Nabotiyada ichki sulolaviy kurash yuz beradi. Ichki kurashlarda vazir Sillayni Rim imperiyasi yordamida yengib, Haritat IV (miloddan avvalgi 8—milodiy 40) Nabotiylar taxtiga oʻtiradi.[2].

Madaniy hayot

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hozirgacha topilgan nabotiy yozuvlarining aksariyati Haritat IV ning podsholik davriga toʻgʻri keladi. Bu yozuvlar odatda qabrtosh yozuvlaridan iborat boʻlib, ularning deyarli hammasi podsho Haritat IV ning u yoki bu hukmronlik qilgan yili bilan sanalangan. Hukmdorligining 43-yili (milodiy 35-yil)ga tegishli bir yozuvda Haritat IV „oʻz xalqini sevuvchi“ deb atalgan va u bilan birga malika Shahilaning ismi berilgan. Odatda, „xalqning doʻsti“, „xalqni sevuvchi“ singari hokimlarning epitetlari ellinistik davlatlarda uchragan[3].

Haritat IV davrida Nabotiylar davlati Iordan daryosi ortidagi yerlar hisobiga biroz kengaydi. Milodiy 36-yili Iudeya podshosi Irod II Antip bilan yuz bergan jangda Haritat IV katta gʻalaba qozonadi. Bundan gʻazabga kelgan Rim imperatori Tiberiy Suriyaning Rimlik hokimi Vitteliyga Haritat IV ni tiriklayin tutib yoki boshini olib kelishni buyuradi. Ammo 37-yili Tiberiy toʻsatdan vafot qildi, Haritat IV esa shu yili qasos sifatida Damashqni oladi va shu yildan boshlab 60-yillargacha Damashqda Rim tangalarini zarb qilish toʻxtab qolgan. Bu voqealar haqida avliyo Pavelning Korinfliklarga ikkinchi maktubida ham aniq xabarlar bor. Haritat IV dan soʻng taxtga oʻtirgan oʻgʻli Malik (Maliku) ІІ (40—70-yillarda hukmronlik qilgan) davrida nabotiylar Iordan daryosi ortidagi yerlarni yoʻqotdilar[4].

Vafot qilishi va maqbarasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Haritat IV milodiy 40-yili vafot etadi. Haritat IV va uning oʻgʻli Maliku II milodiy I asrning boshlarida Nabotiylar tomonidan Iordaniya janubidagi qadimiy Petra shahridagi qoyalardan biriga oʻyib qurilgan maqbaraga dafn etilgan[5].

  1. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 104–bet.
  2. Araviya: materiali, s. 61
  3. Shifman. Nabateyskoe gosudarstvo. c. 27.
  4. Hasanov A. Qadimgi Arabiston va ilk islom: I kitob. Johiliya asri. – Toshkent: „Toshkent islom universiteti“, 2001. 104–bet.
  5. Lee, Hae-rin „Jordan's ancient city of Petra demonstrates ancient Nabataeans' genius“. 16.03.2023. Qaraldi: 2024-yil 14-iyun.