Gandalf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Gandalf (talaffuzi: Gendalf) — J. R. R. Tolkien afsonalarining xususan, “Xobbit, yoxud u yoqqa va ortga” qissasining va “Uzuklar hukmdori” romanining asosiy qahramonlaridan. “Silmarillion” va Tolkinning boshqa asarlarida ham tilga olinadi.

Yaratilish tarixi va ehtimoliy prototiplari[tahrir]

Gendalf — J. R. R. Tolkinga begona bo‘lmagan skandinav va britan asotirlarida uchrovchi dono sehrgar va an’anaviy qahramondir. “Gendalf” nomi, to‘g‘riroq talqinda, “Gandalv” shaklida o‘rta asr norveg dostoni - “Dvergatal”da “quyi svartalvlar” (gnomlar)dan biri sifatida eslab o‘tiladi. Gendalf Tolkinning “Xobbit” bo‘yicha dastlabki qoralamalarida gnomlar bo‘linmasini boshlab boruvchi, bo‘yi baland bo‘lmagan “asoli chol” sifatida tasvirlanadi. Yakuniy talqinda esa dostondagi qirol Torin Emanqalqon, sehrgar esa Gendalf nomini oladi (muallif avvalroq sehrgarni Bladortin deya nomlamoqchi bo‘ladi, biroq bu nom unga jiddiy emasdek tuyuladi). Nom tanlanishida qadim island lahjasidagi “gandr” – “sehrli aso” va “alfr” – “elf” so‘zlari ham asos bo‘ladi.

Gendalf tashqi qiyofasining prototipi sifatida “Tog‘ ruhi” nomli shveytsar pochta qog‘ozida tasvirlangan ulkan qubbali shlyapa kiyib olgan va ohuga qo‘l uzatib oziqlantirayotgan soqolli qariya surati xizmat qilgan.

"Odin sayyoh qiyofasida", 1914

G‘arb folklorshunoslari tomonidan Gendalf personaji Merlin va skandinav ilohi Odinga ham qiyoslanadi. O‘tgan asrning 60-yillaridan “Uzuklar hukmdori”ning mashhurligi Gendalfga nisbatan ham omma orasida qiziqish yuqorilishini ta’minladi.

Gendalfning O‘rtayerda paydo bo‘lishi[tahrir]

Gendalfning haqiqiy ismi – Olorin. Ba’zan u elflar orasida ularning qiyofasida paydo bo‘ladi. O‘zining dono nasihatlari va kelajakdan ajoyib bashoratlari bilan bo‘lishadi. Olorin o‘z vaqtining katta qismini Lorienda o‘tkazadi.

Istari – donishmandlarining boshqa vakillari qatorida Valar kengashi tomonidan tanlanib, O‘rtayerga elflar va odamlarga Sauronga (Qora Hukmdor) qarshi kurashda yordam berish uchun jo‘natiladi. Olorin dastlab bu tanlovga rozi bo‘lmaydi, biroz o‘tgach esa yordamga yo‘l oladi. O‘rtayerda u turli nomlar bilan, jumladan, Kulrang Gendalf nomi bilan ham taniladi.

Gendalf O‘rtayer bo‘ylab kezib yurib, ko‘plab xalqlar bilan tanishadi, o‘zining beqiyos maslahatlari bilan ularga yordam berib taniladi. Dunyoning turli burchaklarida uni turlicha atashadi:

“Mening turli tuman mamlakatlarda ko‘plab ismlarim bor. Elflar orasida Mitrandir, gnomlar orasida Tarkun; o‘sha uzoq yoshlik yillarimda esa unutilib ketgan G‘arbda Olorin edim, janubda – Inkanus, shimolda esa Gendalf, sharqda esa men bo‘lmayman”.

Gendalf va xobbitlar[tahrir]

Gendalfning xobbitlar xalqi bilan qachon qiziqib qolgani ma’lum emas. U xobbitlarni juda yaxshi ko‘rgan va aynan ularning kelajakda muhim o‘rin tutishini sezgan. Gendalf xobbitlar orasida “sehrgar” va “afsungar” sifatida tanilgan. “Xobbit” kitobida Bilboning tilidan hikoya qilinishicha, Gendalf Qariya Tukga o‘zi qadalib qoluvchi, afsun bilan sug‘uriluvchi sehrli olmos tugmalar hadya qiladi. Yoz O‘rtasi bayramida uyushtiradigan mo‘jizaviy mushakbozlik unga yaxshigina mashhurlikni keltiradi. Shu o‘rinda eslab o‘tish o‘rinliki, aynan Gendalf Uchinchi Davrning 2758-59-yillarda Shir xobbitlariga Uzoq Qish davomida ochlikdan qutulishlarida yordam beradi.

O‘ylab topilgan biografiyasi[tahrir]

Dol-Guldurdagi ayg‘oqchilik, Yakka Tog‘ga sayohat va Uzuk uchun jangning boshlanishi[tahrir]

Uchinchi Davrning 1100-yillarida istari-sehrgarlari va Elflar yetakchilari sharqdan kelgan yovuz kuch Quyuq O‘rmonning janubida Dol Guldur qal’asini qurib olganliklarini sezib qolishadi. Ular bu to‘qqiz nazguldan biri ekanligini taxmin qiladir. Vaqt o‘tishi bilan yovuzlik sharpasining Sauronligidan qo‘rqib, hamma havotirga tusha boshlaydi. 2063-yilda Gendalf Dol Guldurga otlanadi, Sauron esa kuch to‘plash uchun Sharq tomon qochib ketadi.

2460-yilda Sauron katta kuch bilan qaytadi. Uch yil o‘tib, unga qarshi Oq Kengash tuziladi. Kengashning boshi Oq Saruman bo‘ladi. Lorien Qirolichasi Galadriel esa Kengash boshi Gendalf bo‘lishini xohlaydi. Gendalf esa bunga rozi bo‘lmaydi. U 2850-yilda Dol Guldurga yashirincha keladi va tutqunlikda qiynalayotgan, Torin Emanqalqonning otasi Erebor qiroli Train Ikkinchidan Yakka Tog‘ xaritasini va g‘orga kirish kalitini oladi. Sauron keyinchalik o‘z maqsadlarida – Rivendell, Shir va Lotlorienga hujumda foydalanmoqchi bo‘lgan, Yakka Tog‘dan gnomlar qirolini quvib chiqargan ajdarho – Smaugdan havotirda Gendalf yangi sarguzashtga shaylanadi.


2941-yilning martida Gendalf Bridagi tamaddixonalardan birida Trainning o‘g‘li Torin Emanqalqon bilan tanishib qoladi. Torin Yakka Tog‘ni qaytarish ilinjida yuradi, Gendalf esa uning qiyofasida O‘rtayerni Smaugdan qutqaruvchi qahramonni ko‘radi. Torin o‘z bo‘linmasiga 12 gnom qarindoshini to‘playdi, Gendalf esa Bilbo Beggins ismli xobbitni tanlaydi.

O‘zining hujrasiga yaxshigina o‘rnashib olgan xobbit Bilboni sarguzashta ko‘ndirish oson kechmaydi. Bilbo baribir safga 14-ishtirokchi - qulfbuzar bo‘lib qo‘shiladi. Shundan so‘ng Gendalf gnomlar bo‘linmasini Rivendell tomon boshlab boradi. Sayohat davomida tosh trollar g‘orida Gendalf Gondolin qiroli Turgonning qilichi – Glamdringni topib oladi. Gendalf Torin bo‘linmasiga Tumanli tog‘larni kesib o‘tishda ko‘maklashadi. Aynana shu manzilda Bilbo “sehrli uzukni” topib oladi. Bilbo uni Gollum atalmish maxluqdan yutib olganini aytadi. Bir qancha vaqt davomida Bilbo ko‘rinmas qilib qo‘yuvchi uzukni Gendalfdan sir tutib keladi. Gendalf gnomlarni Quyuq o‘rmon chegarasida yolg‘iz qoldiradi: Torin Gendalfning yordamisiz ham Smaugni Bard Kamonchi nayzasi bilan o‘ldirishi oqibatida safarni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Besh Qo‘shin jangida esa orklar va varglar kuchi Temir Tepaliklar gnomlari, Esgarot kishilari va Quyuq o‘rmon elflari bilan ittifoqda mag‘lub etiladi.

Bilbo tomonidan topib olingan uzukni xobbitning jiyani Frodoga berilishiga erishgan Gendalf unda qora lahjada bitilgan yozuvlarni ko‘rib qoladi. Yosh xobbitni esa Rivendell tomon yo‘llaydi. O‘zi esa Istari kengashi va Izengard boshi Saruman bilan uchrashuvga ketadi. Saruman Uzukni qo‘lga kiritish o‘tida yonadi va Gendalfni Ortxankka bandi etadi. Baland minoradan Gendalfni Radagast Qo‘ng‘ir tomonidan yuborilgan ulkan burgut – Gvaixir qutqaradi. 

Rivendelldagi kengashga yetib kelgan Gendalf Sarumanning sotqinligi haqida so‘zlaydi va Uzuk birodarligi bo‘linmasini boshlab borishga rozi bo‘ladi. Bo‘linma Uzukni Orodruin vulqonigacha olib borishi va yo‘q qilishi zarur edi. Gendalf o‘z hamrohlarini Moriya yerosti yo‘lidan olib o‘tishga harakat qiladi, u yerda esa balrogga duch keladilar. Balrog bilan jangda Gendalf Moriya ko‘prigidan qulab tushadi. Bo‘linmadagi hamrohlar uni halok bo‘ldi deya o‘ylab, yo‘lda davom etadilar. Gendalf mayalardan bo‘lgani tufayli u o‘lmaydi. Uning ruhi (fea) Vaqtsizlik sarhadlari tomon eltiladi. Eru Iluvatar tomonidan o‘z vazifasini tamomlashi uchun qaytariladi.

Sarumanning qulashi va Uzuk uchun jangning yakuni[tahrir]

Gendalf qora kuchlar tomon o‘tib ketgan Sarumanning o‘rnini egallaydi va Oq Gendalf shaklida Rohanning orklardan xalos etilishida qo‘shimcha kuchlarni olib kelib yordamga yetib keladi.

Gondor tomon otlangan Gendalf Minas-Tirit mudofaasini tashkil etishda taxt vorisi Denetor II’ga yordam beradi. Denetorning xudkushligidan so‘ng Gondor poytaxtini o‘zi himoya qiladi. Rohandan kelgan qo‘shin va Isildurning vorisi Aragorn boshchiligida boshlab kelingan dunedaynlar bilan Afsungar-Qirolga qarshi jangda g‘olib bo‘ladi. Asosiysi – uzukning yo‘q qilinishi ekanligini tushungan Gendalf Aragorn va G‘arbdan kelgan uncha katta qo‘shin bilan Mordorning Qora darvozalari tomon yo‘l oladi. Bundan maqsad Yovuz Hukmdorning e’tiborini Frodo va Semdan chalg‘itish edi. Frodo va Sem uzkni yo‘q qiladilar, Aragorn esa Gondor qiroli sifatida toj kiyadi.

Shu bilan Gendalfning vazifasi ham o‘z poyoniga yetadi va u Bilbo, Frodo, Galadriel, Elrond bilan Kulrang Bandargohda xayrlashib Valinorga qaytib ketadi.


Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.