Gips bogʻlov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gips bogʻlov — tez qotadigan bogʻlov; doka bintga gips kukunini bir tekisda yoyib tayyorlanadi. Tibbiyot amaliyotida singan oyoq-qoʻlni harakatsizlantirish (qarang Immobilizatsiya) uchun qoʻllaniladi. Birinchi boʻlib N. I. Pirogov taklif etgan (1854). Suyak singanda va boʻgʻimlarga shikast yetganda, ularni qimirlamaydigan qilib qoʻyish, suyak-boʻgʻim silini davolash, tugʻma va hayot davomida qiyshayib qolgan umurtqa pogʻonasini toʻgʻrilash uchun ishlatiladi. G. b. ishlatilishidan oldin togʻoradagi iliq suvga tiqib olinadi. Suvni yaxshi shimib olgan gipsli bintni bir oz siqiladi va yalangʻoch badanga yoki nam tortmaydigan paxta ustidan qoʻyiladi. G. b. badanga tekis va jips yopishib, qimirlatmay qoʻyadi. G. b. aylanma yoki gips longeta shaklida boʻlishi mumkin. Oyoqqoʻl yoki tanaga aylanma G. b. qoʻyiladi. Gavdaning biror qismini qimirlatmay qoʻyish uchun gips longeta va b. ishlatiladi. Umurtqa pogʻonasi silida gipedan yasalgan maxsus karavotlar, suyak ochiq singanida yoki operatsiya qilinganida shikastlangan sohada teshik qoldirilgan G. b.lar qoʻllaniladi. G. b. juda siqib qoʻyilsa, qon aylanishi buzilishi mumkin: G. b. qoʻyilgan joy ogriydi, chumoli yurayotgandek tuyuladi, shishadi, soviydi, oyoq yoki qoʻl barmoqlari koʻkaradi yoki oqaradi, hech narsa sezmay qoladi. Bunday hollarda darhol vrachga koʻrsatish kerak. G. b.ni boʻlinib ketishdan saqlash lozim, aks holda shikastlangan joyning bitishi buziladi. Oyoqqa qoʻyilgan G. b. kir boʻlib ketmasligi uchun ustidan paypoq kiyiladi, qoʻl yoki b. joyda boʻlsa bint oʻrab, kir boʻlganda almashtirib turiladi. Yosh bolalarga G. b. qoʻyilsa, ustidan kleyonka oʻrab qoʻyilgani maʼqul, aks holda ular yozilganda nam tegib G. b. tushib ketishi mumkin.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil