Gulqogʻoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gulqogʻoz, oboy — xonalarning ichini pardozlashda ishlatiladigan oʻrama (rulon) material. Eshik tabaqalari va mebellarga ham ishlatilishi mumkin. G.ning oddiy (gulli, gulsiz, bir tusli va rang-barang) va namga chidamli, tovush yutadigan xillari; bosma (A, A), naqshli bosma (B, B), burmali bosma (V, V), takrorlangan (G, G) xillari bor. G. eni 500, 560 va 600 mm, uz. 6; 10,5; 12; 18 m li oʻramlar tarzida ishlab chiqariladi. Namga chidamli G.ning suvga chidamli polimerlar qoʻshilgan boʻyoqlarda tayyorlanadigan va old tomonida (oʻngida) polimer emulsiya va loklar bilan hosil qilingan himoya pardali bosma xillari bor. Bular iliq sovunli suv bilan bir necha marta yuvishga va artishga chidaydi. Tovush yutadigan G. old tomoni har xil tolali materiallar (toʻqimachilik sanoati chiqindisi)dan yasalgan tuk qoplamali qogʻoz asosida tayyorlanadi. Bunday G.ning sirti chang soʻrgʻich bilan tozalanadi. G.larga ishlatiladigan boʻyoqlar yorugʻlik taʼsiriga ancha chidamli boʻlishi kerak. Namga chidamli G.ning teskari tomoni yelim katlamli yoki yelimsiz boʻladi. Yelimlisi devor yoki shipga mustahkam yopishadi. Bulardan tashqari xili va guliga qarab moslashtirib xonaning yuqorigi cheti boʻylab yopishtiriladigan qogʻoz koshinlar — bordyur va frizlar; toʻldirgich bilan sintetik smola asosida tayyorlangan plastik massadan iborat, qogʻoz asosga tushirilgan boʻrtma gulli material — linkrust; teskari tomoni maxsus qogʻoz bilan himoyalangan yelimli yoki yelimsiz pardozbop bezak plyonka — polivinil-xloridli va boshqa xillari ham ishlatiladi. Hozirgi vaqtda G.lar koʻpincha polimer materiallar asosida tayyorlanadi. G.ni yopishtirish uchun sirach yoki sintetik yelimlar va mastikalardan foydalaniladi. Kadimda Yaponiya, Xitoy mamlakatlarida, 18-asrgacha Yevropada xonalar devorlari, shiplari mato qoplab pardozlangan. Qogʻoz ishlab chiqarish rivojlangandan soʻng mato oʻrniga G. ishlatilgan. G. ishlab chiqaruvchi sanoat dastlab 18-asrda Angliyada paydo boʻlgan (u paytda gullar dastaki usulda bosilgan). Mashinada gul bosish 19-asr 20-yillarida boshlangan. Oʻzbekistonda polimer materiallar asosida G. Toshkent shahridagi oʻrta va kichik biznes korxonalarida ishlab chiqariladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Bozorboyev N., Uy-joy quruvchilar uchun 1001 maslahat, T., 1990.