Gelibolu shartnomasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Turi Sulaymon Chalabiy bilan Vizantiya imperiyasi oʻrtasidagi ittifoq shartnomasi, Sulaymon Chalabiy va Genuya, Venetsiya va ularning Gretsiyadagi mulklari va vassallari oʻrtasida tinchlik va savdo shartnomasi
Imzolangan sanasi 1403-yil yanvar/fevral
Imzolangan joyi Gelibolu
Tomonlar Usmonlilar imperiyasi
Vizantiya imperiyasi
Genuya Respublikasi
Venetsiya Respublikasi

Gelibolu shartnomasi — 1403-yil yanvar yoki fevral oyining boshlarida Bolqon yarim orolidagi Usmonlilar imperiyasi hududlari hukmdori Sulaymon Chalabiy va asosiy xristian mintaqaviy kuchlari: Vizantiya imperiyasi, Venetsiya Respublikasi, Genuya Respublikasi va Naxos gersogligi oʻrtasida imzolangan tinchlik savdo shartnomasi. Anqara jangidan soʻng ushbu shartnomaga erishib, Sulaymon oʻz akalari bilan vorislik kurashida oʻz mavqeini mustahkamlashga harakat qilgan boʻlsa-da, shartnoma xristian davlatlariga, xususan yoʻqotilgan hududlarini qaytarib olgan va Usmonli shahzodasi ustidan nominal ustunlikka ega boʻlgan Vizantiya imperiyasiga katta imtiyozlar keltirdi. Shartnomaning qoidalari Sulaymon tomonidan, shuningdek, Usmonlilarning vorislik kurashida gʻolib boʻlgan Mehmed I tomonidan qabul qilingan ammo 1421-yilda Mehmed vafotidan keyin shartnoma shartlari oʻz kuchini yoʻqotgan[1].

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shartnomani imzolagan asosiy shaxslar
XVI asr oxirlarida Rumeliya hukmdori Sulaymon Chalabiyning xayoliy tasviri
XV asr miniatyurasi. John VII portreti

1402-yil 26-iyulda Anqara jangida Usmonlilar sultoni Boyazid I Yildirim Oʻrta Osiyolik sarkarda Amir Temur]] tomonidan magʻlubiyatga uchratildi va asir tushdi. Anqara jangi mintaqadagi muvozanatni buzib yubordi va Onadoʻlidagi turk bekliklariga Usmonlilar tomonidan bosib olingan yerlari Amir Temur tomonidan qaytarib berildi. Amir Temur Usmonlilarning Bolqon hududiga aralashmadi. Xuddi Onadoʻlidagi bekliklar kabi, Usmonli hokimiyatining toʻsatdan qulashi hokimiyat boʻshligʻini yaratdi va mintaqaning turli nasroniy kuchlari — Vizantiyaliklar, Vengerlar, Venetsiya Respublikasi va bir qator kichik hukmdorlar har biri oʻz manfaatlarini himoya qilishga va Usmonlilarga qarshi kurashga harakat qilishdi.

Boyazidning toʻngʻich oʻgʻli Sulaymon Chalabiy Anqaradagi jangdagi halokatdan qutulib, 20-avgust kuni Geliboluga yetib keldi. Boshqa birodarlari Amir Temur bilan muzokara qilish uchun Onadoʻlida qolib, qoʻllaridan kelgan hududlarni qutqarishga harakat qilishgan boʻlsalar, Sulaymon Bolqondagi Usmonli hududlarini („Rumeliya“) nazorat qilishga oshiqdi. Biroq, uning bu yerdagi mavqei past edi va uning birinchi navbatdagi vazifasi mintaqaning nasroniy kuchlari bilan bogʻlanish va ular bilan sulh tuzish edi. Bu sulh Usmonlilar taxti uchun kurashish uchun kerak edi[2][3]. Allaqachon 22-sentabr kuni Venetsiya Senati bu masalani muhokama qilardi va Venetsiyaliklar Gelibolu ustidan nazoratni qoʻlga kiritishga umid qilardilar. Venetsiyaliklar, shuningdek, oʻsha paytda Gʻarbga yordam soʻrab Parijda boʻlgan Vizantiya imperatori Manuel II Palaiologos bilan bogʻlanishdi va Konstantinopolga qaytishga chaqirishdi va Venetsiyaliklarning asosiy raqibi Genuya tomonidan qoʻllab quvvatlangan Manuel II ning jiyani John VI dan taxtni olish kerakligini qoʻshimcha qildilar[3][4].

Tez orada muzokaralar boshlandi va Sulaymon Venetsiyaga ham, Manuelga ham elchilar yuborib, katta imtiyozlar berdi. Biroq Manuel 1403-yil 9-iyungacha Konstantinopolga qaytmadi va uch yarim oy davom etgan muzokaralardan soʻng uning yoʻqligida kelishuvga erishildi.

Qoidalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

20-fevralda Peradagi bosmachilarga shartnomani tayyorlashda qilgan mehnatlari uchun haq toʻlanganligidan kelib chiqsak, shartnoma 1403-yil yanvarida yoki fevral oyining boshida imzolangan[3]. Turkcha asl nusxaning faqat bittadonasi, yomon venetsiya tarjimasi saqlanib qolingan[3][3]. Pietro Zeno, shuningdek, Usmonlilar bilan muzokaralar nusxasini qoldirgan va bu shartnomaning Geliboluda imzolanganligini aytdi[3].

Shartnoma qoidalari quyidagilardan iborat:

1) Sulton Sulaymon „buyuk yunon imperatori, otam“ bilan bir qatorda, "Rodos, Venetsiya, Genuya va Xios va Naxos gersogligining buyuk kommunalari, shuningdek, ularning Egey dengizi va Qora dengizidagi barcha yerlari, orollari va mulklari bilan birgalikda „haqiqiy“ tinchlik oʻrnatdi[3].

2) Sulton Sulaymon „Saloniki va Kalamariyani barcha yerlari bilan“, „Gallikosdan Paravardaro daryosigacha“ qirgʻoqni va Panidosdan (Marmara dengizi) Mesembriaga (Qora dengizi) qadar yerlarni va Palateoriya hududini hamma qal’asi bilan Vizantiya imperatoriga topshirdi. Vizantiyaliklar endi oʻlpon toʻlashlari shart emas edi va ular xohlagancha qal’a qurishlari mumkin edi. Oʻsha davrdagi Vizantiya tarixchisi Dukasning taʼkidlashicha, Sulaymonning „Strumadan Zetuniongacha boʻlgan hududlari, Peloponnes va Konstantinopol atrofidagi yerlar, Panidosdan Hieron Stomiongacha va Hieron Stomiondan Varnagacha Qora dengiz boʻyidagi barcha qirgʻoq qal’alari“ berilgani. U buni taʼkidlab, biroz boshqacharoq izoh beradi[3].

3) Sulaymon „imperatorning Turkiyadagi barcha qal’alarini“ tark etdi. Onadoʻli sohilidagi qal’alarning bir qismining qaytarilishini Vizantiya tarixchisi Laonikos Chalkokondilis tasdiqlaydi, ammo Vizantiya manbalarida bu haqida hech qanday tafsilotlar yoʻq. U 1419-yili Sulton Mehmed I Izmit koʻrfazining shimoliy qirgʻogʻida oʻsha paytgacha Vizantiya qoʻlida boʻlgan Hereke, Eski Gebze, Darica, Pendik va Kartal qal’alarini qutqarganini xabar qiladi. Biroq, Oshiqpashazodaning bayonoti shuni koʻrsatadiki, bu qal’alar keyinchalik Vizantiyaliklar bilan ixtilofda boʻlib qolgan va Mehmed II (1444-1446, 1451-1481) davrigacha, butunlay Usmonlilar tomonidan zabt etilmagan[5][6].

4) Agar Amir Temur Konstantinopolga hujum qilsa, Sulaymon oʻz kemalari va dengizchilari bilan shaharni himoya qilishga yordam berishi kerak edi[7].

5) Sulaymon Shimoliy Asporatlarni tarkibiga kiruvchi Skopelos, Iskados va Iskiriya orollarini ham qaytarib berdi va ularning soliqlari ham bekor qildi[3].

6) Konstantinopolning barcha fuqarolari (yaʼni Vizantiya imperatorining) oʻz uylariga qaytishlariga ruxsat berildi[3].

7) Sulaymonning otasi va bobosi davridagi, shaxslar oʻrtasidagi qarzlardan tashqari barcha qarzlar toʻxtatildi[3].

8) Serb hukmdori Stefan Lazarevich Boyazid oldidagi xuddi shunday majburiyatlarni qabul qilishi[3], yaʼni soliq toʻlash va harbiy yordam koʻrsatish sharti bilan oʻz yerlarini saqlab qolishga ruxsat berildi[3].

9) Barcha franklar, venetsiyaliklar, genuyaliklar, rodeziyaliklar va yunon savdogarlari oʻsha paytda yoki kelajakda Sulaymonga tegishli boʻladigan istalgan hududda erkin savdo qilishlari mumkin edi va ular „avvalgi odatdagi“ soliqlarni toʻlashlari kerak edi[3].

10) Agar savdogar jinoyat sodir etgan boʻlsa, jinoyatchidan boshqa hech bir savdogar jazolanmasligi kerak edi[8].

11) Agar Sulaymon yerida kema halokatga uchrasa, yuk ham, yoʻlovchi ham qaytariladi[3].

12) Sulaymon nazorati ostidagi barcha portlar nasroniy savdogarlari uchun ochiq boʻlib, ularga donni cheklovsiz eksport qilishga ruxsat beriladi. Soliq Konstantinopolda ishlatiladigan ogʻirlik boʻyicha har bir buschel (moso) don uchun bitta giperpirron miqdorida belgilandi.

13) Sulaymonning kemalari Vizantiya imperatori va nasroniy ittifoqining ruxsatisiz Dardaneldan chiqishiga ruxsat berilmas edi[8].

14) Sulaymon yoki uning qoʻl ostidagilar qoʻlida boʻlgan barcha vizantiyalik mahbuslar ozod etilishi kerak edi[3].

15) Sulaymon yoki uning qoʻl ostidagilar qoʻlida boʻlgan barcha Gunuyalik mahbuslar ozod etilishi kerak edi[3].

16) Agar genuyalik bir qul Usmonli yerlariga qochib ketsa, u qaytarilar edi. Amir Temur hujumidan keyin genuyaliklar qoʻlida ushlab turilgan har qanday musulmon ozod qilinadi[3].

17) Usmonlilar tomonidan boshqariladiga Xiosdan (Genuya koloniyasi) yigirma besh mahbus ozod qilinishi kerak edi[3].

18) Qora dengizdagi Genuya koloniyalari Usmonlilarga soliq toʻlashdan ozod qilindi[3].

19) Bu vaqtga kelib, Xios tomonidan Alto Luogodagi Usmonli gubernatoriga toʻlanadigan 500 dukat undirilishi kerak edi[4][2].

20) Venetsiyaliklardan olingan barcha yerlar, qal’alar, turar-joylar va boshqa hamma narsa ularga qaytariladi va Afina oʻz suverenitetiga ega boʻladi[3].

21) Venetsiyaliklar Yunonistonda toʻgʻridan-toʻgʻri Euboea orolining (Venetsiya mulki) roʻparasida besh milya kenglikdagi yerni oldilar, ammo Usmonlilar bu hududdagi tuzli tekisliklar va portlarni saqlab qolishdi. Venetsiyaliklar, shuningdek, Usmonli yerlaridan bojxona toʻlovisiz gʻalla sotib olgan har bir kishini jazolash majburiyatini oldilar[3][2].

22) Sulaymon Marquis Bodonitsadan olingan va Boyazid davrida koʻpaytiriladigan oʻlponni koʻpaytirmaslikka rozi boʻldi, garchi Marquis Fesaliyada Usmonlilarga qarshi fitna uyushtirgan boʻlsa ham[2].

23) Har ikki tomonning hududidan qochishni istagan qullar qaytariladi[2].

24) Bu vaqtga kelib, Naxos tomonidan toʻlangan 200 dukat oʻlpon bekor qilindi[3].

25) agar venetsiyaliklar oʻzlari ushlab turgan barcha Usmonli asirlarini ozod qilsalar, Sulaymon 500 venetsiyalik asirni qaytarar edi[3].

26) Bu vaqtga kelib Nea Fokaya (Genuya koloniyasi) tomonidan toʻlangan 500 dukat oʻlponi bekor qilindi[3].

27) Salona grafligiini gospitaller ritsarlariga topshirishni Morea despoti Teodoros Paleolog I maʼqullagan[3][4].

Shartnomaning ahamiyati va oqibati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shartnoma (yoki shunga oʻxshash qoidalarga ega boʻlgan boshqa shartnoma) yil oxirida imperator Manuel II Gʻarbdan qaytib kelganidan keyin yana ratifikatsiya qilindi[3]. Shartnoma shartlari Usmonlilar tomonidan yaxshi qabul qilinmadi. Ammo Usmonlilar imperiyasida taxt uchun aka-ukalar kurashayotgan vaqtida, bu shartnoma oʻz kuchida qoldi. Ammo Sulaymon 1411-yilda bu kurashda magʻlub boʻlganidan soʻng, shartnoma ham oʻz kuchini yoʻqota boshlagan[9]. Shunga qaramay, Evrenos Beg kabi qudratli Usmonli chegara qoʻmondonlarining (uch bey) qarshiliklari Gelibolunu Usmonlilar qoʻlida qolishini taʼminladi[1].

Tarixchi Nevra Necipogʻlu Sulaymonning shartnoma davomida Vizantiya imperatorini „ota“ deb ataganini taʼkidlab, Anqara jangi olib kelgan pozitsiyalarning ajoyib tarzda oʻzgarganini taʼkidlaydi va yoʻq boʻlib ketishdan qoʻrqqan shahzoda Sulaymonni 1411-yilga qadar Vizantiya vassali kabi boʻlganini aytadi. Vizantiya Usmonlilar ustidan maʼlum bir ustunlikka erishdi va mohir diplomatiya va raqib Usmonli shahzodalari oʻrtasidagi mojarodan foydalanib, oʻz mavqieini bir necha yil saqlab qoldi. 1411-yilda Sulaymon akasi Muso tomonidan taxtdan agʻdarildi va oʻldirildi. Muso Makedoniya, Fesaliya va Frakiyadagi Vizantiyaga berilgan hududlarning koʻp qismini egallab oldi[10]. Biroq 1413-yilda Muso Mehmed I dan magʻlubiyatga uchragach, Usmonli fuqarolar urushiga nuqta qoʻygan yangi sulton Gelibolu shartnomasi qoidalarini va imperator Manuelning „itoatkor oʻgʻli“ mavqeini yana bir bor maʼqullab, oʻlimigacha (1421) saqlab qoldi[11][10].

Murod II Usmonlilar imperiyasi taxtiga chiqishi ortidan, Vizantiya-Usmonli aloqalari tugatildi. Murod 1422-yilda Konstantinopolni qisqa muddatli qamal qildi va Salonikini uzoq qamal qildi, vizantiyaliklar 1423-yilda Salonikini Venetsiyaga topshirishga majbur boʻldi. 1424-yil fevralida imzolangan tinchlik shartnomasiga koʻra, vizantiyaliklar Geliboluda qoʻlga kiritgan yerlarining koʻp qismini yana yoʻqotdilar va yana soliq toʻlovchi vassal maqomiga tushib qoldilar[10].

Sulaymon 1406-yilda Onadoʻlida mashgʻul boʻlgan vaqtda, Venetsiya Rumelida mahalliy hukmdorlarni ozodlikka chiqarishi ortidan ikki tomon aloqalari yomonlasha bordi va Bolqon hududida Usmonlilar vassali boʻlgan hukmdor Balshaga Venetsiya hujum uyushtirdi. Venetsiya 1406-1409-yillarda Sulaymon huzuriga bir necha bor oʻz elchilarini yubordi, ammo bu hech qanday natija bermadi. Bu davrda Venetsiyaliklar Skopye hukmdori Pasha Yiğit Bey hamda Sulaymon bilan bevosita muzokaralar olib bordilar[1]. Biroq, Venetsiya elchisi Franchesko Giustinian 1409-yilda Sulaymon bilan shartnoma tuzishga muvaffaq boʻldi va Sulaymon vafotidan soʻng, xuddi shunday shartnoma boʻlgan — Selimbriya shartnomasi 1411-yil sentabrda shahzoda Muso bilan imzolandi[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Kastritsis 2007.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Miller 1908.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 3,14 3,15 3,16 3,17 3,18 3,19 3,20 3,21 3,22 3,23 3,24 3,25 3,26 Dennis 1967.
  4. 4,0 4,1 4,2 Setton 1976.
  5. Foss 1996.
  6. Shukurov 2016.
  7. Dennis 1967, ss. 78, 81.
  8. 8,0 8,1 Dennis 1967, ss. 79, 81.
  9. Setton 1976, s. 378.
  10. 10,0 10,1 10,2 Necipoğlu 2009.
  11. Bakalopulos 1962.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Bakalopulos, A. (1962). „Les limites de l'empire byzantin depuis la fin du XIV' siècle jusqu'à sa chute (1453)“. Byzantinische Zeitschrift (French). 55-jild, № 1. 56–65-bet. doi:10.1515/byzs.1962.55.1.56.{{cite magazine}}: CS1 maint: unrecognized language ()
  • Dennis, George T. (1967). „The Byzantine–Turkish Treaty of 1403“. Orientalia Christiana Periodica. XXXIII-jild. 72–88-bet.
  • Foss, Clive. [[[:Andoza:Google Books]] Survey of Medieval Castles of Anatolia, Vol. II: Nicomedia]. London: British Institute of Archaeology at Ankara, 1996. ISBN 978-1-8982-4907-8. 
  • Kastritsis, Dimitris. The Sons of Bayezid: Empire Building and Representation in the Ottoman Civil War of 1402-13. BRILL, 2007. ISBN 978-90-04-15836-8. 
  • Decline and Fall of Byzantium to the Ottoman Turks, by Doukas. An Annotated Translation of "Historia Turco-Byzantina" by Harry J. Magoulias, Wayne State University. Detroit: Wayne State University Press, 1975. ISBN 0-8143-1540-2. 
  • Necipoğlu, Nevra. Byzantium between the Ottomans and the Latins: Politics and Society in the Late Empire. Cambridge: Cambridge University Press, 2009. ISBN 978-1-107-40388-8. 
  • Shukurov, Rustam. The Byzantine Turks (1204–1461). Leiden: Brill, 2016. ISBN 978-90-04-30512-0.