Chumolilar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Navigatsiya qismiga oʻtish Qidirish qismiga oʻtish
Chumoli
Fire ants02.jpg
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonot
Tip: Boʻgʻimoyoqlilar
Sinf: Hasharotlar
Turkum: Pardaqanotlilar
Kenja turkum: Apocrita
Katta oila: Vespoidea
Oila: Formicidae
Latreille, 1809

Chumolilar (lotincha: Formicidae) — pardaqanotlilar turkumiga mansub hasharotlar oilasi. 1 va 2-qorin boʻgʻimlari ingichkalashib, koʻkrak bilan qoʻshiladigan poyachani hosil qiladi. Boshi katta, jagʻlari kuchli rivojlangan (kemiruvchi ogʻiz organlari). Chumolilar jamoa (oila) boʻlib yashaydi. Chumolilar oilasi bir necha ming, hatto millionlab individlardan tarkib topgan. Oilada koʻp minglab ishchi Chumolilar, qanotli oʻnlab erkaklari va bir necha ona chumoli boʻladi. Erkak chumolilar faqat koʻpayish davrida paydo boʻlib, urugʻlanishdan soʻng oʻlib ketadi. Ishchi chumolilar jinsiy organlari rivojlanmagan urgʻochilardan iborat. Ona chumolilar urchish davrida paydo boʻladi; urchishdan soʻng qanotini tashlab, tuxum qoʻya boshlaydi, 20 yilgacha yashaydi. Ishchi chumolilar oilani oziq bilan taʼminlaydi, uyani qoʻriqlaydi (navkarlar) yoki suyuq zaxira oziqni saklaydigan asalli bochkachalar hosil qiladi va boshqa vazifalarni bajaradi.

chumolilar polimorfizmining boshqarilishi urgʻochilarining har xil kattalikda tuxumlar qoʻyishi, lichinkalarining rivojlanishiga taʼsir koʻrsatishi, lichinkalarni oziqlantiruvchi boshchi chumolilarning fiziologik holati yoki xattiharakati va boshqa omillar bilan bogʻliq. Chumolilarning yaxlit oila sifatida hayot kechirishida oiladagi individlar orasida oziq moddalar va sekretsiya bezlari suyuqligi bilan almashinib turishi (trofallaks), tuxum qoʻyuvchi urgʻochisi bilan ishchi chumolilar oʻrtasida kimyoviy sezgi orqali bogʻlanish borligi katta ahamiyatga ega. Oila hayotini boshqarishda, ayniqsa, feromonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Ayrim oilalarning oʻzlari oziqlanadigan joylari boʻladi. Bir qancha chumolilar turlari bir necha oilani birlashtiruvchi koloniyalar hosil qiladi; oilalar oʻzaro individlar va oziq moddalar almashinib turishadi; birgalikda oʻzlariga tegishli hududni qoʻriqlashadi. Chumolilar tuproqda, toshlar ostida, chiriyotgan daraxtlar tanasiga (yogʻochxoʻr chumolilar) uya quradi. Baʼzan tomi yer yuzasiga konus shaklida chiqib turadigan qilib, quruq shoxlardan uyayasaydi. Chumolilar tuproqdajuda murakkab, koʻp kamerali in quradi. Sariq oʻrmon chumolilarining ini yer osti labirint va yer usti gumbazdan iborat. Inning yer osti qismida 1–3 m chuqurlikkacha boradigan murakkab tarmoqdangan yoʻlaklar boʻladi; bu yerda ular qishlaydi. Inning yer usti qismida esa qurtlari rivojlanadi. Bir qancha tropik chumolilar barglarni tikib uya yasaydi. Tropik mintaqalarda tarqalgan daydi chumolilar uyasi boʻlmaydi. Chumolilar turli xil hasharotlar, oʻsimliklar urugʻi, shuningdek, gul nektari, oʻsimlik shiralari va koksidlar ajratadigan shira bilan oziqlanadi. Koʻpchilik turlari oʻz uyasida oziq boʻladigan hasharotlar va zamburugʻlarni koʻpaytiradi. Ayrim chumolilarning oʻz ishchilari boʻlmaydi. Ular boshqa oilaga mansub turdan ishchi chumolilarni oʻgʻirlab olib kelishadi. Bir qancha turlari (mac, sariq oʻrmon chumolisi) zararkunanda hasharotlarni qirib, katta foyda keltiradi.

Oʻrta Osiyo faunasida chumolilarning 100 ga yaqin turi uchraydi. Choʻl zonasida tarqalgan faeton chumoli mayda zararkunanda hasharotlar, yovvoyi oʻsimliklar doni, nektar bilan, choʻl va dashtlarda tarqalgan qir chumoli oʻsimliklar doni bilan oziklanadi; Bogʻ qora chumolisi shira bitlari ajratadigan shirin suyuqlikni yalaydi; ularni boshqa yirtqich hasharotlardan himoya qilishi bilan qishloq xoʻjaligiga ziyon keltiradi. Xonadonlarda koʻp uchraydigan sariq firʼavn chumolisi shirinlik va yogʻli oziq-ovqat mahsulotlarini yeydigan zararkunanda hisoblanadi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, T., 1998; Nasekomie Uzbekistana, T., 1993.