Dipol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dipol (di... va yun. polos — qutb) 1) elektr D. — bir-biridan masofada joylashgan miqdor jihatdan oʻzaro teng va turli ishorali ikki nuqtaviy zaryad +q va —q dan tashkil topgan sistema. Tashqi elektrostatik maydon taʼsiri boʻlmagan holda, molekula tarkibidagi musbat va manfiy zaryadlarning ogʻirlik markazlari bir-biriga nisbatan maʼlum masofaga siljigan boʻlsa, bunday molekulaga elektr D. deb qarash mumkin. Bu esa tashqi elektr maydonga joylashtirilgan dielektriklarda sodir boʻlayotgan fizik jarayonlarni tushunishda katta qulayliklar yaratadi; 2) magnit D. — aylanma tokka va magnit xususiyatiga ega boʻlgan jism. Maʼlumki, har qanday jism atomlardan tashkil topgan. Atomlar tarkibidagi elektronlar yopiq orbita boʻyicha juda katta tezlik bilan harakatlanib, aylanma toklarni vujudga keltiradi. Aylanma tokning musbat yoki shim. qutbi deb konturdan magnit induksiya vektorining chiqish tomoni, unga teskari tomoni esa manfiy yoki jan. qutbi deb ataladi. Agar biror jiyemdagi elektronlarning orbitadagi harakati tufayli vujudga kelgan aylanma toklar oʻzaro maʼlum tartibda joylashib, ularning magnit maydonlari bir-birlarini kuchaytirib yuborsa, bunday jism magnit xususiyatiga ega boʻladi. Shuning uchun istagan magnitni qator katta va kichik boʻlakchalarga ajratib yuborilganda ham, har bir boʻlakcha shim. va jan. qutbga ega boʻlib, magnitlik xususiyatini saqlab qoladi.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil