Harbiy holat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Harbiy holat – konstitutsiyaviy huquqda favqulodda vaziyatlarda oʻrnatiladigan va davlat mudofaasi yoki jamoat tartibi, davlat xavfsizligini taʼminlash uchun favqulodda choratadbirlarni qoʻllash bilan ajralib turadigan alohida huquqiy rejim. Harbiy holat uni joriy etishga vakolatli davlat organining qarori bilan alohida holatlarda (harbiy harakatlar boshlanganda, ommaviy tartibsizliklar roʻy berganda va h.k.) oʻrnatiladi. Harbiy holat ayrim joylarda ham, butun mamlakat hududida ham eʼlon qilinishi mumkin. Harbiy holat paytida harbiy idoralarga mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat va jamoat muassasalari va tashkilotlariga farmoyishlar berish huquqi beriladi. Harbiy maʼmurlarning buyruq va farmoyishlariga boʻysunmaganlik uchun harbiy davr qonunlari boʻyicha kuchaytirilgan javobgarlik belgilanadi. Fuqarolarning bir qancha huquqlari cheklanib turiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 18-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qiladi va qabul qilgan qarorini 3 kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdigʻiga kiritadi. Oʻzbekiston Respublikasining „Mudofaa toʻgʻrisida“gi qonuni (1992-yil 3-iyul) boʻyicha Oliy Bosh qoʻmondonning vazifalari Harbiy holat eʼlon qilinishi bilanoq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklanadi. Uning huzurida Mudofaa Kengashi tuziladi. Kengash harbiy davrda qurolli Kuchlarga va xalq xoʻjaligiga rahbarlik qiladi. Harbiy holat tartibi qonunlar bilan belgilanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]