Gomeostaz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gomeostaz, gomeostazis (gomeo... va yun. stasis — harakatsizlik, holat) — biologik sistemalarning oʻz tarkibi va xossalarining dinamik nisbiy doimiyligini saqlab qolish xususiyati. G. tushunchasini amerikalik fiziolog U. Kennon (1929) taklif etgan. G. biologik tuzilishning har xil darajasida namoyon boʻladi.

Fiziologik G. Yerda hayotning paydo boʻlishi bilan shakllana boshlagan, chunki bir hujayralilarning kelib chiqishi hujayra ichida tashqi muhit sharoitidan farq qiladigan maxsus fizik-kimyoviy sharoitning qaror topishi bilan bogʻliq boʻlgan. Koʻp hujayralilarda vujudga kelgan ichki muhit ichida hujayra va toʻqimalar joylashadi, ana shu ichki muhitda G. mexanizmlari rivojlanadi va takomillashib boradi. Evolyutsiya davomida qon aylanish, ayirish, nafas olish, hazm qilish va G.ni boshqarishda zarur boʻlgan boshqa maxsus sistemalar vujudga kelgan. Dengiz umurtqasiz hayvonlarida ichki muhit suyuqligi hajmi, ion tarkibi va rN ini barqarorlashtiradigan gomeostatik mexanizmlar paydo boʻladi. Chuchuk suv va quruqlikda yashashga oʻtgan hayvonlarda, shuningdek, chuchuk suvdan dengizga oʻtgan umurtqalilarda osmotik faol moddalar konsentratsiyalanadi. G. ayniqsa sut emizuvchilarda mukammal rivojlangan boʻlib, ularning atrof muhitga moslanish imkoniyatlarini oshiradi. G. tufayli qon va toʻqima suyuqligi hajmi, ulardagi ionlar va osmotik faol moddalar konsentratsiyasi, qonning rN, undagi oqsillar, lipidlar va uglevodlar tarkibining doimiyligi saqlanib qoladi. Qushlar va sut emizuvchilar tana haroratining doimiyligi G. tufayli ham boshqariladi. Qoʻshimcha fiziologik mexanizmlar alohida organlar ichki muhiti doimiyligini taʼminlaydi. Mas, gematoensefalik va gematooftalmik baryerlar miya hujayralari va koʻzlarni oʻrab turadigan suyukliklarning maxsus xossalarini belgilaydi. G.ning boshqarilishida markaziy nerv sistemasi: bosh miya yarim sharlari poʻstlogʻi, simpatik nerv sistemasi, gipofiz, buyrak usti va b. bezlarning holati katta ahamiyatga ega. Har xil regulyatsiya mexanizmlarini oʻz ichiga oladigan murakkab gomeostatik sistemaga misol qilib arteriya bosimining optimal darajada saqlanib turishini taʼminlaydigan sistemani koʻrsatish mumkin.

Gomeostatik jarayonlar asosida yotadigan mexanizmlarning izdan chiqishi "G. kasalligi" hisoblanadi. Bu jarayonlarga shartli ravishda biologik ritmlarning qayta qurilishi va b. bilan bogʻliq boʻlgan organizmlar normal faoliyatining funksional buzilishini ham kiritish mumkin.

Oʻsimliklarda G.ni hujayra darajasida boshqarishda plazmolemma va tonoplast asosiy ahamiyatga ega. Plazmolemma tashqi muhitdan hujayraga oziq moddalar, ionlar va suvning oqib kelishi, ballast moddalar va ortiqcha N+, Na+, Sa2+ ionlarini chiqarib yuborishni; tonoplast esa oziq moddalar tanqisligida vakuollardan protoplazmaga zaxira moddalarni olib kirish va ularning ortiqcha qismini vakuollarga chiqarilishini boshqaradi. Toʻqima darajasida G.ni saqlashda uglevodlar va b. substratlarning hujayralararo oqimini boshqaradigan plazmodesmalar qatnashadi.

Genetik, yaʼni populyatsion G. oʻzgaruvchan muhit sharoitida populyatsiya genotipik strukturasining nisbiy barqarorligi va yaxlitligini saqlab turishdan iborat. Bu holatga populyatsiyadagi individlar erkin chatishganida allellar chastotasi genetik muvozanatini, geterozigotalik va podimorfizm hamda mutatsiya jarayoni muayyan tezligi va yoʻnalishini saqlab turish orqali erishiladi. G.ni oʻrganish — mikroevolyutsiya qonuniyatlarini tadqiq qilishning dolzarb vazifasiga kiradi. "G." tushunchasidan ekologiyada ekosistemalar holati va ular turgʻunligiga tasnif berishda keng foydalaniladi. G. tufayli biogeotsenozlarda turlarning tarkibi va individlar soni barqarorligi saqlanib turadi.

Bakridin Zaripov.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil