Hamid Gʻulom
Hamid Gʻulom | |
---|---|
Tavalludi |
25-aprel 1919-yil |
Vafoti |
21-avgust 2005-yil (86 yoshda) Toshkent |
Fuqaroligi | SSSR va Oʻzbekiston |
Mukofotlari |
Hamid Gʻulom (Gʻulomov Hamid Ubaydullayevich) (1919.25.04 — Toshkent — 2005.21.08) — Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1979), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1969). Oʻrta Osiyo industrial institutining ishchilar (1933) va togʻ fakultetlarini, Pedagogika institutining rus tili va adabiyoti fakultetida Moskvadagi Oliy adabiyot kursida taʼlim olgan. "Qizil Tojikiston" gazetasida adabiy xodim (1938-41), JCHM Oʻzbekiston davlat nashriyotida muharrir (1941—42), respublika radio komitetida suxandon va muharrir (1943 —44), "Qizil Oʻzbekiston" gazetasida boʻlim mudiri va masʼul kotib (1944— 54), "Literaturnaya gazeta"sining Oʻzbekiston boʻyicha maxsus muxbiri (1956— 58), Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hayʼatida kotib (1958—65), "Sharq yulduzi" jurnalida bosh muharrir (1965—71), Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida direktor (1971—81).
Ilk sheʼrlar toʻplami — "Qasosim bor" (1942). "Haykal" (1943), "Salyut" (1945), "Vatan kuylari" (1949), "Yangi bogʻ" (1951), "Dalamizga keling" (1954), "Qitʼalar uygʻoq" (1960), "Oshiq koʻngil" (1974) singari sheʼriy toʻplamlar hamda "Hayot ishqi", "Lola koʻl", "Amazonka qoʻshigʻi" singari dostonlar muallifi. Hamid Gʻulom sheʼriyatiga xos asosiy xususiyat shundaki, u lirik qahramonning ruhiy olamini ochish, uning tuygʻu va kechinmalaridagi iztirob va ichki kurashni tasvirlashga emas, balki umuminsoniy fikr va gʻoyalarni kuylashga koʻproq urgʻu bergan. Koʻpincha tantanavor ohanglar yordamida voqelikka boʻlgan munosabatini ifodalashga, kitobxon bilan muloqotda boʻlishga intilgan.
Hamid Gʻulom "Olmos qizi" (1956) ilk qissasidan keyin nasriy janrlarda koʻproq ijod qilgan. 2 kitobdan iborat "Mashʼal" (1958—61) romanida oʻtgan asrning 20-yillarida Oʻzbekistonda sotsialistik tuzumning barpo etilishi bilan bogʻliq voqealarni aks ettirishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Mazkur romandagi bir necha qahramonlar (Botirali, Eʼzozxon va boshqalar) obrazi mahorat bilan tasvirlanganiga qaramay, murakkab va hatto fojiali tarixiy davr unda oʻzining bir yoqlama ifodasini topgan. Yozuvchi "Senga intilaman" (1963) romanida 50-yillarda qoʻriq va boʻz yerlarning oʻzlashtirilishi mavzusiga murojaat etgan, "Toshkentliklar" (1967) romanida esa hamshaharlarining Ikkinchi jahon urushidan avvalgi va urush yillaridagi fidokorona mehnatini tasvirlash asosida oʻzbek xalqiga xos jasorat va qahramonlikni badiiy mujassamlantirishga intilgan. Hamid Gʻulomning "Binafsha atri" (1976) romani ham Mirzachoʻlning oʻzlashtirilishi mavzusida. Hamid Gʻulom tarixiy-inqilobiy mavzudagi "Mangulik" (1978) romanidan keyin mumtoz oʻzbek adabiyotining mashhur namoyandasi Mashrab hayotiga bagʻishlangan navbatdagi romanini yaratgan.
Hamid Gʻulom musiqali drama teatri uchun "Fargʻona hikoyasi", "Oʻgʻil uylantirish" (1963), "Dil koʻzgusi", "Toshbolta oshiq" (1965), "Ajab savdolar" (1968) va "Muhabbat navosi" pyesalari hamda opera teatri uchun "Xorazm qoʻshigʻi" (1964) librettosini yozgan. Komik rollar ustasi S.Xoʻjayev ijro etgan Toshbolta oshiq toʻgʻrisidagi komediyasi Muqimiy teatrida sahnalashtirilgan.
U.Shekspirning "Oʻn ikkinchi kecha", Lope de Veganing "Qoʻzi buloq" pyesalari, Firdavsiy "Shohnoma"siga kirgan ayrim dostonlar, shuningdek, A.Pushkin, M.Lermontov, T.Shev-chenko, M.Gorkiy va boshqa yozuvchilarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
"El-yurt hurmati" (1988) va "Mehnat shuhrati" (2004) ordenlari bilan mukofotlangan.[1]
As.Tanlangan asarlar [3 j.li], 1—3j.lar, T., 1962—72; Lola koʻl, T., 1973; Asarlar, 4 j.li, T., 1978—79; Vafoning uzun yoʻli, T., 1988.
Ad.Vladimirova N., Sultonova M., Qahramonning shakllanishi, T., 1968; Boy-qobilov B.. Shermuhamedov P.. Ijodning yulduzli onlari, T., 1979.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
- 25-aprelda tugʻilganlar
- 1919-yilda tugʻilganlar
- Toshkentda tugʻilganlar
- 21-avgustda vafot etganlar
- 2005-yilda vafot etganlar
- Toshkentda vafot etganlar
- Mehnat Qizil Bayroq ordeni sohiblari
- Mehnat shuhrati ordeni sohiblari
- El-yurt hurmati ordeni sohiblari
- O‘zbekiston Respublikasi Faxriy yorlig‘i sohiblari
- Oʻzbekiston xalq yozuvchilari
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arboblari
- Toshkent davlat pedagogika universiteti bitiruvchilari
- Oʻzbek tarjimonlari