Aleksandr Gumboldt
Friedrich Wilhelm Heinrich Aleksander von Humboldt (1769.14.9 - Berlin - 1859.6.5) - nemis tabiatshunosi, sayyoh, geograf.
Berlin Fanlar Akademiyasi aʼzosi (1800-yildan), Peterburg FAning faxriy aʼzosi (1818 yildan). Geografiyaning fan sifatida rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan. Iqlimshunoslik, oʻsimliklar va hayvonot geografiyasi, xaritashunoslik, okeanografiya sohalarida tadqiqot ishlari olib borgan. 1799 - 1804 yillarda fransuz botanigi E. Bonplan bilan birga Markaziy va Janubiy Amerikani tadqiq qilib Yevropaga qaytgach, toʻplagan kolleksiyalarini 30 jildli asarida umumlashtirdi (1807—1834). 1829-yil Rossiya va Oʻrta Osiyoga kelgan. Ural va Oltoyga borib, qaytishda Qozogʻistonning Semipalatinsk, Uralsk (Yoyiq) sh.larida boʻlgan. Kaspiy dengizning shim. sohilidan oʻtgan. Tabiatdagi geografik zonallik va togʻlarda balandlik mintaqalarini ilmiy jihatdan umumlashtirishga harakat qilgan. Izotermalar metodini ishlab chiqib, Shim. yarim shar uchun ularning taqsimlanishini koʻrsatuvchi sxematik xarita tuzgan. Magnit hodisalarining geografik tarqalishi masalalarini ishlab chiqqan va materiklarning oʻrtacha balandliklarini hisoblagan.
G.ning ilmiy qiziqishlari nihoyatda keng boʻlganligidan yevropalik zamondoshlari uni "19-asrning Aristoteli" deb ataganlar. G. insonparvarlik va aqlidrok bilan ish koʻrish gʻoyalarini targʻib qilgan, irqlar va xalqlar tengsizligiga qarshi boʻlgan, tajovuzkorlik urushlarini qoralagan. G. nomiga bir qancha geografik obʼyektlar, jumladan Markaziy Osiyo va Yangi Zelandiyadagi bir necha togʻlar, AQShdagi koʻl va daryo, aholi punktlari, Grenlandiyadagi muzlik, Tinch okeandagi dengiz oqimi, shuningdek, oʻsimliklar, mineral, Oydagi krater va b. qoʻyilgan. Berlin universiteti aka-uka Aleksandr va Vilgelm G.lar nomi bilan ataladi.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |