Foydalanuvchi:Najmiddinovnamohichehra/qumloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Amir Temur ibn amir Taragʻay 1336-yil 9-aprelda Kesh (hozirgi ShahrisabzQashqadaryo viloyatining shaharlaridan biri) viloyatining Xoʻja Ilgʻor qishlogʻida dunyoga kelgan. Uning onasi Takinaxonim, otasi amir Muhammad Taragʻay barlos ulusiga mansub beklardan, bahodir jangchi, ulamo-yu fuzaloga ixlosmand, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan. U yilda bir marotaba Ili daryosi boʻyida xon tomonidan chaqiriladigan el-yurt beklarining qurultoyiga taklif etilar va u bunday yigʻinlarda qatnashar edi. Shuningdek, Amir Temurning opasi Qutlugʻ Turkon ogʻo va singlisi Shirinbeka ogʻo (turkiy tillar ehtimollik lugatida qayd etilishicha, ogʻo soʻzi ota, aka, opa, er yoki yoshi katta qarindosh kabi maʼnolarda ishlatilgan, Amir Temur davrida esa bu soz ayollarga nisbatan qoʻllangan) ham boʻlib, ular Temurdan oldin vafot etishgan va Samarqanddagi Shohi Zinda majmuasidagi maqbaralarda dafn etilgan. “Muyizz al-Ansab”ga koʻra (Shayboniylar davriga oid tarixiy asar), Temurning yana uchta: Djuki, Olim Shayx va Suyurgʻatmish ismli ukalari boʻlgan.Amir Temurning yoshligi haqida maʼlumotlar kam uchrasa-da, ayrim manbalarga qaraganda, u yoshligida xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Uning yoshligi Keshda kechgan. Yetti yoshga toʻlgach, otasi uni oʻqishga berdi. Amir Temur yoshlik chogʻlaridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga oʻq uzish, boshqa turli mashq va harbiy oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir boʻlib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan ogʻir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson boʻlgan. Shu tufayli oʻspirinlik chogʻlaridayoq atrofiga tengqurlari orasidan sadoqatli doʻstlarni jalb qila olgan. Uning atrofiga bolalikdagi doʻstlari va maktabdoshlari (Abbos Bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) toʻplanishib, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar boʻlishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy boʻlinma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Amir Temur qoʻshinida lashkarboshilik darajasigacha koʻtarilgan.

Siyosatga kirib kelishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amir Temur ilk harbiy faoliyatini qoʻl ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan; ularning oʻzaro kurashlarida qatnashib, jasorat koʻrsatgan, janglarda chiniqqan, harbiy mahoratini oshirgan. Dongʻi butun Qashqadaryo vohasiga yoyilgan. Amir Temurning aql-u zakovati, shijoati va shuhrati uni Movarounnahrning nufuzli amirlaridan amir Xizr Yasovuriy va amir Qazagʻon bilan yaqinlashtirdi. Xondamirning yozishicha, otasi amir Taragʻoy Amir Temurni avval, 1355-yilda, amir Joku barlosning qizi Nurmushk ogʻoga, soʻngra oʻsha yili Qazagʻonning nabirasi va amir Husaynning singlisi Oʻljoy Turkon ogʻoga uylantiradi. Keyingi nikoh tufayli Amir Temur bilan Balx hokimi amir Husayn oʻrtasida ittifoq yuzaga kelib, ular birgalikda moʻgʻullarga qarshi kurashadi.

Amir Temur siyosat maydoniga kirib kelgan paytda, Movarounnahr moʻgʻullar istibdodi ostida boʻlib, Chingizxon bosib oʻtgan shahar va qishloqlar vayronaga aylangan, suv inshootlari buzib tashlangan yoki ishga yaroqsiz holga keltirilgan, Chingizxon Movarounnahrni oʻzining ikkinchi oʻgʻli Chigʻatoyxonga suyurgʻol (moʻgʻulchainʼom, sovgʻa — hukmdor, xon, sulton, shoh tomonidan alohida xizmat koʻrsatgan sarkardalarga berilgan tortiq) sifatida inʼom qilgan edi. Uning hayoti va faoliyatida ikki davr yaqqol koʻzga tashlanadi. Birinchi davri (1360—1385) Movarounnahrni moʻgʻul xonligidan ozod qilib, yagona markazlashgan davlat tuzish, oʻzaro urushlarga barham berish. Ikkinchi davri (1386—1405) esa ikki yillik, uch yillik, besh yillik, deb ataluvchi boshqa mamlakatlarga yurishlari bilan tavsiflanadi. 1360-yillardan boshlab Amir Temur Movarounnahrdagi ichki nizo, urushlarda ishtirok eta boshladi va Moʻgʻuliston hukmdori Tugʻluq Temurxon, uning oʻgʻli Ilyosxoʻjaga qarshi kurashlardan soʻng, Amir Husayn ustidan gʻalaba qozongach, 1370-yilda Movarounnahr taxtining haqiqiy sohibi boʻldi va Samarqandni hokimiyat poytaxti etib belgiladi.