Fuqarolarning huquq va burchlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fuqarolarning huquq va burchlari — fuqarolarning Konstitutsiya va qonun hujjatlarida oʻz ifodasini topgan asosiy huquq va burchlari. Ular davlat organlari tomonidan muhofaza etiladi va bajarilishi nazorat qilinadi. Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 2-boʻlimida fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari quyidagicha turkumlanadi: 1) Shaxsiy huquq va erkinliklar; 2) Siyosiy huquqlar (qarang Siyosiy huquq va erkinliklar); 3) iqtisodiy-ijtimoiy huquqlar (qarang Iqtisodiy huquq va erkinliklar).

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida fuqarolarning quyidagi burchlari koʻrsatilgan: fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadrqimmatini hurmat qilishga; Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini avaylab asrashga; atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga; qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yigʻimlarni toʻlashga majburdirlar. Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchidir. Fuqarolar qonunda belgilangan tartibda harbiy yoki muqobil xizmatni oʻtashga majburdirlar.