Ginogenez

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Ginogenez (yun. gyne — ayol va ...genez) — organizmlar koʻpayishining bir xil i. G.da tuxum hujayrasiga kirgan spermatozoid uning rivojlanishini stimullaydi, lekin yadrosi bilan qoʻshilmaydi va embrionning bundam keyingi rivojlanishida ishtirok etmaydi. G. soxta urugʻlanish — psevdogamiyadan iborat. Shuning uchun G.ga baʼzan partenogenez shakllaridan biri sifatida qaraladi. Tabiiy G. ayrim nematodalar, suyakli baliqlar, suvda hamda quruqlikda yashovchilar va koʻpchilik yopiq urugʻlilarda aniqlangan. Baʼzan ginogenetik populyatsiyalarda erkagi uchramaydi, tuxum esa boshqa turlar spermasi bilan urugʻlanadi (mas, karas ikrasi choʻrton erkagi "suti" bilan urugʻlanadi). G.ni tajribada tuxum hujayrani boshqa uzoq tur spermatozoidlari bilan urugʻlantirish, fizik va kimyoviy usulda spermatozoid yadrosini faolsizlantirish yoki tuxumdan erkaklik pronukleusini chiqarib olish orqali paydo qilish mumkin. Bunday yoʻl bilan olingan gaploid embrion yashovchan boʻlmaydi. Diploid G. roʻy berishi uchun tuxum hujayra yetilishi davridagi boʻlinishlardan birining sitotomiyasini yoki tuxum maydalanishidagi dastlabki boʻlinishlardan birini yoʻqqa chiqarish lozim. G.dan gomozigotalikda yoki faqat bir jinsli organizmlarni olishda foydalaniladi.

Sayfullo Toʻychiyev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil