Fristayl

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fristayl (ing . free — erkin, style — usul) — togʻ changʻi sporti turi. F.ning 3 ta turi bor: mogul, changʻi baleta, changʻi akrobatikasi. Mogul — pastbaland trassadan togʻ changʻisida tez tushish; changʻi baleti — tepalikdan turli shakllar (qadamlar, aylanishlar, burilishlar va boshqalar) bajarib tushish; changʻi akrobatikasi — 2 m. li tramplindan bir necha akrobatik shakllarni bajarib (salto, piruetlar va boshqalar) sakrashdan iborat. Sportchilar bajargan elementlarning ogʻirengilligi va ijrosining aniqligi, shuningdek, artistik mahorati hakamlar tomonidan baholanadi.

F. changʻichilarning dam olish turi boʻlgan. Tomoshabopligi uchun changʻi boʻyicha oʻtqaziladigan tadbirlarga kiritilardi. F. boʻyicha birinchi musobaka 1971 yilda AQShning NyuXampshir shahri yaqinida oʻtkazilgan. 1978 yilda Xalqaro changʻi sporti federatsiyasi qoshida F. boʻlimi ochilgan, unga 100 dan ortiq davlat aʼzo (2004). Bu boʻlim 1978 yildan jahon kubogi, 1986 yildan jahon chempionatini oʻtkazib keladi. 1992 yilda mogul, 1994 yilda changʻi akrobatikasi olimpiada oʻyinlari dasturidan oʻrin oldi. F. AQSH, Kanada, Avstraliya, Germaniya, Fransiya va Skandinaviya davlatlarida rivojlangan.

Oʻzbekistonda F. 20-asrning 90-yillari boshidan ommalashdi. Vasila Semenchuk 1991 yilda jahon chempioni boʻldi. Uning gʻalabalarini L. Cheryazova davom ettirdi. Sergey Brener, Larisa Ud od ova, Irina Chernikova kabi sportchilar qita musobaqalarida muvaffaqiyatli qatnashishgan. Oʻzbekiston F. federatsiyasi 1992 yilda tuzilgan, oʻsha yili xalqaro tashkilotga qabul qilingan. Toshkentdagi qishki sport turlariga ixtisoslashgan maktabda F. boʻlimi faoliyat koʻrsatadi. 4 nafar murabbiy 800 dan ziyod shugʻullanuvchiga F.dan saboq beradi.