Eshitish apparatlari
Eshitish apparatlari — tovushni kuchaytirib beradigan asboblar. Eshitish pasayganda, karlikda ishlatiladi (qarang Karlik). Hozirgi zamon Eshitish apparatlari tovushni quchaytirib berishga asoslangan. Eshitish apparatlari mikrofon, tovush kuchaytirgich va telefondan iborat. Tovushni bevosita suyak orqali oʻtkazib berish uchun quloq orqasiga telefon yoki tovushni havo orqali oʻtkazib berish uchun tashqi eshituv yoʻliga maxsus moslama tiqib qoʻyiladi. Eshituv aʼzosining tovush qabul qiluvchi yoki tovushni oʻtkazib beruvchi qismi zararlanganiga qarab, unga loyiq Eshitish apparatlari buyuriladi. Eshitish apparatlarining qoʻzoynakka oʻxshash, shuningdek, choʻntakda turadigan xillari bor. Eshitish apparatlaridan foydalanganda koʻpincha eshitish, xususan, nutq bir qadar yaxshilanadi.
Bu apparat nutqnigina emas, balki binodagi boshqa tovushlarni ham qoʻshib quchaytiradi. Shuning uchun qulogʻi ogʻir bemor oʻzi uchun yangi boʻlib tuyulgan tovush sharoitiga birdaniga qoʻnika olmaydi. Eshitish apparatlariga oʻrgangan kishi nutqni begona tovushlardan ajratib, yaxshi qabul qiladi, baland tovushlarga chidami ortadi. Bemor tavsiya etilgan bir nechta mashqlarni bajarganidan keyingina Eshitish apparatlaridan foydalanishi mumkin. Mashq avval tinch xonada yolgʻiz bir kishi bilan, keyin shovqinli yerda, soʻngra esa koʻpchilik orasida gaplashib oʻtkaziladi. Eshitish apparatlari texnik jihatdan nosoz boʻlib, nutqqa begona shovqinlar qoʻshilib ketsa yoki qitirlasa, bunda bemor tez toliqadi, qulogʻi shangʻillaydi, boshi ogʻriydi. Eshitish apparatlari otorinolaringolog (LOR) vrach tavsiyasi bilan maxsus eshituv protezi tayyorlash zdlarida tanlanadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |