Chiqarish sistemasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Chiqarish sistemasi, ayirish sistemasi, ekskretor sistema — tirik organizmlarda ortiqcha suv, moddalar almashinuvining oxirgi mahsulotlari, tuz, shuningdek, unda hosil boʻladigan yoki tashqi muhitdan kiradigan zaharli moddalarni organizmdan tashqi muxitga chiqarib turadigan organlar majmui. Odam va yuksak sut emizuvchilar Chiqarish sistemasi bir juft buyrak, ulardan boshlanadigan bir juft siydik yoʻli, qovuq va siydik toʻkish nayidan iborat. Bir hujayralilarda suvda eriydigan almashinuv mahsulotlari (ammiak, mochevina) diffuziya yoʻli bilan yoki qisqaruvchi vakuolalar orqali, tuban suv hayvonlari (gʻovaktanlilar, boʻshliqichlilar)da tana yuzasidan diffuziya yoʻli bilan chiqariladi. Koʻpchilik koʻp hujayrali umurtqasiz hayvonlarda ichak ham chiqarish funksiyasini bajaradi. Evolyutsiya jarayonida hayvonlarda ixtisoslashgan maxsus Chiqarish sistemasisi paydo boʻladi. Tuban chuvalchanglar, priapulidlar, ayrim halqalilar, koʻp tuklilar va mollyuskalar lichinkasida Chiqarish sistemasi — protonefridiylar, halqali chuvalchanglarda metanefridiylar. Qisqichbaqasimonlar Chiqarish sistemasi antennal va maksillyar bezlardan iborat.

Quruqlikda hayot kechirishga oʻtish namlikni tejashni talab qiladi. Shuning uchun suvda oson eriydigan ammiak va mochevina qiyin eriydigan guanin (oʻrgimchaksimonlar) yoki siydik kislotasi bilan (koʻpoyoqlilar, hasharotlar, sudralib yuruvchilar, kushlar) almashinadi. Quruqlikda yashovchi boʻgʻimoyoqlilarda Chiqarish sistemasi ichak devori yoki malpigi naychalaridan iborat. Chikarish mahsulotlari orqa ichakka oʻtib, undagi moddalar almashinuvi mahsulotlari choʻkmaga tushadi, suv esa ichak devori orkali yana qonga soʻriladi. Suvsizlangan chiqarish mahsulotlari hazm boʻlmagan oziq qoldiqlari bilan anal tegishidan tashqariga chiqarilady.

Bir qancha umurtqasiz hayvonlarda choʻkmaga tushgan chiqarish mahsulotlarini toʻplovchi buyraklar boʻladi. Bu vazifani nematodalarda maxsus hujayralar, yomgʻir chuvalchanglarida xlorogen hujayralar, hasharotlar va koʻpoyoqlilarda yogʻ tanachalari, zahkashlar (quruqlikda yashovchi qisqichbaqasimonlar)da jigar oʻsimtalari bajaradi.

Xordalilardan qobiklilarning Chiqarish sistemasi toʻplovchi qopchalardan iborat. Lansetnikning jabralari yaqinida joylashgan nefromiksiylar deb ataladigan Chiqarish sistemasining bir uchi jabra oldi boʻshligʻiga, ikkinchi uchi esa tana boʻshligʻiga ochiladi. Umurtqali hayvonlar Chiqarish sistemasi tipik selomoduktlardan iborat. Selomoduktlar toʻplami buyraklarni hosil qiladi; buyraklardan boshlanadigan siydik yoʻli bevosita kloakaga yoki qovuqqa, qovuq esa siydik toʻkish nayi orqali tashqariga ochiladi. Ayrim umurtqali hayvonlarning dengizda yashashga moslanishi ortiqcha tuzni ajratadigan maxsus Chiqarish sistemasini, mac, plastinkajabrali baliklarda rektal bezlar, sudralib yuruvchilar va qushlarda tuz bezlarining rivojlanishi bilan boglits. Choʻlda yashovchi sut emizuvchilarda esa siydikning osmotik konsentratsiyasi koʻtariladi.

Umurtqali hayvonlar evolyutsiyasi va individual rivojlanishi davomida pronefros (bosh buyragi), mezonefros (tana buyragi) va metanefros (chanoq buyrak yoki ikkilamchi buyrak) deb ataladigan buyraklar ketmaket almashingan (yana q. Buyrak, Nafas, Teri).