Fibroblastlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Fibroblastlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fibroblastlar— (lot. fibra — tola, yunon. blastos — kurtak) biriktiruvchi to‘qima ning asosiy hujayra elementlaridan hisoblanadi. Fibroblast yirik (20 m km ga yaqin) notoʻgʻri shakldagi hujayra boʻlib, qobigʻi bir talay uzun o‘simtalar hosil qiladi. Sitoplazma chegarasi faqat elektron mikroskopdagina aniq koʻrinadi. Fibroblast sitoplazmasida ikki qism: tashqi — ektoplazma va ichki — endoplazma tafovut qilinadi. Ektoplazma faqat gialoplazmadan iborat boʻlib, ochroq boʻyaladi. Endoplazma esa yadro atrofidagi hujayra organellari va kiritmalari joylashgan toʻqroq boʻyalgan qismdir. Fibroblast yadrosi yirik, choʻzinchoq shaklda boʻlib, oʻzida asosan mayda euxromatin tutadi. Kam dififerensiallashgan fibroblastlar yadrosida bir yoki bir nechta yadrocha uchraydi. Hujayra differensiallanishi davomida yadrochalar yoʻqolib boradi. Hujayra sitoplazmasining submikroskopik tuzilishi ham differensiallanish darajasiga bogʻliqdir. Kam differensiallashgan fibroblastlarda hujayra organellalari hali unchalik taraqqiy etmagandir. Differensiallanish davomida fibroblastlar sintez qobiliyatiga ega boʻlgan aktiv hujayralarga aylanadi. Sitoplazmada juda yaxshi rivojlangan endoplazmatik toʻr, Golji kompleksi, mitoxondriyalarni, lizosomalarni koʻrish mumkin. Gistoximiyaviy analiz hujayra sitoplazmasida mukopolisaxaridlar kompleksi, glikogen, ribonukleoproteid va fermentlar borligini koʻrsatdi. Fibroblastlar sitoplazmasida, asosan, soxta oyoqlarda (psevdopodiylarda) diametri 6—7 nm mikrofibrillalar yoki qisqaruvchi ipchalar joylashadi. Hujayra sitoplazmasida mikronaychalar ham boʻlib, ularning diametri 20—25 nm ga teng. Mikronaychalar hujayra yuzasining turgʻunligini belgilaydi. Fibroblastlar oddiy sharoitda harakatsiz boʻlib, faqat m uayyan sharoitlardagina harakat qila oladi. Hujayra sitoplazmasi pufakchalarga boy, ular asosan hujayra qobigʻi invaginatsiyasi hisobiga hosil boʻladi va pinotsitoz vazifasini bajarishi mumkin. Fibroblast sitoplazmasida lipid donachalar, multivezikulyar tanachalar va hatto miyelin tuzilmalar ham uchrab turadi. Biriktiruvchi toʻqimada turli darajada yetilgan fibroblast hujayralari uchrashi mumkin. Ular kam differensiallashgan yosh fibroblastlar, yetuk fibroblastlar va fibrotsitlarni oʻz ichiga oladi.

Yosh fibroblastlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yosh fibroblastlar mitoz yoʻli bilan ko ‘payish qobiliyatiga ega boʻlib, ularda oqsil sintezi sust darajada boʻladi. Funksional jihatdan eng aktiv hujayralar boʻlib, yetuk fibroblastlar hisoblanadi. Ular biriktiruvchi toʻqimaning hujayra oraliq moddasini ishlab chiqaruvchi asosiy hujayralardir. Bu hujayralar sitoplazmasida fibrillyar oqsillar (kollagen, elastin), sulfatlangan va sulfatlanmagan glikozam inoglikanlar, proteoglikanlar sintezlanadi va hujayra oraliq muhitiga chiqariladi. Biriktiruvchi toʻqimada tolalar va asosiy modda hosil boʻlishi, jarohatlarning, yaralarning bitishi va chandiq hosil boʻlishi, to‘qimaga tushganyot tanachalar atrofida kapsula hosil boʻlishi — bularning hammasi yetuk fibroblastlar faoliyatining natijasidir. Fibrotsitlar — fibroblastlarning definitiv shakli boʻlib, bu hujayralarda organellalar keskin kamaygan boʻladi. Shu tufayli fibrotsitlarda yuqorida qayd etilgan moddalarning sintezi deyarli toʻxtaydi. Baʼzi bir sharoitlarda (masalan, homiladorlik paytida Bachadonda) fibroblastlar silliq mushak hujayralariga oʻxshash boʻlgan miofibroblastlarga aylanishi mumkin. Miofibroblastlar silliq mushak hujayralaridan juda yaxshi taraqqiy etgan endoplazmatik toʻr tutishi bilan farqlanadi. Nihoyat, maʼlum bir sharoitlarda biriktiruvchi toʻqimada fibroblast hujayralari ham paydo boʻlishi mumkin. Bu hujayralar gidrolitik fermentlarga boy boʻlib, ular keragidan ortiq hosil boʻlgan hujayra oraliq moddaning yemirilishi va soʻrilib ketishida ishtirok etadilar. Fibroblast hujayralari embrionda mezenxima hujayralaridan, voyaga yetgan organizmda esa oʻzak hujayralardan hosil boʻladi. Dastavval fibroblastlarning boshlangʻich hujayralari differensiallashib, ulardan yosh fibroblastlar, soʻngra esa yetuk fibroblastlar hosil boʻladi. Yetuk fibroblastlar koʻpayish va sintez qilish qobiliyatini yoʻqotgandan soʻng fibrotsitlarga (definitiv shaklga) aylanadilar. Fibroblastlarning boshlangʻich hujayralari ikki xil boʻlishi mumkin deb hisoblanadi. Ularning birinchi xilidan qisqa muddat (bir necha hafta) yashovchi va himoya — trofik to‘qimalarda uchrovchi fibroblastlar, ikkinchisidan esa uzoq (bir necha oylar) yashovchi va tayanch toʻqimalarda joylashuvchi fibroblastlar takomillanadi. == Adabiyotlar ==[1]

  1. Gistalogiya. Ibn Sino — 173-174-175 bet. 9-dekabr 2022-yilda qaraldi.  (Wayback Machine saytida 2022-07-09 sanasida arxivlangan)