Endogen jarayonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Endogen jarayonlar - Yer qaʼrida yer ichki kuchlarining taʼsir etishidan yuzaga keladigan geologik jarayonlar. Yer poʻstida sodir boʻladigan tektonik harakatlar, seysmik faollik, magmatizm, metamorfizm, gidrotermal jarayonlar va boshqalar Endogen jarayonlarni tashkil etadi. Yerning ichki energiyasi uning chuqur qismida radioaktiv moddalarni parchalanishidan ajralib chiqqan issiqlik, yer qatlamlaridan hosil boʻladigan gravitatsion kuchlar taʼsiri va Yerning aylanishidan yuzaga keladigan kuchlar hisobiga paydo boʻladi. Gravitatsion kuchlarning Yer poʻstida notekis taqsimlanishi unda turli zichlik hamda tektonik faolliqdagi qismlar boʻlinishi, qatlamlarning deformatsiyalanishiga va metamorfizmga uchrashiga sabab boʻladi. Shuningdek, Yer poʻstining chuqur qismlarida va yuqori mantiyada toʻplangan energiya qatlamlarning burmalanishiga, yoriqlar va uzilmalar hosil boʻlishiga, qatlamlarni yoriqlar boʻylab turli yoʻnalishlarda siljishiga, zilzilalar vujudga kelishiga va boshqalarga olib keladi. Magmaning choʻkindi yotqiziqlar ichiga joylashishi va ular bilan reaksiyaga kirishishi, flyuidlarning yoriqlar boʻylab yuqoriga koʻtarilishi va boshqalar omillar taʼsiridan turli foydali qazilma konlari hosil boʻladi. Endogen jarayonlar ning rivojlanishi ayrim hollarda ekzogen jarayonlar taʼsirida vujudga keladi. Koʻpgina geologik hodisalar, foydali qazilmalarni tarkib topishi (mas, neft, toshkoʻmir va boshqalar) va strukturalarning shakllanishi ekzogen va endogen geologik jarayonlarning bir-biriga boʻlgan aloqasiga bogʻlikdir (qarang Ekzogen jarayonlar).