Darvishxon boshchiligidagi qo`zg`alon

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

1885 - yil Farg`ona vodiysida mustamlakachi hukumatga qarshi umumxalq qo`zg`oloniga tayyorgarlik ko`rilayotgani haqida gaplar aholi o`rtasida keng tarqaladi.Vodiyning bir qator joylarida qo`zg`olonga tayyorgarlik ko`rish masalalari yashirin yig`ilishlarda ko`rilayotganidan mustamlakachi ma`murlar xabar topgan edilar. Shunday yig`ilishlardan biri 1885 - yil 16 - avgustda Asaka qishlog`ida Mullaxo`ja Nazirmirza uyida bo`lib o`tadi. Vodiyning turli joylaridan kelgan 20 dan ortiq nufuzli kishilar qatnashgan bu yig`ilishda yurtni chet el bosqinchilaridan ozod qilish, o`lkada milliy davlatni tiklash uchun mustamlakachilarga qarshi birlashib kurash olib borish vazifasi ilgari suriladi. Yig`ilishda qo`zg`olon rejasi, uni o`tkazish vaqti, qo`zg`olonga rahbarlik qiladigan shaxs kabi masalalar hal etiladi. Qo`zg`olonga rahbarlik qilishga Darvishxon Eshon To`ra ko`rsatiladi. Bunga sabab u bu vaqtda aholining norozilik harakatida faol ishtirok etib el-yurtga ancha tanilib qolgan edi. Darvishxon Andijon uezdi Qo`rg`ontepa volostiga qarashli Chekto`ra qishlog`i fuqarosi , qo`zg`olonga rahbarlik qilgan paytda 45 yoshda bo`lib, Andijon va Qo`qon uezdlarida katta yer mulkka ega bo`lgan. Ammo shunga qaramasdan Darvishxon o`z manfaatidan xalq, vatan manfaatlarini ustun qo`yib milliy-ozodlik harakatiga boshchilik qiladi. U qisqa vaqt ichida O`sh, Andijon uezdlari volost va qishloqlarida ko`plab aholini qo`zg`olonga jalb eta oladi.

Darvishxon boshliq qo`zg`olonchilar Yangi Marg`ilon shaxrini Andijon va Qo`qon bilan bog`lovchi aloqa simlarini uzib tashlaydi. Bu hodisa to`g`risida keyinchalik mustamlakachi hukumat vakillaridan biri "bu hodisa qo`zg`olon bo`lishiga muqarrar ekanligini ko`rsatgan edi " deb xotirlagan1. Darvsihxon boshchiligidagi qo`zg`olonchilar ko`lami tobora kengayib boradi. Asaka, Qo`rg`ontepa, Shaxrixon, Oltinko`l, Jalolquduq, O`sh uezdining Novkat, Tutlik qishloqlari, Oqbo`yra volosti, Marg`ilon kabi joylar ham qo`zg`olon girdobiga tortiladi.

Qo`zg`olon shunchalik keskin tus oladiki, uni bostirish uchun mustamlakachi hukumat harbiy kuchlarini viloyatning turli joylariga, jumladan, Andijon, O`sh va Marg`ilon uzdlariga yuborishga majbur bo`ladi. Vodiy bo`ylab borgan sayin avj olayotgan Darvishxon rahbarligidagi qo`zg`olonni bostirish va uning rahbarlarini qo`lga olish vazifasi Andijon uezdi boshlig`i kapitan Bryanovga topshirilgan. Uning ixtiyoriga O`sh uezdining boshlig`i podpolkovnik Deybner, uning yordamchisi kapitan Glishanovskiylar boshchiligidagi harbiy kuchlar yuboriladi.

Qo`zg`olonchilar bilan Bryanov boshchiligidagi harbiy kuchlar birinchi 17 - avgust kuni kechqurun to`qnashadi. Kutilmaganda qilingan hujumdan Darvishxon boshchiligidagi qo`zg`olonchilar har tomonga chekinishga majbur bo`ladilar. Shundan so`ng Darvishxon Namangan tog`lari tomonda o`z atrofiga 800 ga yaqin odam to`plashga erishadi. Darvishxon boshchiligidagi qo`zg`olon to`grisida Turkiston general-gubernatori O.Rozenbax Rossiya harbiy vaziri P.S.Vannovskiyga yozgan xatida «qo`zg`olon viloyatning turli joylarida bir vaqtda boshlanishi va qo`zg`olonchilarning o`g`rilik va talonchilik qilmasdan, barcha aholining bu harakatga chaqirilishi, bu harakatning to`liq ma`noda amaldagi hukumatga qarshi qaratilganligini ko`rsatadi... ular yomon qurollangan, oz sonli bo`lishlariga qaramasdan jiddiy tartibsizliklarni keltirib chiqarishlari... ayniqsa soliqlar to`lanishiga salbiy ta`sir ko`rsatadi»2, deb aytgan.

Chorizm ma`murlari qo`zg`olonni kuch bilan shafqatsizlarcha bostiradilar. Qo`zg`olonchilardan shunchalik darajada ko`plari qamoqqa olinadiki, hatto ularni qamash uchun joy masalasi muammo bo`lib qoladi. Qo`zg`olon rahbari Darvishxon 1886 - yil 22 - fevralda Samarqand viloyatining Sutxona qishlog`i yaqinida qo`lga olinadi, lekin u Jizzax yaqinida qochib qutulib ketadi. Darvishxon, akasi Iskandarning bergan ma`lumotiga ko`ra, 1889 yili Afg`onistonda vafot etgan. Uning boshchiligidagi qo`zg`olon, garchand bostirilsa-da, biroq u bundan keyin milliy-ozodlik harakatlariga zamin hozirlaydi.

Foydalanilgan adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tillaboyev S. Mustamlakachilarga qarshi Darvishxon boshchiligidagi qo`zg`olon. «O`zbekiston tarixi», 2002, 1-son, 12-13 betlar.
  2. Tillaboyev S. Ko`rsatilgan adabiyot, 22 - bet.
  3. Rustambek Shamsutdinov, Shodi Karimov, O`ktamjon Ubaydullayev. «Vatan tarixi»(16-20- asr boshlari), 2003, 2 - kitob, 202-205 betlar