Gamboro kasalligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sarg'ish peribursal shish, Fabriciusning kattalashgan bursasi

Morbus Gamboro - gamboro kasalligi (yuqumli bursit, yuqumli nekroz), Infektsion bursit (lotincha: Bursitis infectiosa avium) - o‘tkir kechadigan kontagioz virus kasalligi bo‘lib, tovuqlar fabritsieva xaltachasining yallig‘lanishi, nefrozonefrit va ichaklar faoliyatining buzilishi bilan xarakterlanadi[1]. Kasallik birinchi marta 1957-yilda AQSH ning Delaver shtati, Gamboro rayonida ro‘yxatga olingan va 1962-yil, A.Kosgrov uni Gamboro kasalligi deb atagan. Vanterfeld va Xitchner (1962-yil) kasal tovuqlardan ajratib olgan virus broyler tovuqlarda nefrozonefrit qo‘zg‘atishini aniqlagan. SHuning uchun uni infektsion nefrozonefrit deb atashgan. Biroq, 1965-yili Karnayun kasallikdagi asosiy xarakterli belgi, fabritsieva xaltachaning yallig‘lanishi ekanligini, nefrozonefrit esa, unga hamroh bo‘luvchi belgi ekanligini tasdiqlagan. 1970- yildan beri infektsion bursit kasalligi deb yuritiladi[2]. Kasallik Amerika, Evropa, Osiyo qit’alari mamlakatlarining parrandachilik sanoatlashgan xo‘jaliklarida, ayniqsa, broyler fermalarida tarqalgan. Rossiyada mavjud parrandalarning 14% ushbu kasallikdan nobud bo‘lgan (2004-yil).

Qo‘zg‘atuvchisi va uning chidamliligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

RNK li virus - Birnaviridae oilasi, avibirnavirus avlodiga mansub. Virion tashqi qobiqsiz, o‘lchami 60-65 nm, ekosaedrik simmetriyaga ega va 90% oqsil, 10% ribonuklein kislotadan iborat. Virusning ikkita seroturi aniqlangan: Si-1 jo‘jalardan, 23/82 esa kurkalardan ajratilgan[3]. Ikkala virus seroturi ham faqat o‘zi ajratilgan tur parrandalarda kasallik qo‘zg‘atadi. Patogenligi bo‘yicha avirulent, kuchsiz virulentli, virulentli va yuqori virulentli shtammlari mavjud. Tabiatda antigen xususiyatlari bo‘yicha bir biridan farqlanadigan virusning juda ko‘p serovariantlari mavjud. Standart serotur 1 odatda 50% gacha parrandalarni o‘ldirsa, yuqori virulentli serotur 1 bilan zararlangan jo‘jalar 100% o‘ladi. Virus 9 kunlik tovuq embrioni sariq xaltasiga yuborilsa, embrion 6 kunda o‘ladi. Virus tashqi muhit ta’sirlariga va kimyoviy preparatlarga (efir, xloramin, rN 2,0) chidamli. Bino ichidagi axlatda, suv, ozuqada virus o‘zining faolligini 52 kun saqlaydi. U rN 7,0-7,5 ga nisbiy chidamli va ishqorli rN ga sezgirdir. Virus 56°C da 5 soat, 60°C da 0,5 soat, 25°C da - 21 kun, minus 20°C da saqlanganda uch yil o‘z faolligini saqlaydi. CHangda, devor, asbob-uskunalar ustida 1 yil, har xil predmetlarda (shisha, ventilyator parragi) 30 kungacha faol saqlanadi. 0,5% li xloramin eritmasi 10 daqiqada, yod preparati 2 daqiqada, 3% li formaldegid 24 soatda, 4 % li formaldegid, 3 soatda faolsizlantiradi. Odatdagi dezinfektsion vositalar (1% li fenol, krezol, formalin) ta’sirida 1 soatda faolsizlanadi. Virus tashqi muhit ta’sirlariga va kimyoviy preparatlarga (efir, xloramin, rN 2,0) chidamli. Bino ichidagi axlatda, suv, ozuqada virus o‘zining faolligini 52 kun saqlaydi. U rN 7,0-7,5 ga nisbiy chidamli va ishqorli rN ga sezgirdir. Virus 56°C da 5 soat, 60°C da 0,5 soat, 25 °C da - 21 kun, minus 20°C da saqlanganda uch yil o‘z faolligini saqlaydi. CHangda, devor, asbob-uskunalar ustida 1 yil, har xil predmetlarda (shisha, ventilyator parragi) 30 kungacha faol saqlanadi. 0,5% li xloramin eritmasi 10 daqiqada, yod preparati 2 daqiqada, 3% li formaldegid 24 soatda, 4 % li formaldegid 3 soatda faolsizlantiradi. Odatdagi dezinfeksion vositalar (1% li fenol, krezol, formalin) ta’sirida 1 soatda faolsizlanadi.

Epizootologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Virusga tovuqlarning barcha yoshdagilari moyil, ammo jo‘jalarning 2-3 dan 11-haftaliklarigacha juda sezgir, ayniqsa broyler zotlari. Katta yoshdagi tovuqlarda kasallik belgisiz o‘tadi. Kasallik qo‘zg‘atuvchining manbai bo‘lib, kasal va virus tashuvchi jo‘jalar hisoblanadi. O‘rdak, sesarka, g‘oz va bedana virus tashuvchi bo‘lishi mumkin. Kasal parrandalar o‘zining axlati bilan to‘rt haftagacha virus ajratib turadi va to‘shama, katakcha, asbob-uskunalar va suv ozuqalarni ifloslantiradi. Virus yuqori kontagiozli bo‘lgani uchun kasallangan parrandalarning bir-biriga yaqinlashishi, kasallikning tarqalishiga olib keladi. Parrandalar og‘iz, ko‘z va burun shilliq pardalari orqali zararlanadi. Virus bir tovuqxonadan boshqasiga parranda boqarlarning kiyim-kechaklari, poyafzallari hamda asbob-uskunalari orqali o‘tishi aniqlangan. Kasallanib tuzalgan parrandalar 7-30 kun davomida virus tashuvchi bo‘ladi. Virus uzoq masofalarga yovvoyi parrandalar orqali tarqaladi. U tuxum orqali va aerogen yo'l bilan ham o‘tishi mumkin. Kasallik qo‘zg‘atuvchi rezervuari bo‘lib, qora qo‘ng‘iz (Alphitobius diaperinus), pashsha, kemiruvchilar, un qurtlari, yovvoyi parrandalar xizmat qilishi aniqlangan. Yangi epizootik o‘choqda kasallik o‘tkir va yarim o‘tkir, statsionar nosog‘lom xo‘jaliklarda esa, surunkali yoki belgisiz kechadi. Ushbu kasallikning asosiy epizootologik belgisi – fermada parrandalarning to‘satdan yuqori darajada (40-100%) kasallanishi, tez o‘lishi (20-40%) va nisbatan tez (4-7 kun orasida) tuzalishi hisoblanadi. Nosog‘lom xo‘jaliklarda infektsion bursit kolibakterioz, salmonellyoz va pulloroz bilan birga kechishi mumkin. Yuqori darajada o‘lim, tuxum yo‘nalishidagi 6-8 haftalik jo‘jalarga xos. Go‘sht yo‘nalishidagi jo‘jalar odatda 3-4 haftalikda kasallanadi. Jo‘jalar orasida o‘lim 5-40 foiz atrofida kuzatiladi. Kasallik yilning hamma faslida uchraydi.

Patogenezi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyraklarning shikastlanishi
Proventrikul va qorin bo'shlig'ida qon ketishi

Virus organizmga asosan og‘iz orqali va aerogen kirib, ichak orqali limfoid va makrofaglarga yopishib qon bilan fabritsieva xaltacha va boshqa limfoid to‘qimalarga joylashadi hamda u yerlarda virus reproduksiyasi boshlanadi. 2-3 kun orasida virus fabritsieva xaltacha va taloqda yuqori titrda to‘planadi, keyin kasallik rivojlanishi davrida boshqa a’zolarda: miya, qon, buyraklar va jigarda ham aniqlanadi. Virus ta’sirida kasallik infektsion jarayonining rivojlanishi oqibatida organizmda kalsiy almashinuvi, qonning ivishi va jigar faoliyatining buzilishi, suyak iligi aplaziyasi, immun komplekslarning shakllanishi, o‘tkir degidratatsiya, gipoksiya, immunitetning asosiy a’zolarining tayanchi bo‘lgan immun hujayralarning yemirilishi asosida organizmda immunosupressiya kuzatiladi, ya’ni patogenezda immunitetning asosiy a’zolarining biri - fabritsieva xaltachaning nekrotik yallig‘lanishi asosiy rol o‘ynaydi.

Klinik belgilari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkita kattalashgan bursa: sarg'ish, kulrang (o'ngda), gemorragik (chapda)

Kasallikning inkubatsion davri o‘tkir kechganda, juda qisqa davom etadi. Virus organizmga tushgandan so‘ng 2-3 kun orasida klinik belgilar paydo bo‘ladi. Kasallik 2 shaklda o‘tkir va subklinik kechadi. O‘tkir kechish odatda 3-6 haftalik jo‘jalarda kuzatiladi. Kasallik tananing qaltirashi va asab tizimi belgilari bilan boshlanadi. Jo‘ja darhol harakatlana olmasdan qoladi. Patlari hurpayadi, anoreksiya va ich ketish kuzatiladi, axlati shilliqli suyuq, oq rangli bo‘ladi va jo‘jalarda degidratatsiya rivojlanadi, odatda ular depressiya holatda o‘ladi. 4-5 kun orasida fermadagi barcha jo‘jalar kasallanadi. Kasallikning ikkinchi subklinik shakli 1-21 kunlik jo‘jalarga xos. Bu shaklda kasallikka xos klinik belgilar va o‘lim kuzatilmaydi. Jo‘jalarda faqat immunosupressiya rivojlanadi, u surunkali va tuzalmaydigan jarayonga aylanadi. Bu holatdagi jo‘jalar nyukasl, marek, ILT kasalliklariga vaksina bilan emlanganda ham ularga qarshi immmunitet yaxshi shakllanmaydi. Ular o‘sish va rivojlanishdan orqada qoladi, berilgan ozuqaga nisbatan mahsulot olinmaydi, xo‘jalik uchun yaroqsiz bo‘lib qoladi.

Patologoanatomik o‘zgarishlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kasallik o‘tkir shaklda kechsa, o‘lgan parrandalar yorib ko‘rilganda son, ko‘krak, qanoti terisi ostida nuqtali va chiziqli qon quyilishlar hamda gavdaning suvi qochganligi ko‘zga tashlanadi. Fabritsieva xaltacha 2-3 marta kattalashgan, shilliq pardalari shishgan va qonga to‘lgan bo‘lib, og‘ir hollarda bursa bo‘shlig‘ida jelatinaga o‘xshash transsudat va fibrin qatlami ko‘rinadi. Muskullar quruq, suvsiz va oqargan bo‘ladi. Jigar shishgan, taloqda nekrotik o‘choqlar bo‘ladi. Kasallikning keyingi bosqichlarida taloqda atrofiya, oxirgi bosqichida buyrak shishgan to‘q jigar rangda, kanalchalarda esa siydik kislotasi to‘plangan bo‘ladi va fabritsieva xaltachada ham atrofiya kuzatiladi. Ushbu kasallikda fabritsieva xaltachani gistologik tekshirish talab etiladi. Unda limfotsitlardagi o‘zgarishlar, ularning halokatga uchrashi, follikulalarning joyli (lokal) va umumiy nekrozga uchrashi, follikula moddalari makrofaglar tomonidan lizisga uchrab, asalari uyasiga o‘xshab qolishi mikroskop ostida ko‘rinadi[4].

Diagnostikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fabrisius bursasida to'plangan kazeoz ekssudati

Dastlabki diagnoz epizootologik ma’lumotlar, klinik belgilar, patologoanatomik o‘zgarishlarga qarab qo‘yiladi. Yakuniy diagnoz laboratoriyaviy tekshirishlar asosida qo‘zg‘atuvchini ajratish, serologik reaksiyalarda identifikatsiya qilish, biosinov (9 kunlik tovuq embrionini, 30-40 kunlik jo‘jalarni zararlash), patologik materialda (fabritsieva xalta) infektsion bursit antigeni yoki unga qarshi shakllangan antitelolarni parranda qon zardobida IDR, IFT da aniqlash hamda gistologik tekshirish natijalariga asoslanib qo‘yiladi. Embrionning xorioallantois membranasiga virusli suspenziya yuborilsa, 3-5 kun orasida embrion o‘ladi va virus NR yoki IDR, IFT da identifikatsiya qilinadi. Zararlash uchun Gamboro kasalligi va boshqa infektsion kasalliklar bo‘yicha sog‘lom bo‘lgan xo‘jaliklardan olingan 9 kunlik tovuq embrioni ishlatiladi. Tuxum po‘chog‘ini teshib, 2-3 mm chuqurlikda tekshiriladigan namuna 0,2 ml hajmda yuboriladi. Po‘choqdagi teshik parafin bilan yopiladi. Embrionlar termostatga joylashtiriladi va 10 kun 37°C da inkubatsiyaga qo‘yiladi. Inkubatsiya jarayonida har kuni bir marta ovoskopiya o‘tkaziladi. O‘lgan embrionlar oldin 2-3 soat 4°C gacha sovutilib, shu kuni ochilishi kerak. Tirik embrionlar ham inkubatsiyaning 10-kuni 4°C gacha sovutiladi va ochiladi. Embrionlar zararlangandan keyin 3-7 kun orasida o‘lsa, natija ishonchli hisoblanadi. O‘lgan va o‘sishdan qolgan embrionlardan steril probirkalarga (har bir embriondan alohida) allantois suyuqligi olinadi va GPA, GPB ga 0,2 mm ekib sterilligi tekshiriladi. Ekmalar termostatda 37°C da 5 kun saqlanadi. Virusni ajratib olish, uning patogenligini o‘rganish hamda kasallikni eksperimental keltirib chiqarish uchun jo‘jalarda biosinov o‘tkaziladi. Zararlashda 20-25 kunlik jo‘jalardan foydalaniladi. Tekshiriladigan namuna jo‘jalarning burniga 0,5 ml miqdorda yuboriladi va 15 kun kuzatiladi. Biosinov natijalari kasallikning klinik namoyon bo‘lishi va patologoanatomik o‘zgarishlar kechikkan vaqtda qon zardobida maxsus antitelolarning topilishiga qarab baholanadi. Diagnozni serologik tasdiqlash uchun IDR reaksiyasi qo‘llaniladi. Angigen sifatida tovuq embrioni xorioallantois pardasidan tayyorlangan antigen ishlatiladi.

Davolash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Maxsus davolash vositasi yo‘q, biroq sekundar infeksiyalarga qarshi keng doirada ta’sir etuvchi antibiotiklar, nitrofuran, sulfanilamid va yodli preparatlardan foydalansa bo‘ladi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Castón, José R.; Rodríguez, José F.; Carrascosa, José L. „Infectious Bursal Disease Virus (IBDV)“,. Segmented Double-stranded RNA Viruses: Structure and Molecular Biology. Caister Academic Press, 2008. ISBN 978-1-904455-21-9. 
  2. Nguyen Thi Hau (October 27, 2014). "GUMBORO disease in chickens and methods of prevention and treatment"
  3. „Infectious Bursal Disease: Introduction“. The Merck Veterinary Manual (2006). Qaraldi: 2007-yil 26-iyun.
  4. „Tovuqlarda gamboro kasalligi“. https://agro-olam.uz/tovuqlarda-gamboro-kasalligi/. Qaraldi: 2023-yil 29-sentyabr.

Tashqi havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]